UZB sport

Liverpoolning yangi bosh murabbiyi eski muammolar bilan yuzlashmoqda

Yangi mavsum hali start olmagan, lekin Andoni Iraola allaqachon Liverpoolda juda tanish bo‘lgan bosh og‘rig‘ini his qilyapti. Ikki haftadan so‘ng Reds 2026/27 yilgi kampaniyasini boshlash arafasida bo‘ladi, ammo jamoa tayyor degan tuyg‘u yo‘q.

Eng ko‘zga tashlanadigan bo‘shliq – o‘ng qanot. Mohamed Salah o‘rniga hali ham aniq voris yo‘q.

Bradley Barcola yoki Ibrahim Mbaye kelib ulguradimi – bu hali mavhum. Ular bo‘lmasa ham, Iraolaning o‘sha zonani yopish uchun varianti bor: Rio Ngumoha va Federico Chiesa bu rolni bajara oladigan futbolchilar. Ammo Anfielddagi muammo bitta qanot bilan cheklanmaydi.

Markazdagi xavfli bo‘shliq

Ronald Araujo transferi bo‘yicha xabarlar chiqishidan oldin ham Liverpool mudofaaning yuragi bo‘lmish markazda keskin tanqislikka yuz tutgandi. Mavsum startiga kelib atigi bitta sog‘lom, tayyor markaziy himoyachi qolishi ehtimoli juda real edi.

Joe Gomez aniq ravishda safdan chiqqan. Giovanni Leoni hali mashg‘ulotlarga qaytmadi, u oldingi xochsimon boylam jarohatidan tiklanishni davom ettiryapti. Jeremy Jacquet esa yozgi tayyorgarlikni boshqalardan erta boshlaganiga qaramay, hanuz bir daqiqa ham o‘yin amaliyoti ko‘rmadi.

Monaco bilan o‘rtoqlik uchrashuvida fransiyalik himoyachining ishtiroki borasidagi savollar ko‘payib bormoqda. Agar u ertaga Anfielddagi o‘yinni ham o‘tkazib yuborsa, eng yaxshi holatda kelasi hafta Como bilan bahsda 45 daqiqaga yaqin maydonga tushishi mumkin. Bu esa Premier League sahnasiga ilk bor chiqayotgan futbolchi uchun, ayniqsa St. James’ Parkdagi og‘ir safar oldidan, mutlaqo ideal holat emas.

Shu fon’da Iraolaning qo‘lidan keladigani bitta ish: Virgil van Dijk va Araujo’ni keyingi ikki hafta davomida “paxtaga o‘rash”, ularni ortiqcha xavfga qo‘ymaslik va shu orada o‘zaro tushunishni shakllantirish. Chunki mavsum startida mudofaaning markazi aynan shu ikkilikka ishonib topshiriladi.

O‘z qo‘li bilan chaqirilgan inqiroz

Liverpool uchun jarohatlar – yangilik emas. Ammo bu safargi holat avvalgilariga qaraganda ko‘proq o‘z-o‘zini inqirozga sudragandek tuyuladi. Yoz boshida jamoa tarkibiga qaragan har qanday kuzatuvchi orqa chiziqni kuchaytirish zarurligini ko‘rardi.

Araujo transferi esa rejalashtirilgan, uzoq muddatli loyiha emas, ko‘proq favqulodda choraga o‘xshaydi.

Urugvaylik himoyachi kelgani bilan ham Iraola atigi bitta jarohatdan uzoqda turibdi: bitta falokat – va u jamoaning eng muhim zonalaridan birini yamash uchun boshqa yo‘l izlashga majbur bo‘ladi. Ehtimol, bu borada u o‘zidan avvalgi bosh murabbiy Arne Slot yo‘lidan borishiga to‘g‘ri keladi.

Arne Slotning rejasi: yarim himoyachi – markaziy himoyachi

O‘tgan mavsumda Slot ham o‘xshash mashaqqatni boshdan kechirgan. Leoni sentyabrdagi og‘ir jarohatni olgach, Liverpool butun kampaniya davomida atigi uchta tabiiy markaziy himoyachi bilan qolgan edi.

Shunga qaramay, niderlandiyalik murabbiy bu vaziyatdan cho‘chimadi. Gomezning jarohatlarga boy tarixi, Ibrahima Konate’ning hamon notekis ishtirokiga qaramay, u o‘zini xotirjam tutdi.

U mavsum boshidayoq ochiqchasiga shunday degan edi: Ryan Gravenberch va Wataru Endo zarurat tug‘ilsa, markaziy himoyada o‘ynashi mumkin. Ya’ni, variantlar bor, panikaga o‘rin yo‘q.

Endo’ning orqa chiziqqa tushib o‘ynay olish qobiliyati Liverpool muxlislariga yaxshi tanish. U so‘nggi uch yil ichida bir necha bor aynan shu rolni bajargan. Ammo u ham yaqindagina jarohatdan keyin mashg‘ulotlarga qaytdi, demak, Newcastle safarida darhol markaziy himoyachi sifatida o‘ynashini talab qilish – juda katta risk.

Shunda navbat, ehtimol, Gravenberchga keladi. Van Dijk yoki Araujo’dan biri kichik jarohat olsa, aynan u orqa chiziqqa chekinishi mumkin. U uchun bu butunlay yangi tajriba emas, ammo markaziy himoyadagi o‘yin amaliyoti juda kam, ustiga ustak, yanvar oyida Qarabag ustidan qozonilgan 6:0 hisobidagi yirik g‘alabada o‘sha pozitsiyada ko‘rsatgan o‘yiniga qarab to‘liq xulosa chiqarib bo‘lmaydi.

Shunga qaramay, Iraolaning tanlovi ko‘p emas. Taktik moslashuvchanlik – yaxshi narsa, ammo Premier League startida tabiiy markaziy himoyachilar o‘rniga Gravenberch yoki Endo’ni boshlang‘ich tarkibga qo‘yish Liverpool uchun yaxshi ko‘rinish bermaydi.

Ronald Araujo uchun yashirin xabar

Hozircha rasmiy bayonotlar, intervyular, katta shiorlar kerak emas. Holatning o‘zi kifoya qiladi.

Liverpoolning butun mudofaa rejasi hozircha juda nozik ipga ilingan: Van Dijk va Araujo sog‘lom bo‘lishi shart. Aks holda, Iraola ilk turdayoq o‘z rejalarini qayta chizishga majbur bo‘ladi.

St. James’ Park’dagi og‘ir kecha yaqinlashyapti. Savol bitta: Liverpool orqa chiziqda bu sinovdan omon o‘tadimi yoki yozdagi beparvolikning narxi allaqachon to‘lanishni boshlaydimi?

Liverpoolning yangi bosh murabbiyi eski muammolar bilan yuzlashmoqda