WTA yulduzlari tanaffusda: Maldiv, Lakers va to‘y

50 ta turnir, 26 ta mamlakat, bir yil davomida uzluksiz safar va raqobat. WTA Tour Driven by Mercedes-Benz mavsumi yakuniga yetdi, endi esa raketkalar biroz chetga surildi. Kortdagi janglarning o‘rnini quyosh, dengiz, tog‘lar va biroz shaxsiy hayot egalladi. Eng kuchli tennischilar tanaffusdan qanday foydalanayotgani esa o‘ziga xos hikoya.
Aryna Sabalenka: Los-Anjeles, “Lakers” va qizil yo‘lak
Dunyo reytingida 3-raqamli Aryna Sabalenka quyoshli Los-Anjelesni tanladi. U yerda u nafaqat tog‘larda sayr qildi, balki o‘ziga yaqin insonlar davrasida dam oldi. Sabalenka “Lakers” uchrashuvini maydon chetidan tomosha qildi, so‘ngra esa The Hollywood Roosevelt mehmonxonasida o‘tkazilgan YouTube Creator Premieres tadbirida qizil yo‘lakdan yurdi. Kortdan tashqaridagi bu ritm ham unga yomon yarashdi.
Iga Swiatek: Maldivlar, snorkling va kitoblar
Oltita “Grand Slam” chempioni Iga Swiatek uchun ideal tanaffus – tinchlik va kitoblar. U Maldiv orollariga yo‘l oldi: tiniq suvda snorkling, sohil bo‘yida sayr va, albatta, uning sevimli mashg‘uloti – o‘qish. Mavsum davomida bosim ostida yurgan raqam bir favorit uchun bu – ruhiy qayta yuklashning eng toza ko‘rinishi.
Iva Jovic: Inter ruhidagi stadion kechasi
Dunyo 13-raqamli Iva Jovic futbol shovqinini his qilish uchun tribunalarga ko‘tarildi. U Inter Milan o‘yinini stadiondan tomosha qildi va klubdan o‘z nomi yozilgan maxsus futbolka sovg‘a sifatida qabul qildi. Tennischi uchun bu safar – boshqa sport atmosferasiga sho‘ng‘ish imkoniyati bo‘ldi.
Marta Kostyuk: plyajdan diplomatik sahnaga
Marta Kostyuk avvaliga Kosta-Rikada plyaj damidan bahra oldi. Lekin uning tanaffusi faqat hordiq bilan cheklanib qolmadi. U Bryussel va Strasburgga yo‘l olib, u yerda ukrainalik yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning ovozini eshittirish uchun uchrashuvlarda qatnashdi. Mavsum tugadi, lekin Kostyuk uchun kurash boshqa maydonda davom etmoqda.
Anastasia Potapova: Maldivlarda tinchlik va baliq ovlash
Dunyo 28-raqami Anastasia Potapova ham yo‘lini Maldivlardan topdi. U faqat quyosh va suv manzaralaridan zavqlanibgina qolmay, baliq ovlashga ham vaqt ajratdi. Kortdagi agressiv o‘yinidan farqli ravishda, bu yerda u sokin va sabrli mashg‘ulot bilan shug‘ullandi.
Leylah Fernandez va Karolina Muchova: Las-Vegas shovqini va pickleball
Mavsumni kuchli yakunlagan Leylah Fernandez o‘zini Las-Vegas markazidagi Formula 1 Las Vegas Grand Prix shovqiniga tashladi. Shahar chiroqlari, yuqori tezlik, adrenalindan iborat kecha – kortdagi keskin o‘yiniga juda mos kayfiyat.
Dunyo 8-raqamli Karolina Muchova ham Las-Vegasda bo‘ldi. U nafaqat Formula 1 kayfiyatini his qildi, balki o‘zining Invisible Skin hamkori Priscilla Hon bilan pickleball o‘ynashga ham ulgurdi. Tennischilar uchun bu ham sport, ham biznes, ham do‘stlik aralashgan tanaffus bo‘ldi.
Dayana Yastremska: Shimoliy Italiyada hovuz bo‘yida
Dunyo 102-raqami Dayana Yastremska Shimoliy Italiyada hovuz yonida dam olib, haqiqiy hashamatli manzaradan bahra oldi. Tinch suv, tog‘ etaklari va jimlik – uning bu mavsumdan keyingi tanlovi shunday ko‘rinishda.
Ann Li: Kubokdan keyin Madrid tribunalarida
Billie Jean King Cup doirasida AQSh tarkibida Vengriyaga qarshi g‘alabaga hissa qo‘shgan Ann Li tanaffusni Madridda davom ettirdi. Bu safar u kortga emas, futbol stadioniga bordi. Ispaniyadagi futbol muhitini his qilish – g‘alabadan keyingi mukofot kabi.
Emma Raducanu: tug‘ilgan kun, qaytish rejasi va Abu-Dabi
US Open sobiq chempioni Emma Raducanu uchun bu tanaffus alohida. U yanvarda United Cup orqali WTA Tour Driven by Mercedes-Benz saflariga qaytishga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda 24 yoshini do‘stlari davrasida nishonladi. Shundan so‘ng u uzoq vaqtdan beri orzu qilgan safar – Abu-Dabiga yo‘l oldi. Qaytish arafasidagi bu sayohat uning yangi bosqichga ruhiy tayyorgarligidek ko‘rinadi.
Victoria Mboko: Los-Anjelesda ish va zavq uyg‘unligi
Dunyo 21-raqami Victoria Mboko ham yaqin orada United Cup orqali turga qaytadi. Hozircha u Los-Anjelesda shaklini tiklamoqda: mashg‘ulotlar, tiklanish, lekin shaharni kashf etish, yaxshi taomlar vaqti ham yetarli. U hatto Crypto.com Arena maydonida kortga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu – sport va shou-biznes kesishgan nuqta.
Jessica Pegula: do‘stlar va muzqaymoq
Jessica Pegula o‘ziga xos uslubidan chekinmadi. U eng yaqin do‘stlari bilan vaqt o‘tkazmoqda va turli muzqaymoqlarni tatib ko‘rib, ularni baholashni davom ettirmoqda. Qattiq turnir jadvalidan keyin oddiy, lekin chin dildan zavq beradigan mashg‘ulot.
Maja Chwalinska: tarixiy mavsumdan so‘ng yana Maldivlar
Maja Chwalinska uchun bu yil hammasini o‘zgartirdi: Roland Garrosda saralashdan finalgacha bo‘lgan yo‘l, Wuhan turnirida ilk chempionlik. Shunday mavsumdan so‘ng u qayerga borishi mumkin edi? Albatta, yana Maldivlarga. U yerda u nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham o‘zini tiklashga urinmoqda.
Zheng Qinwen: Dior sahnasida
Dunyo 22-raqamli Zheng Qinwen – Dior global elchisi. U Shanxaydagi Dior do‘koniga tashrif buyurdi va u yerda yorqin fotosuratlar oldirdi. Uning tanaffusi – sport va moda o‘rtasidagi nozik ko‘prik.
Jelena Ostapenko: Dubayda dengiz havosi
Dunyo 25-raqamli Jelena Ostapenko Dubayda dengiz bo‘yida vaqt o‘tkazmoqda. Qayiq, iliq suv, shahar silueti – uning tanaffus manzarasi shunday. Kortdagi keskin xarakteri bilan tanilgan tennischi bu safar o‘zini dengiz shabadasiga topshirdi.
Anna Kalinskaya: mavsum yakunida kutilmagan xabar
Anna Kalinskaya esa tanaffusni eng katta hayotiy qarorlardan biri bilan boshladi. Dunyo 26-raqamli Tomas Ferrari bilan unashtirilganini e’lon qildi. Turnirlar, reytinglar, ochkolar… bularning barchasi bir chetda qolgan lahza. Uning uchun bu tanaffus nafaqat dam olish, balki yangi hayot bosqichining boshlanishi bo‘lib qoldi.
Mavsum yakunida kimdir Maldivlarda sho‘ng‘imoqda, kimdir Formula 1 shovqinida yo‘qolmoqda, kimdir esa yangi unvon – turmush o‘rtog‘i maqomiga yaqinlashmoqda. Ammo savol bitta: bu qisqa, lekin to‘liq quvvat olgan tanaffusdan keyin kortga qaytganlar ichidan kim yangi yilni haqiqiy hukmron sifatida boshlaydi?
