Tottenham Osimhen uchun yo‘l bo‘shatish shartlari
“Tottenham Hotspur” nihoyat Victor Osimhen bilan ishlash imkoniyatiga yaqinlashmoqda. Ammo bu eshik faqat bitta shart bilan ochiladi: Dominic Solanke yoki Richarlison bilan xayrlashish.
London klubi yangi mavsum oldidan aniq “to‘qqiz” izlayotgani sir emas. Harry Kane ketganidan beri jamoa old chiziqda haqiqiy tayanch topa olmadi, shuning uchun Nigeriya terma jamoasi hujumchisi bozorning eng jozibali variantlaridan biri sifatida ko‘rinadi. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, “Spurs”ga Osimhenni qo‘lga kiritish imkoniyati taklif etilgan, ammo klub hali rasmiy qadam tashlashga shoshilmayapti.
Bu ikkilanishning sababi aniq: pul va balans.
Osimhen transfer narxidan tashqari, uning haftasiga soliqlardan keyin 288 ming yevro maosh olishi kutilmoqda. Bu raqam uni “Tottenham” tarixidagi eng yuqori maosh oluvchi futbolchiga aylantiradi. Shuning uchun klub nafaqat tarkibda, balki ish haqi vedomostida ham joy bo‘shatishi kerak bo‘ladi. Variantlar esa ikkita: Solanke yoki Richarlison chiqib ketishi.
Nigeriyalik hujumchi 2024-yilda “Napoli”dan “Galatasaray”ga yo‘l olganidan beri Yevropaning eng sermahsul forvardlaridan biri maqomini saqlab kelmoqda. Avvaliga ijarada, so‘ngra to‘liq transfer orqali Istanbul klubiga o‘tgan Osimhen Turkiya chempionlari safida darvoza tomon yo‘lni yana topa boshladi. O‘tgan mavsumda u Super Ligda atigi 19 o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan bo‘lsa-da, 15 ta gol va 5 ta golli uzatma bilan yakun qildi. Bunday samaradorlik uni hali ham Yevropaning yirik klublari radarida ushlab turibdi.
Eng muhim nuqta shundaki, Osimhen o‘zining eng yaxshi yillarida Premyer ligada o‘ynash orzusini yashirmayapti. Bu istak “Tottenham” uchun kuchli trump karta bo‘lishi mumkin. London, yuqori sur’at, katta sahna – hujumchi aynan shunday sinovlarni xohlaydi.
Ammo orzu bilan hisob-kitob har doim ham bir yoqqa tushavermaydi. “Spurs” uchun bu transfer moliyaviy jihatdan murakkab operatsiyaga aylanadi. Klub tarkibida allaqachon markaziy hujumchi sifatida ko‘rilayotgan Solanke bor, Richarlison esa hali ham katta maosh oluvchi futbolchilardan biri. Ularning birini sotmasdan turib, Osimhen uchun joy topish deyarli imkonsiz.
Savol endi bitta: kim qurbon bo‘ladi?
Solanke – yangi loyiha timsoli, Premyer ligada o‘zini ko‘rsatishga ulgurayotgan, tizimga mos hujumchi. Richarlison – tajribali, lekin jarohatlar va beqaror forma tufayli ko‘p savollar tug‘dirayotgan futbolchi. Ikkisidan birini chiqarib yuborish – bu nafaqat transfer, balki klubning hujum falsafasini qayta chizish degani.
Osimhen esa kutmaydi. Uning bozordagi nufuzi yuqori, takliflar yetarli. Premyer ligaga bo‘lgan ishtiyoqi “Tottenham”ga ustunlik berishi mumkin, lekin bu ustunlik uzoq davom etmasligi aniq. London klubi vaqtni cho‘zsa, boshqa yirik jamoalar sahnaga chiqishi hech gap emas.
Shu paytda “Tottenham” rahbariyati oldida aniq tanlov turibdi: xavf qilib, yuqori maoshli, lekin tayyor superhujumchi uchun borini tikishmi yoki mavjud tarkib bilan yo‘lni davom ettirishmi?
Yozgi bozor bu savolga javob beradi. Savol shundaki, “Spurs” Osimhen uchun zarur qurbonlikni qilishga jur’at topadimi?






