Infantino’ga Arab futbol rahbarlaridan kuchli qo‘llab-quvvatlash
FIFA ichida xususiy investitsiya mojarosi avjiga chiqqan bir paytda Gianni Infantino kutilmagan, ammo juda muhim tayanchni Arab dunyosidan topdi.
2022 yilgi jahon chempionati mezboni Qatar va 2030 yilgi musobaqa hammeyzbonlaridan biri bo‘lgan Marokashni ham o‘z ichiga olgan olti mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti FIFA rahbarini ochiq qo‘llab-quvvatladi. Bu bayonot UEFA, AFC va CONCACAFning iste’fo talab qilgan keskin chiqishlaridan so‘ng paydo bo‘ldi va siyosiy kurashni yanada keskinlashtirdi.
Xususiy kapital rejasi yiqildi, lekin kurash tugamadi
Infantino FIFA musobaqalarining, jumladan Jahon chempionatining tijoriy huquqlaridan bir qismini bo‘lib, 20 foiz ulushni xususiy investorlar qo‘liga topshirishni taklif qilgan edi. Maqsad – taxminan 4,2 milliard dollar jalb qilish.
Reja yiqildi. Qarshilik kuchli bo‘ldi. Uchta yirik konfederatsiya – UEFA, AFC va CONCACAF – bu urinishdan so‘ng Infantino ketishi kerakligini ochiq aytdi.
Shu fon’da Arab dunyosidan kelgan qo‘llab-quvvatlash alohida siyosiy og‘irlik kasb etmoqda.
Arab federatsiyalari bir safda
Qatar, Livan, Marokash, Sudan, Misr va Mavritaniya futbol assotsiatsiyalari rahbarlari birgalikda bayonot e’lon qilib, Infantino atrofida saf tortishdi. Ularning to‘rttasi FIFA Kengashi a’zolari hisoblanadi, ya’ni gap nafaqat ramziy, balki amaliy siyosiy kuch haqida ketmoqda.
Ular o‘z murojaatida Arab futbolining xalqlarni birlashtirishdagi rolini eslatib, FIFA prezidentiga “to‘liq qo‘llab-quvvatlov” bildirganini ta’kidladilar. Bayonotda Infantino rahbarligiga bo‘lgan ishonch, uning dunyo bo‘ylab futbolni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.
Ularning fikricha, u imkoniyatlarni barcha mintaqalarda kengaytirib, futbolni jamiyatlarni birlashtiradigan kuch sifatida mustahkamlashga intilmoqda. Arab rahbarlari kelgusida ham u bilan “yaqin hamkorlikni” davom ettirish, jahon futbolining yanada barqaror va farovon kelajagi yo‘lida birga ishlash istagini bildirdi. Shu bilan birga, Arab futbolining global o‘yinga qo‘shayotgan hissasini yanada oshirish maqsadi ham urg‘ulandi.
20 million dollarlik va’da va siyosiy hisob-kitob
Infantino taklifi faqat struktura o‘zgarishi emas edi. Reja ichida a’zolik assotsiatsiyalari uchun keyingi moliyaviy siklda 20 million dollarlik grant ham ko‘zda tutilgan edi. Bitim imzolanganida bu summa ikki baravar oshishi mumkinligi aytilgan.
Bu raqamlar ovozlar uchun kurashayotgan har qanday FIFA prezidenti uchun kuchli dalil. Ayniqsa infratuzilma, akademiyalar va ichki ligalarni rivojlantirish uchun mablag‘ izlayotgan assotsiatsiyalar uchun.
Reja bekor qilindi, lekin uning atrofida shakllangan siyosiy frontlar saqlanib qoldi. Arab federatsiyalarining bugungi bayonoti aynan shu nuqtada katta ahamiyat kasb etadi.
Qarshilik ko‘p, ittifoqchilar ham yetarli
UEFA, AFC va CONCACAF – Yevropa, Osiyo hamda Shimoliy va Markaziy Amerika va Karib havzasi – birgalikda 211 ta FIFA a’zolik assotsiatsiyasidan 136 tasini birlashtiradi. Bu – kelasi yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida hal qiluvchi blok bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuch.
Shunga qaramay, Infantino hanuz o‘yinda. Arab dunyosidan kelgan bu ochiq qo‘llab-quvvatlov, boshqa mintaqalardagi ittifoqchilar bilan birga, uning hali ham sezilarli tayanchga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Endi savol shunda: FIFA ichidagi bu keskin bo‘linish fonida, kelasi yilgi saylov kabinasi ortida kimning siyosiy hisob-kitobi to‘g‘ri chiqadi?






