UZB sport

Chelsea klubiga 10 million funt jarima va transfer taqiqi

“Stamford Bridge” devorlari ortidagi eski ishlar yana yuzaga chiqdi. FA “Chelsea”ga 10 million funt jarima qo‘ydi, klub esa Roman Abramovich davridagi transfer qoidabuzarliklari uchun shartli transfer taqiqi bilan ham jazolandi.

Bu zarba birdan kelgani yo‘q. Yil boshida Premer-liga ham xuddi shunga yaqin xulosa chiqargan, klub 2009–2022-yillar oralig‘ida litsenziyasiz agentlar bilan ishlagani, ayrim kelishuvlarning asl tabiatini yashirishga uringani aniqlangandi. Eng og‘ir nuqta – bu jarayonlarda klub afsonalari bo‘lgan Samuel Eto’o, Eden Hazard va Willian transferlari ham tilga tushgani.

Dastlabki instansiya komissiyasi jazoni yanada keskinroq ko‘rgan: ular “Chelsea”ga shartli ravishda olti ochko olib tashlash sanksiyasini belgilagan. Biroq klub apellyatsiya berdi va bu qaror bekor qilindi.

O‘zini o‘zi fosh qilgan klub

Qiziq jihati shundaki, bu ishlarning aksariyati yangi egalar kelganidan keyin ochildi. 2022-yilda “Stamford Bridge”da mulk almashgach, “Chelsea” o‘zi aniqlagan qoidabuzarliklarni FAga ma’lum qildi. Intizomiy hay’at klubning ochiqligi va hamkorligini alohida e’tirof etdi.

Klubning o‘zi ham rasmiy bayonotida barcha regulyatorlar bilan “ochiq va shaffof” ishlaganini, bu qaror bilan “klubka nisbatan barcha reglament bo‘yicha ishlar yakunlanganini” ma’lum qildi. “Chelsea” ayni paytda Uefa bilan ham kelishuv asosida faoliyat yuritmoqda.

FA e’lon qilgan yozma asoslarda esa Abramovich davridagi boshqaruvga nisbatan ohang keskin. Mustaqil komissiya o‘sha paytdagi amaliyotlarni “o‘yin qoidalariga nisbatan sharmandali va mag‘rur bepisandlik” deb atadi, bunday yondashuv nafaqat futbolning o‘ziga, balki “CFC” nomiga ham dog‘ tushirganini qayd etdi.

Shu bilan birga, ish bo‘yicha FAning ayrim harakatlari komissiyada “alohida xavotir” uyg‘otgani ham ta’kidlangan.

FA va Premer-ligaga tanqid

Komissiya FA bilan hamkorlikni maqtadi, lekin ikki muhim nuqtada keskin tanqid bildirdi: qoidabuzarliklarga aloqador shaxslarga nisbatan alohida ayblov qo‘yilmagani va FA o‘zi sport sanksiyasi qo‘llanmasin, degan pozitsiyada turgani.

Premer-liga ham xuddi shunday yo‘l tutdi – sport jazosi kerak emas, degan fikrni ilgari surdi. Shundan keyin “Chelsea” dastlabki qarorga apellyatsiya berdi va olti ochkolik sanksiya o‘rniga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ikki transfer oynasi davomida shartli taqiq qo‘yildi.

Komissiya avvaliga klub o‘z harakatlari orqali sport ustunligini “izlagan va qo‘lga kiritgan” degan xulosaga kelgan edi. Ammo apellyatsiya kengashi dalillarni qayta ko‘rib chiqib, amalda bunday ustunlikka erishilganini isbotlovchi yetarli asos topmadi.

Futbol moliyasi bo‘yicha ekspert, McCarthy Denning yuridik kompaniyasining sport bo‘yicha rahbari Stefan Borson bu jarayonni qisqa, lekin aniq ta’rifladi: “Chelsea” yuridik jamoasi FA va Premer-liga bilan nizosiz diplomatiya bo‘yicha haqiqiy mahorat darsini ko‘rsatdi”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto FA mustaqil hay’ati FA va “Chelsea”ning pozitsiyasiga ayrim nuqtalarda qo‘shilmaganda ham, 15 ochkolik boshlang‘ich sanksiyani olti ochkolik shartli jazogacha tushirish yo‘lini topdi. Oxir-oqibat, bu ham apellyatsiyada yo‘q qilindi va klubga Abramovich mablag‘laridan qolgan eskrou hisobidan to‘lanadigan “nisbatan arzimas” jarima qoldi.

Maxfiy to‘lovlar, yashirin sxemalar

FA va Premer-liga tekshiruvlari markazida Abramovichga tegishli offshor kompaniyalar orqali o‘tkazilgan, o‘nlab million funtlik maxfiy to‘lovlar turardi. Bu bitimlar Kiprdagi moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalardan sizib chiqqan ma’lumotlar asosida, Guardian va xalqaro hamkorlari olib borgan “Cyprus Confidential” surishtiruvi davomida fosh bo‘ldi.

Oqibatda Hazard agentiga va chempionlikka olib kelgan murabbiy Antonio Conte bilan bog‘liq shaxsga nisbatan “kitobdan tashqari” to‘lovlar bo‘lgani yuzaga chiqdi.

FA qaroriga ilova qilingan hujjatlar Abramovich davrida “Chelsea”ning transfer siyosati qanday ishlaganiga kamdan-kam uchraydigan darajada ichki nazar tashlash imkonini beradi. Masalan, 2013-yilda Willian transferi bo‘yicha klub ichidagi yozishmalar keltirilgan: braziliyalik futbolchi allaqachon London raqibi “Tottenham”ga yaqin turgan bir paytda bitim so‘nggi daqiqalarda qayrilib ketgan.

Hujjatlarga ko‘ra, “Chelsea”dagi yuqori lavozimli shaxslardan biri Willianni qo‘ldan boy berish “yaxshi emas”, uni aynan “Tottenham”ga boy berish esa “jarohat ustiga tuz sepish” bo‘lishini ta’kidlagan.

FA o‘z dalillarida shu shaxs haqida shunday deydi: u “cheksiz hamyon” bilan istalgan darajadagi yoki ulkan salohiyatga ega futbolchilarni sotib olish imkoniyatidan zavqlangandir, lekin bular ortida sport ustunligini qo‘lga kiritish niyati bo‘lmaganini aytish “ishonchimizni haddan tashqari cho‘zadi”.

Soliq organlari bilan kelishuv va jarimaning manzili

FA qarorlari yana bir yangi ma’lumotni yuzaga chiqardi: klubni Abramovichdan sotib olgan BlueCo konsorsiumi 2011-yildan beri bo‘lgan ayrim tranzaksiyalar bo‘yicha HM Revenue & Customs bilan ko‘p million funtlik kelishuvga borgan.

FA ishida bu kelishuv summasi to‘liq qoraytirilgan, ammo apellyatsiya kengashi hujjatlarida klub kamida 1,35 million funt qaytargani ko‘rinadi.

FA “Chelsea”dan undirilgan 10 million funtning barchasi bazaviy futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Shunday qilib, Abramovich davridagi yashirin sxemalar bo‘yicha so‘nggi sahifa yopilgandek. Ammo savol ochiq: bu bo‘lim nihoyat ortda qoldimi yoki “Stamford Bridge” hali ham o‘tmish soyalaridan to‘liq qutulganicha yo‘qmi?

Chelsea klubiga 10 million funt jarima va transfer taqiqi