Camara F1ga o'tdi, F2 taxti uchun kurash davom etmoqda

Formula 2 mavsumiga nuqta qo‘yish arafasida poygachilik bozorini larzaga keltirgan qaror qabul qilindi: chempionat yetakchisi Rafael Camara qolgan ikki bosqichni emas, Haas F1 bilan Formula 1 taqvimini tanladi. Qatar va Abu Dhabi bosqichlarida u endi F2 mashinasiga emas, F1 kokpitiga o‘tiradi.
Natija aniq: F2 chempionligi uchun kurash yo‘nalishi butkul o‘zgardi. Endi favorit — Nikola Tsolov.
Haas uchun F1, F2 uchun esa bo‘sh tron
Camara allaqachon Sao Paulo Grand Prix bosqichida Haas tarkibida debyut qilgan, so‘ngra Las Vegas shohko‘chasida ham jamoa ranglarini himoya qilgan edi. Endi Haas uni Qatar va Abu Dhabi bosqichlari uchun ham tasdiqladi.
Bu esa bitta narsani anglatadi: Camara F2 mavsumini to‘liq yakunlamaydi. Uning o‘rnini Audi dasturidagi yosh iste’dod Freddie Slater egallaydi. U bu yil Formula 3 chempionatida ikkinchi o‘rinni olgan, endi esa birdaniga F2 sahnasiga ko‘tarilmoqda.
Chempionlik poygasi esa ikki nom atrofida torayib qoldi.
7 ochko, 2 bosqich, 1 chempion
Hisob-kitob oddiy, bosim esa ulkan. So‘nggi ikki bosqich oldidan Camara 207 ochko bilan jadval tepasida turibdi. Ammo u endi bu raqamni oshira olmaydi.
Nikola Tsolov 200 ochko bilan ikkinchi pog‘onada. Madridda og‘ir hafta, Ozarbayjondagi asosiy poygada esa marraga yetolmaslik — bolgariyalik haydovchini qimmatga tushgan lahzalar bo‘ldi. Shunga qaramay, u baribir chempionlik uchun kurashda qolmoqda va endi raqibi trassada emas, F1 paddokida bo‘ladi.
Uchinchi o‘rinda — Alex Dunne. So‘nggi bosqichlardagi kuchli chiqishlar uni birdaniga yuqoriga ko‘tardi, biroq u Tsolovdan 11 ochkoga ortda. Real ssenariy shuni ko‘rsatadiki, kubok taqdiri asosan Tsolov va Camara nomlari orasida hal bo‘ladi, lekin irlandiyalik yosh haydovchini ham chetga surib bo‘lmaydi.
Red Bull allaqachon qaror qilgan
Tsolovning kelajagi bo‘yicha savollar esa deyarli qolmadi. Red Bull tizimi uni allaqachon keyingi bosqichga tayyorlayapti.
Kelasi yilda Racing Bulls tarkibida Liam Lawson va Arvid Lindblad saqlab qolinadi. Tsolov esa Red Bull uchun zaxira haydovchi bo‘ladi. Bu rol ko‘pincha kelajakdagi asosiy o‘ringa yo‘l ochadigan bosqich sifatida qaraladi.
Red Bull Racing jamoasi rahbari Laurent Mekies uning taraqqiyotidan mamnunligini ochiq aytgan: Nikola yosh bo‘lsa-da, F3 chempionligi uchun kurashib, endi ilk to‘liq F2 mavsumidayoq taxt uchun da’vogarlik qilayotgani uning darajasi va xarakterini ko‘rsatib turibdi. Bu so‘zlar ortida aniq strategiya yotibdi.
Maqsad aniq: 2027 va undan keyin
Red Bull rejasi ochiq bayon qilingan: Tsolovni to‘liq F1 haydovchisiga aylantirish. 2027 yilga kelib unga kerakli tajriba, vosita va tayyorgarlikni berish — asosiy vazifa.
Demak, Tsolov hozir nafaqat F2 chempionligi uchun, balki o‘zining Formula 1 kelajagi uchun ham poyga qilmoqda. Camara esa F1 eshigini bugunoq ochdi, ammo buning evaziga F2 tojidan voz kechdi.
Savol endi bitta: bu qarorlar zanjiri kelajakda kimni haq, kimni shoshqaloq qilib ko‘rsatadi?
