Infantino atrofidagi mojaro: UEFAda yashirin to‘lov fosh etildi
Futbol siyosatidagi harorat allaqon yuqori edi. Endi esa Gianni Infantino nomi atrofida yana bir mojaro paydo bo‘ldi.
Angliyaning The Telegraph nashri xabariga ko‘ra, UEFA o‘sha paytda tashkilot bosh kotibi bo‘lgan Infantino bilan yaqin munosabatda bo‘lgani iddao qilingan ayolga katta miqdorda pul to‘lab, uni jim qoldirishga uringan. Gap olti xonali summa haqida ketmoqda.
Ushbu ayol UEFAda administrator sifatida ishlagan, keyinroq esa aynan Infantino davrida rahbarlik lavozimiga ko‘tarilgani aytilmoqda. Iddoalarga ko‘ra, munosabat davom etayotgan paytda bu lavozim berilgan, aloqalar uzilgach esa boshqa sahifa ochilgan: ayol tashkilotni tark etadi, ketayotganda esa katta “chiqish paketi” oladi.
Platini bilan suhbat, yashirin kelishuv va yangi ish
The Telegraph yozishicha, o‘sha davrda UEFA prezidenti bo‘lgan Michel Platini Infantino bilan bu munosabat yuzasidan ochiqchasiga gaplashgan. Natijada tomonlar kelishuvga keladi: ayol tashkilotni tark etadi, unga to‘lov amalga oshiriladi.
Shu bilan tugamagan. Xabarga ko‘ra, UEFAni tark etgach, Infantino o‘z aloqalaridan foydalanib, unga o‘xshash sohada “juda daromadli” yangi ish topib bergan. Tashkilot, iddaolarga ko‘ra, ayolning mahalliy biznes maktabida MBA darajasini olish xarajatlarini ham qoplagan.
Infantino UEFAga 2000-yilda qo‘shilgan, 2009-yilda bosh kotib bo‘lgan, 2016-yilda esa FIFA prezidenti lavozimiga o‘tgan. Aynan shu oraliqdagi ichki mexanizmlar bugun yana qayta ko‘rib chiqilmoqda.
UEFA: “To‘lov bor edi, lekin qoidalarga muvofiq”
UEFA The Telegraph’ga bergan rasmiy bayonotida bu ish bo‘yicha xabardor ekanini tan oldi va “mazkur shaxsga ketish to‘lovi amalga oshirilganini” tasdiqladi.
Tashkilot vakili shunday deydi: to‘lov o‘sha paytda amalda bo‘lgan, xodimlar tashkilotni tark etganda qo‘llanadigan ichki reglamentga mos bo‘lgan. 2016-yildan keyin bu qoidalar yanada qat’iylashtirilgani, hozirgi me’yorlar “zamonaviy, yirik obro‘ga ega tashkilot” standartlariga moslashtirilgani ta’kidlangan.
Bu so‘zlar bosimni yumshatadimi yoki yo‘q — boshqa savol. Ammo UEFA to‘lov faktini yashirmayapti.
FIFA va Infantino pozitsiyasi: qat’iy inkor
FIFA The Telegraph’ga yuborgan javobida Infantino bu ayblovlarni “keskin rad etishini” ma’lum qildi.
Tashkilot bayonotida har qanday “nojo‘ya xatti-harakat yoki nizom va reglamentlarni buzish haqidagi ishoralar bo‘hton” ekani aytiladi. Shuningdek, UEFA ham, FIFA ham tarkibida biror xodim Infantino xatti-harakatidan norozi bo‘lib rasmiy shikoyat qilmagani, “chunki bunday voqea umuman bo‘lmagani” ta’kidlangan.
Infantino 2001-yildan beri turmush o‘rtog‘i Leena Al Ashqar bilan birga, ularning to‘rt nafar farzandi bor. Shaxsiy hayot, rasmiy inkorlar, eski ish joyidagi sirli to‘lov — bularning barchasi hozir bir sahifada jam bo‘lib qoldi.
Jahon chempionati atrofidagi mojaro fonida
Bu mojaroli hisobot Infantino allaqachon boshqa frontda ham jiddiy tanqidlarga uchrab turgan paytda paydo bo‘ldi. U Jahon chempionati ustav kapitaliga xususiy investorlarni kiritish g‘oyasini ilgari surgan, bu esa futbol olamida keskin norozilik uyg‘otgan edi.
Reaksiya chaqqon va keskin bo‘ldi. Rejadan butunlay voz kechildi. Lekin iz qoldi.
Eng qattiq javob aynan UEFAdan keldi. Tashkilot hatto rejadan voz kechilgach ham FIFA musobaqalarini boykot qilish niyatida ekanini bildirdi. Bir qator boshqa federatsiyalar ham prezidentga bo‘lgan siyosiy va institutsional qo‘llab-quvvatlovini qayta ko‘rib chiqishini aytib chiqdi. Infantino esa 2027-yilda qayta saylovga tushishi kutilmoqda.
Shu fon’da yana bir xabar tarqaldi: iddaolarga ko‘ra, Infantino Marokashga 2030-yilgi Jahon chempionati finalini o‘tkazish imkonini va’da qilgan, buning evaziga esa o‘zining qayta saylanishini ochiq qo‘llab-quvvatlovchi bayonot so‘ragan. FIFA bu ma’lumotni rad etgan.
Savollar ko‘paymoqda, javoblar esa…
Faktlar hozircha shular: UEFA ketish to‘lovini tan oldi, lekin hammasi ichki qoidalarga muvofiq bo‘lganini ta’kidlayapti. FIFA esa Infantino nomiga qaratilgan har bir ayblovni bo‘hton deb atamoqda.
Ammo futbol siyosatida kayfiyat o‘zgarib bormoqda. Federatsiyalar tobora dadilroq savol bermoqda, jamoatchilik esa har bir yangi mojaro bilan yana-da shubhali qaray boshladi.
Endi asosiy savol: 2027-yilda saylov qutisi yoniga kelganda, bu soyalar Infantino uchun qanchalik og‘ir bo‘ladi?






