Dylan Tombides: Qatar U-17 mundialida meros va hayotni saqlash

Qatardagi navbatdagi U-17 jahon chempionati odatdagi turnir emas. Bu safar musobaqa statistikalar, taktikalar va yangi yulduzlar bilan birga, bir futbolchining muddatidan oldin uzilgan hayoti haqida ham gapirib beryapti. 15 yil avval saraton tashxisi qo‘yilgan, 2014 yilda atigi 20 yoshida vafot etgan sobiq West Ham United hujumchisi Dylan Tombides bugun ham futbol olamida ta’sir o‘tkazyapti.
U o‘ynay olmaydi. Lekin uning hikoyasi hozir 1 200 nafar yosh futbolchiga dars bo‘lyapti.
Uchrashuvdan keyingi kurash
Dylan Tombides 2009 yilda Fifa U-17 Jahon chempionatida ishtirok etganidan ko‘p o‘tmay saratonga chalingani ma’lum bo‘lgan. Avstraliya yoshlar terma jamoasi sobiq hujumchisi keyinchalik West Ham asosiy jamoasi safida atigi bitta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Shundan keyin esa hayot uchun haqiqiy kurash boshlandi.
U vafot etgach, onasi Tracey Lee va ukasi Taylor Tombides jim o‘tirishni tanlamadi. Ular Dylan nomi bilan DT38 Foundation jamg‘armasini tashkil etishdi. Maqsad bitta: 15–44 yoshli erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan o‘smirlik va yoshlik davri saratoni – moyak saratoni haqida ogohlantirish.
Bugun bu jamg‘arma Fifa bilan hamkorlikda ishlayapti. Futbolchi bo‘lishni orzu qilayotgan har bir yigitga, eng muhim o‘yin ba’zan maydondan tashqarida bo‘lishini eslatyapti.
Tracey Lee bu hamkorlik haqida gapirar ekan, bu cho‘qqiga chiqqandek tuyg‘u ekanini aytadi. Fifa bilan bog‘lanish ular uchun nafaqat nufuz, balki dardni yengishga yordam beradigan ma’no ham beradi. Chunki har safar: “Dylan hikoyasini eslab, o‘zimni tekshirtirdim, moyak saratoni chiqqan bo‘lsa-da, vaqtida davolanishga ulgurdim, hozir sog‘man, Dylan hayotimni saqlab qoldi”, degan xabarlar keladi.
Bir oilaning fojeasi boshqalarning najotiga aylanmoqda.
Hazildan – jiddiylikka
Qatardagi turnirda ishtirok etayotgan har bir terma jamoa – jami 48 ta – DT38 Foundation va Fifa tibbiy bo‘limi tayyorlagan maxsus taqdimotni ko‘rdi. Har bir yig‘ilishda bir xil mavzu: moyak saratonining ilk belgilari, o‘zini-o‘zi tekshirish ahamiyati va Dylanning hikoyasi.
Yig‘ilishlarning boshlanishi ko‘pincha bir xil bo‘lgan. O‘smir yigitlar, do‘stlar davrasi, murabbiylar yonida “moyak” so‘zi tilga olinganda, kulgi, piching, mayin hazillar. Futbolchilar yosh, mavzu noqulay.
Lekin hikoya chuqurlashgani sari kayfiyat ham o‘zgaradi.
Fifa tibbiy direktori doktor Andrew Masseyga ko‘ra, xuddi shunday jarayon barcha 48 jamoada kuzatilgan. Tracey Lee o‘g‘lining tashxis qo‘yilishidan to og‘ir davolanishigacha bo‘lgan yo‘lni aytib bergach, zalda kulgi o‘rnini sukut, keyin esa savollar va minnatdorlik egallaydi.
Kechikkan tashxis narxi
Dylanning hikoyasi futbolchining maydondagi qarorlaridan emas, shifokor tanlovidan boshlanadi. 2011 yil. West Ham tushish xavfi bilan kurashayotgan pallada u klub shifokorlariga ortiqcha tashvish yuklamaslikni xohlaydi. O‘sha paytda hali o‘smir, ammo professionaldek o‘ylaydi: jamoa avval, o‘zi keyin.
Shu bois u oddiy mahalla shifokoriga – GP qabuliga boradi. U yerda esa unga: “Xavotir olma, bu shunchaki kista, odamlar butun umr kista bilan yashaydi”, deyishadi.
Dylan mavsumni West Ham bilan yakunlaydi, so‘ng Avstraliyaga uchib, terma jamoadagi jamoadoshlari safiga qo‘shiladi, mashg‘ulotlar, tayyorgarlik, keyin esa Meksikoga safar – U-17 Jahon chempionati.
Aynan Meksikoda vaziyat keskin buriladi. U tasodifiy dopинг nazoratiga tushadi. Natija esa kutilmagan: taqiqlangan modda yoki o‘smaga ishora.
Shundan keyin nihoyat to‘g‘ri tashxis qo‘yiladi – moyak saratoni. Jarrohlik amaliyoti, moyakni olib tashlash, uch yil davom etgan og‘ir kimyoterapiya. Har bir davolash bosqichi – navbatdagi final, navbatdagi penalti seriyasi kabi.
Tracey Lee o‘g‘li bilan o‘sha eng og‘ir suhbatlardan birini eslaydi: shifokorlar keyingi davolash usuli atigi 10 foiz imkoniyat berishini aytgan payt. Bu raqam futbol statistikasi emas. Bu – umidning oxirgi bo‘lagi.
Natija hammaga ma’lum. Dylan bu kurashdan omon chiqmadi. Lekin uning hikoyasi endi boshqalarga imkoniyat berayapti.
Yig‘ilish yakunida – qo‘l siqishlar va quchoq
Tracey Lee hikoyasini tinglaganlar orasida nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar shtabi, tibbiy xodimlar ham bor. Uchrashuvlardan keyin ko‘pincha bir xil manzara takrorlanadi: dastlabki hazil-mutoyiba o‘rnini jiddiy yuzlar, keyin esa samimiy muloqot egallaydi.
Yosh futbolchilar, masalan, Jamaica yoshlar terma jamoasi a’zolari, onaga yaqin kelib, yo‘qotish uchun uzr so‘rashadi. Fransiya terma jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuv esa quchoqlashlar va qo‘l siqishlar bilan yakunlanadi. O‘smirlar uchun bu mavzu noqulay bo‘lishi mumkin, lekin aynan o‘sha noqulay savollar kelajakda ularning hayotini saqlab qolishi mumkin.
Bugun Qatar maydonlarida ko‘zlar ko‘proq iqtidor, pressing va gollarni kuzatadi. Ammo kiyinish xonalarida, ma’ruza zallarida boshqa bir o‘yin ketmoqda: vaqtida tekshirtirish, o‘z tanasini bilish, o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarash o‘yini.
Dylan Tombides bu turnirda gol ura olmaydi. Lekin uning nomi har bir taqdimotda yangrayapti. Va savol ochiq qoladi: yana nechta yosh futbolchi aynan shu hikoya tufayli vaqtida shifokorga boradi va o‘zining eng katta g‘alabasini – hayot uchun kurashni – yutib chiqadi?
