UZB sport

Tyson Fury: Ichki Kurash va Shizofreniya Tashxisi

Tyson Fury Netflixdagi hujjatli filmida o‘ziga shizofreniya tashxisi qo‘yilganini oshkor qilganidan keyin, endi bu tashxis ortidagi zulmatni batafsil ochib berdi. Uning so‘zlari yengil intervyu emas, balki odamni karaxt qiladigan iqror: “Boshlariimda o‘zimni o‘ldirishimni buyurayotgan ovozlar bor edi”.

“Gypsy King” bu safar ringda emas, “The Louis Theroux Podcast” loyihasida niqobsiz ko‘rinish berdi. U o‘sha davrni bitta jumla bilan chizadi: “Qorong‘i va iblisga o‘xshash joyda edim”. Bu — qaytish jangiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, tashqi tomondan esa kuchli, ishonchli chempion ko‘rinib turgan paytlar edi.

Aqlimni butunlay yo‘qotdim

38 yoshli britaniyalik yulduz o‘sha ichki ovozlar unga atrofidagi eng yaqin odamlarni ham dushman qilib ko‘rsatganini aytadi. Unga ko‘ra, xotini Paris unga tuzoq qo‘yib, o‘ldirtirmoqchi bo‘layotgandek tuyilgan.

“Otam ham bunga aralashgan deb o‘yladim. Eng yaqin do‘stim Dave ham shunga qo‘shilgan deb ishondim. Aqlimni butunlay yo‘qotdim, boshim ketdi”, — deydi Fury Louis Theroux bilan suhbatda.

Bu faqat qo‘rquv emas edi. Bu — ishonchning to‘liq yemirilishi, chempion ongini bo‘laklarga ajratgan ruhiy xuruj edi.

O‘lim osonroq yo‘ldek tuyuldi

Furyga: “O‘sha ovozlar aniq nima derdi?” — degan savol berilganda, u bir zum jim qoladi. Keyin esa eng og‘ir jumlani aytadi: “Ovozim menga o‘zimni o‘ldirishimni aytardi”.

U o‘sha holatni “juda-juda qorong‘i, iblisga o‘xshash joy” deb tasvirlaydi. Unga ko‘ra, bu joyga qaytishni hatto tasavvur qilish ham dahshat. “Men doimiy ravishda shunday yashadim. Oxiri o‘zimni yumshoq devorli xonada ko‘raman, yoki… o‘lik holda”, — deydi u.

So‘ng bitta chiziqni tortadi: “O‘lim, aslida, oson variant edi. Lekin men o‘zimni to‘nka qilib bog‘lab qo‘yishlarini, ruhiy kasallar kiyadigan kamzulni kiyib yotishimni tasavvur qilardim. Ana shu meni dahshatga solardi”.

Ringda zarbaga dosh beradigan odamni, aslida, ko‘rinmas raqib — o‘z miyasi yiqitishga urinayotgan payt.

Tashxislar ro‘yxati: chempion yelkalaridagi yuk

Furyga faqat bitta tashxis qo‘yilmagan. U shizofreniya bilan birga bipolyar buzilish, depressiya, xavotir, obsesiv-kompulsiv buzilish va diqqat yetishmovchiligi hamda giperaktivlik sindromi (ADHD) bilan ham yashayotganini aytadi.

Bu oddiy sportchining jarohatlar ro‘yxati emas. Bu — zamonaviy sport bosimi ostida ezilgan, shu bilan birga, bolaligidan kelayotgan ruhiy og‘irliklarning jamlanmasi. Shunga qaramay, u ringga qaytdi, chempionlikni qayta oldi, lekin ichidagi kurash baribir tugamadi.

Klitschko ustidan g‘alaba va “jannat sindromi”

Ko‘pchilik uchun 2015 yil, Wladimir Klitschko ustidan qozonilgan g‘alaba Fury karyerasining cho‘qqisi bo‘lib ko‘rinadi. Og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi, kamarlar, shon-shuhrat, sarlavhalar… Biroq Fury bu lahzani boshqacha eslaydi.

“Depressiyaga tushdim”, — deydi u. G‘alaba unga kutilgan eforiyani bermagan. Aksincha, ichini bo‘shatib yuborgan.

“Men o‘zimni shishirilib, keyin birdaniga havo chiqarib yuborilgandek his qildim. Beparvo bo‘lib qoldim; xuddi: ‘Xo‘p, raqibimni yengdim, tamom. Boshqa hech narsa yo‘q’, degandek. Atrofdagilar: ‘Barni balandroq qo‘yamiz, davom etamiz, ishlashda davom etamiz’, deb turishardi, lekin bu juda qiyin edi”, — deya tushuntiradi Fury.

U o‘sha paytda xuddi shunday holatni boshidan kechirgan boshqa odamlar bilan gaplashganini aytadi. Ular bu holatni “jannat sindromi” deb atashgan.

“Hayotingizdagi hamma narsani bitta lahzaga tikasiz. Hammasini. Odamlar xato qilishadi: men kamarlar yoki shunga o‘xshash narsalarni o‘ylagan deb. Yo‘q. Men faqat Wladimirni yengishni xohlaganman, xolos”, — deydi u.

G‘alaba keladi. Maqsad bajariladi. Keyin esa bo‘shliq. Shon-shuhrat ichida yolg‘izlik.

Oldinda Joshua bilan jang: ringga qaytgan, ammo izlari qolgan Fury

Shu ruhiy bo‘ronlar, tashxislar, ichki ovozlar fonida Tyson Fury hali ham og‘ir vazn toifasining eng yirik sahnasida turibdi. Rejada navbatdagi superjang: Anthony Joshua bilan to‘qnashuv.

Jang sanasi belgilangan: 2026 yil 11 dekabr, Cardiffdagi Principality Stadium. Bu kunni butun boks olami kutyapti. Bir tomonda o‘zini qayta-qayta tiklagan Fury, ikkinchi tomonda esa boshqa avlod yulduzi Joshua.

Ringda esa baribir bitta savol ochiq qoladi: chempion bu safar faqat raqibiga qarshi jang qiladimi yoki ichidagi ovozlar bilan ham?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil