Hürzelerning qasos kuni: Brighton Arsenalni 3:0 yutdi
Mart oyi boshidagi o‘sha matbuot anjumasi hali ham quloqlarda jaranglaydi. Fabian Hürzeler yuzida hafsalasi pir bo‘lgan, ammo ovozida ishonch bor edi: “Bugun faqat bitta jamoa futbol o‘ynashga urindi”. O‘shanda “Arsenal”ga 0:1 hisobida yutqazgan, lekin deyarli hamma ko‘rsatkichlarda ustun bo‘lgan Brighton haqida gapirayotgandi u.
To‘p nazorati, pressing, vaziyatlar — hammasi Brighton tomonda. Hisob esa – Saka’ning bir lahzalik dahosi va Bart Verbruggenning qo‘pol xatosi tufayli 0:1. Statistikada ustunlik, tablo’da mag‘lubiyat. Hürzeler o‘sha kuni nafaqat o‘yinni tahlil qildi, balki Mikel Arteta va uning “Arsenal”i qanday futbolni tanlayotgani, qanchalik pragmatik yondashayotgani haqida ochiqchasiga gapirdi.
“Men hech qachon shunday g‘alaba qozonishga urinadigan murabbiy bo‘lmayman”, degandi u. “Agar ular chempion bo‘lishsa, hech kim qanday o‘ynashganini so‘ramaydi. Ular g‘alaba uchun hamma narsani qilishayotganini his qilasiz. Lekin shu o‘yindan rostdan zavq oldingizmi, desam, balki bir-ikki nafar ashaddiy Arsenal muxlisi qo‘l ko‘tarar, xolos”.
O‘sha paytdayoq bir narsa ko‘rinib turgandi: Brighton sekin-asta, lekin qat’iy ravishda murabbiyining qiyofasiga kirib borayotgandi.
Zaif orqa chiziqdan taktik darslikkacha
33 yoshli nemis mutaxassisi 2024-yil yozida Brighton & Hove Albion boshiga keldi. Klub rahbariyati unga besh yillik shartnoma berdi — bu ishonch, shu bilan birga sabr talab qiladigan loyiha ekanini yashirmasdan. Dastlabki oylar og‘ir o‘tdi. Orqa chiziq — aniq “Axilles tovoni”. Texnik jihatdan kuchli raqiblar Brightonni bir necha bor qattiq jazoladi.
Vaqt o‘tishi bilan muvozanat paydo bo‘ldi. Hujumdagi jasorat bilan himoyadagi intizom orasidagi nozik chiziqni Hürzeler asta-sekin topdi. Va o‘tgan hafta oxiri, taqdir o‘yinini aynan “Arsenal”ga qarshi yozib qo‘ygandek bo‘ldi.
Falmer Stadium’da liga peshqadami, shu paytgacha mag‘lubiyat nimaligini bilmagan “Arsenal” 3:0 hisobida yer tishladi. Bu shunchaki yirik hisob emasdi. Bu – taktik ma’noda toza darslik, Hürzeler falsafasining deyarli ideal namoyishi edi.
Bo‘g‘uvchi pressing va Raya uchun yopiq yo‘llar
Start hushtagi chalinishi bilan Brighton raqibni o‘z jarima maydonigacha siqib bordi. Londonliklar o‘zlariga xos bo‘lgan to‘p nazorati, ritmni boshqarish, sokin qurilish – hech birini yo‘lga qo‘ya olmadi. “Seagulls” hujumchilari “Arsenal” himoyachilarini ba’zan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z jarima maydonida qarshi oldi.
Oddiy uzatish yo‘llari yopildi. To‘pni olgan futbolchi darhol son jihatidan ustun bo‘lgan Brighton o‘yinchilari halqasida qoldi. Oxir-oqibat yagona variant – oldinga umidsiz uzun paslar bo‘lib qoldi. Ular esa, rejalashtirilgan pressing tuzog‘iga tushgan holda, tezda qaytarib olindi.
Buning eng yaqqol qurboni – David Raya. Dastlabki 15 daqiqada uning yettita uzatmasidan uchtasi manziliga yetmadi. Sabab oddiy: Brighton ispaniyalik darvozabonni doimiy bosim ostida ushlab turdi, markazni haddan tashqari yukladi, natijada Raya ko‘pincha faqat yon chiziqdagi Jurrien Timber yoki Riccardo Calafiori tomon xavfli burchak ostida pas berishga yoki markaziy doira tomonga nazoratsiz to‘p oshirishga majbur bo‘ldi.
Natija? “Arsenal”ning so‘nggi uchinchi zonasida – raqib darvozasi yaqinida – Brighton tomonidan 9 marotaba to‘pni qayta egallash. Bu ko‘rsatkich “Arsenal” raqiblari orasida 2023-yil dekabrida “Liverpool” qayd etgan natijaga teng. Joriy mavsumda Brighton allaqachon raqib maydonining uchinchi zonasida 35 marta pressing orqali to‘pni qaytarib olgan. Bu borada ikkinchi o‘rindagi “Everton”dan sakkizta ko‘p.
Hürzeler buni tasodif deb qabul qilmaydi. “Hal qiluvchi narsa – har bir futbolchi to‘qnashuvga kirar ekan, ortida sherigi borligiga ishonishidir”, dedi u. “Kimdir mag‘lub bo‘lsa, keyingisi darhol yonida paydo bo‘ladi. Savol bitta: maydonda bir-biringizga tayanishingiz mumkinmi? Bir-biringizga ishonasizmi? Standart vaziyatlarda hamma o‘z rolini aniq biladimi? Har lahza, har epizodda hushyor va to‘liq o‘yindamisiz?”
Bu savollarga Brighton futbolchilari hozircha maydonda juda aniq javob berib turibdi.
Eng yaxshi hujum, mustahkam himoya
“Arsenal” ustidan 3:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng Brighton liga tarixidagi eng yorqin startlardan birini yozib qo‘ydi. Besh turda – 16 ta gol. Premier League tarixida faqat 2022/23-yilgi “Manchester City” shu bosqichda ko‘proq – 19 gol urgan xolos.
Orqa chiziqda ham o‘sish ravshan. Sakkizta rasmiy uchrashuvda beshta “quruq” o‘yin. O‘tgan mavsumda shuncha “clean sheet” uchun ikki baravar ko‘p o‘yin kerak bo‘lgandi. “Eng muhimi – orqada gol kiritib yubormaslik”, deydi Hürzeler. Hujumkor falsafaga ega murabbiydan kutilmagan, ammo aynan shu muvozanat Brighton’ni bugun xavfli jamoaga aylantirmoqda.
Arteta ham buni tan olishga majbur bo‘ldi. U “birinchi avtodan boshlab” Brighton pressingining keskinligini his qilganini aytdi. “O‘z maydonimizda texnik xatolar ko‘p bo‘ldi; birga-bir vaziyatlardan chiqish uchun zarur bo‘lgan o‘yin prinsiplari umuman bajarilmadi. Biz doimiy ravishda himoyalandik”, dedi ispaniyalik murabbiy.
Hürzelerning odamlar tanlovi: uzun to‘pga Chema, ikkinchi bahor uchun Groß
So‘nggi transfer oynalarida Hürzeler asta-sekin o‘z futboli uchun ideal profilga ega jamoani yig‘di. Oxirgi muddat oldidan VfB Stuttgart’dan olib kelingan Chema Andres – raqib himoyasidan uchirilgan uzun to‘plarni tezda qaytarib olish uchun aynan kerak bo‘lgan tip.
U deyarli ikki metr bo‘yli, kuchli, havoda yutadi, yerda ham tez. Pressing old chizig‘ida ish bermasa, qarshi hujumlar uchun orqaga yetib keladigan tezlikka ega. Yozda Tottenham Hotspur’dan 55 million yevroga kelgan, avval Hamburg safida ham bo‘lgan Luka Vuskovic esa qisqa fursatda birinchi raqamli markaziy himoyachiga aylandi.
Yana bir markaziy figura – Pascal Groß. Sobiq Germaniya terma jamoasi a’zosi, o‘tgan qishda Borussia Dortmundda zaxiraga tushib qolganidan keyin janubiy sohilga yo‘l olgan. Endi esa 35 yoshida Brighton’da ikkinchi bahorini boshdan kechirmoqda. Eng hayratlanarlisi – besh turdan so‘ng u Premier League to‘purarlari poygasida Erling Haaland, Florian Wirtz kabi yulduzlardan oldinda turibdi: 3 gol, 4 golli uzatma.
“Arsenal”ga qarshi 3:0 hisobidagi o‘yinda ham aynan Groß hisobni ochdi (31-daqiqa), so‘ng Chema uchun uchinchi golga uzatma berdi (57-daqiqa). O‘yin ritmini his qilish, bo‘sh zonalarni topish, pressingdan keyingi birinchi pas – bularning bari aynan uning ixtisosligi.
Groß o‘zining hozirgi formasini “kicker” bilan suhbatda shunday izohladi: u o‘zini juda yaxshi, qulay his qilayotgani, jismoniy tayyorgarlik, tajriba va Fabian Hürzeler bilan ishlash uyg‘unligi natija berayotganini aytdi. Eng muhimi – murabbiy uni kuchli jihatlari to‘liq namoyon bo‘ladigan rolda ishlatayotgani.
Uchinchi zonasida erkinlik, hujumda ko‘proq talqin qilish imkoniyati – Groß aynan shundan foyda ko‘rayapti. Hürzeler o‘z futbolchisini bitta jumla bilan ta’rifladi: “U yaxshi sharobga o‘xshaydi. Qanchalik yoshi ulg‘aysa, shunchalik yaxshilanadi”.
Murabbiy uchun Großning statistikaga kirmaydigan jihatlari ham muhim: mashg‘ulotlarda, kiyinish xonasida, turli millat va mentalitetdagi futbolchilar orasida ijtimoiy bog‘lovchi bo‘lib turishi. Brighton tarkibida millat va xarakterlar rang-barang, Groß esa shu murakkab dinamikani sezib, boshqarib turadigan noyob futbolchi.
Mojarodan hurmatgacha: Arteta qo‘l uzatadi
Brighton uchun uchinchi g‘alaba, turnir jadvalida uchinchi pog‘ona, liga eng yaxshi hujumi, mustahkam himoya. Bu safar Hürzeler matbuot anjumaniga o‘sha mart oyidagi kabi o‘tli nutq bilan chiqishni lozim topmadi. Bunga hojat ham yo‘q edi. “Arsenal” uning rejasi qo‘liga o‘ynadi, 90 daqiqa davomida Brighton pressingiga deyarli javob topa olmadi.
Endi navbat Arteta so‘ziga kelgandi. U o‘sha “mojaro”ga chizgi tortdi. Avvalgi uchrashuvdan keyin Hürzeler so‘zlarini istehzo bilan qarshi olgan, hatto biroz masxara qilgandi. Bu safar esa ohang butunlay boshqacha edi – faqat maqtov va e’tirof.
“Ishim – fikrimni aytish, klubimni himoya qilish va futbolchilarimdan maksimalini olish. Bo‘lib o‘tgan gaplar ortda qoldi. O‘tmishda. Men Fabian va uning erishgan natijalariga juda katta hurmat bilan qarayman. Brighton klub sifatida uning qo‘l ostida qilayotgan ishlari – haqiqatan ham e’tiborga loyiq”, dedi Arteta.
Bir necha oy oldin “futbolni kim o‘ynadi?” degan savol atrofida qizigan bahs bugun boshqa ohangda davom etmoqda. Endi savol boshqacha: agar Brighton shu ritmni ushlab tursa, bu jamoa mavsum yakunida qayerda bo‘lishi mumkin?






