Los Angeles Lakers savdo bozorida Keegan Murrayni olishni rejalashtirmoqda

Los Angeles Lakers uchun savdo bozorida vaziyat juda sodda: markaz chizig‘i yupqa, lekin klubning ko‘zi baribir bo‘shliqni yopadigan “3-and-D” qanotda. Rebound olib bera oladigan, perimetrni yopib qo‘yadigan, shu bilan birga uchlik ham ura oladigan o‘yinchi. Shunday paytda Sacramento Kings tarkibidagi Keegan Murray nomi sahnaga chiqdi.
Loyiha shunday ko‘rinishda:
Lakers oladi: Keegan Murray
Kings oladi: Jarred Vanderbilt, Jake LaRavia
Qog‘ozda bu oddiy almashinuvdek tuyulishi mumkin. Lekin uning ichida ham moliyaviy, ham sport jihatidan katta hikoya yotibdi.
Lakers: xavf, lekin zarur xavf
Lakers markaz chizig‘ida Walker Kessler ortiga munosib zaxira topa olmadi, Kevon Looney kutilgan darajada ishlamadi. Shunga qaramay, klub ichkaridagi manbalarga ko‘ra, asosiy e’tibor aynan kuchli ribaundchi qanotga qaratilgan. Jovan Buha ma’lumotiga ko‘ra, jamoa liga bo‘yicha ribaund bo‘yicha 26-o‘rinda turibdi – bu LeBron James atrofida chempionlikni maqsad qilgan klub uchun juda past ko‘rsatkich.
Keegan Murray bu bo‘shliqni to‘ldira oladigan nomzod. Sacramento safida besh mavsum davomida o‘rtacha 5,5 ta ribaund, 2024–25-yilgi uchinchi mavsumida esa 6,7 taga chiqqan. Qanot o‘yinchisi uchun bu jiddiy raqam.
Moliyaviy tomoni ham Lakers foydasiga ishlaydi. Murrayning 24,1 million dollarlik maoshi qabul qilingach ham, Los Angeles birinchi apron chegarasidan 2,41 million pastda qoladi. Eng muhimi – bu bitimda draft tanlovlaridan voz kechishga to‘g‘ri kelmaydi. Uzoq muddatli yirik shartnomani olayotgan bo‘lsalar-da, Jarred Vanderbiltning noxush kontraktidan qutulishadi.
Parketdagi manzara-chi?
Bo‘yi 6 fut 8 dyuym bo‘lgan Murray prototip “3-and-D” qanot uchun kerak bo‘lgan deyarli hamma narsaga ega. Karyerasi davomida o‘rtacha 2,2 ta uchlik kiritgan. Uning 36 foizlik uchlik aniqligi ko‘zga tashlanadigan darajada super emas, lekin kontekst muhim: Sacramento ko‘pincha toraygan maydon, yetarli perimetr tahdidi bo‘lmagan sxemada o‘ynadi, Murray ko‘p hollarda qattiq nazorat ostida zarba tashladi.
Los Angelesda vaziyat butunlay boshqacha bo‘ladi. Luka Doncic va Austin Reaves bilan bir maydonda bo‘lish – demak, himoyachilarni o‘ziga tortadigan ikki yuqori darajadagi yaratuvchi yonida o‘ynash. Bu esa Murray uchun bo‘sh uchliklar, ritmga kirish, o‘zini qayta ochish imkoniyati.
Albatta, bu xavf-xatarsiz emas. Murray besh yilga mo‘ljallangan, 140 million dollarlik yirik uzaytirishning ilk yilida. 26 yoshli, hali to‘liq ochilmagan potensialga ega o‘yinchiga shuncha pul tikish – bu qaror yoki Lakersni yuqoriga olib chiqadi, yoki keyingi yillarda salary capni bo‘g‘ib qo‘yadi. Lekin hozirgi Lakers uchun xavfga bormaslikning o‘zi eng katta xavf bo‘lishi mumkin.
Kings: yangi davr, yangi markaziy figura
Sacramento tomoni uchun bu savdo boshqa ohangda yangraydi. Keegan Murray – bir vaqtlar 4-raqam ostida draft qilingan, klub kelajagi sifatida ko‘rilgan o‘yinchi. Ammo besh mavsum ichida u kutilgan sakrashni amalga oshira olmadi.
Uchlik bo‘yicha elit snayper bo‘lishi kerak edi. Amalda esa o‘tgan mavsumda 27 foizdan, yangi mavsum startida esa 25 foizdan ham past ko‘rsatkich qayd etdi. Karyera bo‘yicha o‘rtacha 2,2 ta uchlik urayotgan bo‘lsa-da, umumiy samaradorlik barqaror o‘sish o‘rniga joyida qolib ketdi.
Shu fon’da klubda yangi yulduz paydo bo‘ldi – Darius Acuff Jr. Endi qurilish markazi aynan shu yosh yulduz atrofida bo‘lishi kerak degan fikr kuchaymoqda. Murrayga berilgan vaqt, rol va to‘p endi Acuff atrofida qayta taqsimlanishi mantiqan ko‘rinadi.
Moliyaviy bosim ham o‘z so‘zini aytmoqda. Domantas Sabonis, Malik Monk, De’Andre Hunter, Zach LaVine kabi yirik kontraktlar allaqachon payrollni siqib qo‘ygan. Murrayning uzoq muddatli shartnomasidan chiqish – bu Kings front-ofisi uchun nafas olish imkoniyati, kelajakdagi moslashuvchanlikni qaytarib olish yo‘li.
Jarred Vanderbilt va Jake LaRavia bu bitimda asosan ro‘yxatni to‘ldiradigan, rotatsiyani chuqurlashtiradigan figuralar sifatida ko‘rinadi. Ular yulduz emas, lekin himoyaviy intensivlik, energiya, pozitsion moslashuvchanlik keltirishi mumkin. Eng katta yutuq esa baribir salary cap bo‘shashi bo‘ladi.
Savdo markazi: kim ko‘proq yutadi?
Bu taklif qog‘ozda oddiy “qonotga qanot” almashinuvi emas. Lakers uchun bu – himoya, ribaund va perimetrdan zarba bilan LeBron va Doncic atrofidagi chempionlik oynasini yana bir necha yilga cho‘zishga urinish. Kings uchun esa – yangi davrni toza moliyaviy sahifadan boshlash, Darius Acuff Jr. atrofida moslashuvchan, tezkor va moliyaviy jihatdan yengil jamoa qurish harakati.
Savol shunda: Keegan Murray nihoyat o‘zidan kutilgan darajaga chiqadimi yoki Sacramento uni aynan burilish nuqtasida qo‘yib yuboradimi?
Javob esa, agar bu savdo amalga oshsa, Los Angelesda yoziladi.
