Jeff Bezos sahnaga chiqdi: Liverpool egaligida yangi davr
Fenway Sports Group klubni to‘liq sotmadi, lekin kuch muvozanati sezilarli darajada siljidi. Endi Liverpool kelajagi ortida texnologiya va moliya olamining eng yirik ismlari turibdi.
FSG juma kuni rasmiy bayonot bilan 1892 Holdings nomli konsortsiumga “strategik ozchilik ulushi”ni sotish bo‘yicha “yakuniy kelishuv” imzolanganini tasdiqladi. Bu oddiy investitsiya emas. Gap klubning qariyb 40 foizi haqida ketmoqda.
Dastlab 1892 Holdings taxminan uchdan bir ulushni olgani xabar qilingandi, lekin The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, haqiqiy raqam 38 foiz atrofida. Raqamlar mayda tafsilotdek tuyulishi mumkin, aslida esa bu – kelajakdagi hokimiyat uchun poydevor.
Eng katta yangilik – konsortsium keyingi 12 oy ichida klubda nazorat paketini sotib olish huquqiga ega. Majburiyat emas, ammo aniq variant. Ya’ni, FSG hozircha boshqaruvni qo‘ldan chiqarmadi, lekin eshikni oxirigacha yopib ham qo‘ymadi.
1892 Holdings nomi bejiz tanlanmagan – bu Liverpool tashkil topgan 1892 yilga ishora. Konsortsiumni britan-hind tadbirkor Amit Bhatia boshqarmoqda. U klub vitse-prezidenti lavozimini egallaydi va tartibga soluvchi organlar roziligidan so‘ng kengaytirilgan direktorlar kengashiga qo‘shiladi.
Bhatia futbol sahnasida yangi odam emas. U Hindistonning yirik sanoatchisi Lakshmi Mittalning kuyovi, shuningdek, 18 yil davomida Queens Park Rangers direktor va hammuallifi sifatida ishlagan. QPRdagi ulushidan faqat o‘tgan oy voz kechdi. Endi uning e’tibori to‘liq Anfieldga qaratiladi.
Konsortsium tarkibi esa yanada shov-shuvli. Unda Amazon asoschisi Jeff Bezos va Facebook hammuassisi, milliardер Eduardo Saverin ham bor. Texnologiya gigantlari va global kapitalning bunday uyg‘unligi Liverpool uchun moliyaviy va tijoriy frontda yangi ufqlar ochishi mumkin.
FSG uchun bu kelishuv – klubni to‘liq topshirmasdan turib, yangi kapital va strategik hamkorlarni jalb qilish yo‘li. Liverpool uchun esa bu savolni ochiq qoldiradi: bu faqat “strategik ozchilik ulushi”mi yoki kelasi 12 oy ichida to‘liq yangi davr boshlanishining kirish sahnasimi?
Javob endi nafaqat maydonda, balki muzokara xonalarida ham yoziladi.






