Southampton Eckert bilan 2029-yilgacha shartnoma imzoladi

Southampton rahbariyatida shubha uchun joy qolmadi. Klub 33 yoshli bosh murabbiy Tonda Eckert bilan yangi, 2029-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Championship jamoasi shu tariqa eng bahsli yozlardan biriga nuqta qo‘ydi va nemis mutaxassisiga ochiqchasiga ishonch bildirdi.
Eckertning avvalgi kelishuvi shu mavsum oxirida tugashi kerak edi. U o‘tgan yil dekabrida vaqtinchalikdan doimiy bosh murabbiy maqomiga ko‘tarilgan, ammo yozgi tanaffus uning kelajagini keskin savol ostiga qo‘ygandi.
Sababi ma’lum: “Spygate”.
Futbol Assotsiatsiyasi tekshiruvi markazida bo‘lgan Eckert uzoq muddatli diskvalifikatsiya yoqasida turgan paytlar bo‘ldi. Agar og‘irroq jazo qo‘llanilganda, u nafaqat texnik hududdan, balki Southampton lavozimidan ham ayrilishi ehtimoli bor edi. Klubning butun loyihasi ostin-ustin bo‘lishi mumkin bo‘lgan pallada hammasi nozik chiziqda turgandi.
Oxir-oqibat qaror boshqacha bo‘ldi. FA murabbiyga shartli ravishda olti haftalik diskvalifikatsiya va 28 ming funt sterling miqdorida jarima berdi. Ya’ni real maydondan chetlatish emas, ogohlantiruvchi, lekin ishini davom ettirishga yo‘l qo‘yuvchi chora.
Aynan shu nuqtada klub ham o‘z pozitsiyasini aniq ko‘rsatdi. Yozgi tekshiruvlar, bosim va shubhalardan keyin ham Southampton Eckertni nafaqat saqlab qoldi, balki unga kelgusi besh yil uchun ham loyiha boshini ishonib topshirdi.
Bu shunchaki shartnoma emas. Bu – murabbiyga berilgan ochiq kredit ishonch.
Eckertning yoshligi ham bu qarorni alohida qiziqarli qiladi. 33 yosh – Championship darajasida bosh murabbiy uchun juda erta hisoblanadi. Shunga qaramay, klub rahbariyati uni uzoq muddatli strategiyaning markaziga qo‘ymoqda. Demak, Southampton o‘z yo‘lini tanlagan: tajribali, xavfsiz variant emas, balki energiyali, ba’zan bahsli, lekin aniq g‘oyaga ega murabbiy.
“Spygate” soyasi hali tezda unutilmaydi. Lekin endi vaziyat boshqacha: Eckert endi kelajagi muhokama qilinayotgan murabbiy emas, balki 2029-yilgacha rasmiy ravishda klub loyihasining yuziga aylangan shaxs.
Endi savol boshqacha yangraydi: bu jasoratli ishonch Southamptonni yana yuqori sahnaga qaytaradimi yoki risk haddan tashqari kattami? Javobni endi faqat natijalar beradi.
