UZB sport

Yozgi bozor qiziyapti: London klublari rekordlarni sindiryapti

Dunyo e’tibori hali ham Jahon chempionatida bo‘lsa-da, yozgi transfer oynasi Angliya grandlari uchun to‘xtamayapti. London klublari, ayniqsa, gazni bosdi: Tottenham rekordlarni yangilayapti, Arsenal esa raqiblar sardorlariga ko‘z olaytirgan.

Tottenham: ketma-ket ikki rekord va hali yakun emas

Tottenham Hotspur bir necha kun ichida bozor markaziga aylandi. Klub avval Sandro Tonali uchun qariyb 100 million funtlik kelishuvni yakunlab, Newcastle o‘rtamaydoni bilan kelishdi. Bu allaqachon klub tarixidagi eng yirik transfer edi.

Ammo bu rekord uzoq yashamadi. Endi rasmiy: Spurs 85 million funt evaziga West Ham’dan Mateus Fernandesni olib keldi va yana klub rekordini yangiladi. 21 yoshli yarim himoyachi bilan olti yillik shartnoma imzolandi. Roberto De Zerbi uni uzoqdan kuzatib kelgani, to‘p bilan sifati va intensivligi tufayli aynan o‘z tizimiga mos o‘yinchi deb bilishini ochiq aytdi. Fernandes esa murabbiy bilan ilk suhbatdayoq o‘zini bu loyihaning bir qismi sifatida ko‘rganini ta’kidladi.

Tottenhamning apperti esa shu bilan to‘xtagani yo‘q. Klub Bournemouth hujumchisi Eli Junior Kroupi uchun 80 million funtdan ortiq narxni muhokama qilmoqda. 20 yoshli hujumchi uchun Arsenal va Paris Saint-Germain ham navbatda turibdi, ammo De Zerbi barcha asosiy kelishuvlarni kelasi hafta boshlanadigan yig‘inga qadar yopmoqchi.

Shuningdek, Spurs kuzatuv daftarida AC Milan yulduzi Rafael Leao va Manchester City futbolchisi Savinho ham bor. London klubi o‘rtacha kuchli jamoa emas, bir yo‘la chempionlik poygasiga aralashadigan tarkib yig‘ayotganini yashirmayapti.

Arsenal: Guimaraes va Barcola bilan katta o‘yin

Arsenal esa bozorda ancha nozik, ammo xavfli yurishlar qilmoqda. Klub Newcastle sardori Bruno Guimaraes bo‘yicha ishni boshlab bo‘ldi. London jamoasi braziliyalik yarim himoyachining vakillari bilan dastlabki suhbatlarni o‘tkazdi, vaziyatni o‘rgandi va taxminan 55 million funtlik norasmiy taklifni yetkazdi.

Newcastle bu yondashuvni rad etdi. Biroq shimolliklar ichkarida xavotir kuchaygan: xabarlarga ko‘ra, Arsenalning jiddiy qiziqishi Guimaraesning “boshini aylantirgan”. Rasmiy taklif bo‘lmagan bo‘lsa ham, o‘yinchining kelajagi endi ochiq savolga aylangan.

Kanonirlar qanotga ham katta sarmoya kiritishga tayyor. Paris Saint-Germain hujumchisi Bradley Barcola yozgi asosiy nishonlardan biri. Dastlab PSG uni sotish fikridan yiroq edi, lekin hozir klub ichida pozitsiya yumshagani aytilmoqda. Barcola yangi shartnomani imzolashga shoshmayapti, ko‘proq o‘yin amaliyoti xohlaydi. Shu fon’da parijliklar “to‘g‘ri narx” bo‘lsa, muzokaraga tayyor bo‘lishi mumkin.

Yevropa bozoridagi real mezon ham aniq: xabarlarga ko‘ra, Manchester City Elliot Anderson uchun to‘lagan 116 million funtdan yuqori takliflar ko‘rib chiqilishi mumkin. Arsenal esa Barcolani Fransiyaning Shvetsiyaga qarshi 3:0 hisobidagi o‘yinida jonli kuzatib, u yerda u Les Bleus tarkibida ikkinchi golni urganini qayd etdi.

Arsenal ro‘yxatida Morgan Rogers va Christos Tzolis ham yuqorida turibdi. Londonliklar chempionlikdan keyin tarkibni yanada chuqurlashtirishga qat’iy kirishgan.

Trossard eshigi: Turkiyaga yo‘l ochiq, qaror esa o‘yinchida

Bu orada Leandro Trossard uchun London bo‘limi yopilishi mumkin. Arsenal uni ortiqcha futbolchi sifatida ko‘rmoqda va turk klubi Besiktas 17 million funtlik taklif bilan chiqdi. Klub bunga rozi bo‘ldi.

Endi so‘z belgiyalikning o‘zida. U 2023 yilda Brighton’dan 20,6 million funtga kelgan, barcha musobaqalarda 174 o‘yinda 36 gol va 34 golli uzatma bilan o‘z hissasini qo‘shgan. Hozirda u Jahon chempionatida Belgiya safida, uch o‘yinda ikki gol urgan, bugun esa Senegalga qarshi 1/16 final bahsiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U kelajagini Turkiyada ko‘radimi yoki yuqori darajadagi Yevropa sahnasida qolishni xohlaydimi – yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi.

Manchester United: Fernandes va Tonalisiz yangi reja

Manchester United yoz boshidagi ikki asosiy nishonidan ayrildi. Mateus Fernandes Tottenhamni tanladi, Sandro Tonali ham Spurs bilan yakuniy bosqichda. Endi Old Trafforddagi rejalar o‘zgardi.

Michael Carrick va INEOS sport bloklari tezda yangi ro‘yxat tuzdi. Markazda Bournemouth futbolchisi Alex Scott birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Unga qo‘shimcha ravishda Borussia Dortmund yarim himoyachisi Felix Nmecha va Real Madrid yulduzi Aurelien Tchouameni ham radar ostida. Brighton vakili Carlos Baleba va Fulham o‘yinchisi Sander Berge ham variant sifatida ko‘rilmoqda.

Scott bo‘yicha asosiy muammo – narx va klub pozitsiyasi. Bournemouth uni sotishni istamayapti, aksincha, 2028 yilgacha amal qiladigan shartnomasini uzaytirish niyatida. Ichki baholashga ko‘ra, u 80 million funt atrofida qadrlanmoqda. United esa Chempionlar ligasiga qaytish arafasida o‘rta chiziqqa sifatli va yosh qo‘shimcha izlashdan to‘xtamaydi.

Barcelona va Saliba: rekord talab qiladigan ish

Kataloniyada ham katta reja pishmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Barcelona Arsenal markaziy himoyachisi William Saliba’ni asosiy transfer nishonlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Fransiyalik markaziy himoyachi London klubida eng muhim figuralardan biriga aylangan, shuning uchun bu ish oson bo‘lmaydi.

Arsenal ichkarida faqat bitta shartni ko‘rmoqda: agar taklif 130 million funt atrofida bo‘lsa, gaplashish mumkin. Bu esa himoyachi uchun dunyo rekordiga teng summa bo‘lishi mumkin. Barcelona moliyaviy cheklovlar fonida bunday bitimni qanday amalga oshirishi – alohida savol, ammo Saliba bozorning eng qimmat aktivlaridan biriga aylangani aniq.

Nottingham Forest: kutilmagan burilish va Glasner uchun eshik

Nottingham Forest esa yozni mutlaqo kutilmagan qaror bilan boshladi. Vitor Pereira fevral oyida 18 oylik shartnoma imzolagan, jamoani Premyer-ligada olib qolgan va hatto Yevropa ligasi yarim finaliga chiqargan edi. Shunga qaramay, klub iyun oyidagi shartnoma bandidan foydalandi.

Pereira o‘zi aytganidek, qaror “to‘liq kutilmagan va hech qanday ogohlantirishsiz” qabul qilingan. U klubga minnatdorchilik bildirdi, lekin qurilayotgan loyihaga ishonganini, qo‘lga kiritilgan natijalar bilan faxrlanishini ham yashirmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Forest rahbariyati band muddati tugashidan atigi ikki daqiqa oldin yo‘nalishni o‘zgartirishga qaror qilgan.

Endi klub sobiq Crystal Palace bosh murabbiyi Oliver Glasnerni tayinlash arafasida. Forest Yevropa sahnasiga chiqib bo‘lgan, tarkibi shakllangan jamoa. Glasner uchun bu yangi sakrash maydonchasi bo‘lishi yoki xavfli tajriba – bunga faqat mavsum javob beradi.

Juventusning Brobbey rejasi

Italiyada esa Juventus hujum chizig‘ini yangilash yo‘lida. Klub Sunderland hujumchisi Brian Brobbey’ni ko‘rib chiqmoqda. 24 yoshli futbolchi Niderlandiya bilan Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatib, skautlar daftariga qalin yozildi.

Aslida, Juve uchun birinchi variant – Paris Saint-Germain futbolchisi Randal Kolo Muani. Ammo u o‘tgan mavsumni Tottenhamda omadsiz ijarada o‘tkazdi va hozir Parijda ortiqcha o‘yinchi sifatida ko‘rilmoqda. Kolo Muani avval ham Turin klubida ijarada to‘p surgan, lekin agar bu yo‘l yana yopilsa, Juventus Brobbeyga jiddiy o‘tishi mumkin.

Bozor endi ochildi, lekin allaqachon 100 millionlik kelishuvlar, rekord narxlar va murabbiylar almashinuvi sahnaga chiqdi. Savol bitta: bu jasur yurishlar kimni chempionlikka yaqinlashtiradi, kimni esa qimmat, lekin xatoli tajriba sifatida tarixga yozib qo‘yadi?