Bezos Anfildga kirib keldi, lekin o‘zgarishlar shubhali
Sarlavhalar shovqin solishi mumkin: go‘yoki ertaga stadion tepasida “Amazon Anfield Arena” yozuvi paydo bo‘ladigandek. Aslida esa voqea ancha murakkabroq. Ha, Jeff Bezos endi Liverpool FC atrofidagi pul va ta’sir doirasiga kirib keldi, ammo klubni boshqarish kaliti hanuz Fenway Sports Group qo‘lida.
Gap 1892 Holdings deb nomlangan konsorsium haqida ketmoqda. U Fenway Sports Group’dan klubdagi ulushning bir qismini sotib olishga kelishib oldi. Avvalina 30 foiz atrofida deyilgandi, keyingi xabarlarda bu ko‘rsatkich 38 foizga yaqinlashgani aytildi. Har holda, bu endi mayda paket emas.
1892 Holdings ortida Amit Bhatia turibdi – hind po‘lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi, AyBe Capital Advisers asoschisi. U yaqindagina Queens Park Rangers’dagi ulushidan voz kechdi. Endi bu qarorning sababi juda ravshan: Bhatia kuchini va kapitalini Anfildga ko‘chiryapti.
Uning yonida esa texnologiya gigantlari: Facebook hammuassisi Eduardo Saverin va Amazon.com asoschisi Jeff Bezos. Demak, Bezos endi Liverpool FC’ning bir qismini egallagan kompaniyaning bir qismi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri “Bezos klubi” emas, lekin uning soyasi allaqachon Merseysaydda.
Nima o‘zgaradi? Hozircha aniq javob yo‘q.
FSG klub ustidan operatsion nazoratni saqlab qolayotganini aytmoqda. Jurgen Klopp ketganidan keyingi murabbiy tanlovi, kundalik boshqaruv, transfer siyosati – bularning barchasi avvalgidek Fenway qo‘lida qoladi, degan rasmiy pozitsiya bor. Biroq Bhatia klub kengashi vitse-prezidenti bo‘lishi kutilmoqda, konsorsium vakillari esa boshqaruv xonasida bir nechta o‘ringa ega bo‘ladi.
Taxminan 1,9 milliard funtdan yuqori sarmoya haqida gap ketayotgan bir paytda, bu odamlar jim o‘tiradigan investorlar bo‘lishiga ishonish qiyin. Qancha pul bo‘lsa, shuncha savol tug‘iladi: ular qanchalik aralashadi? Qachon so‘zga chiqadi? Va ayniqsa – nimani talab qiladi?
Futbol – ibodatxonami yoki milliardlik biznes?
Bezos bu o‘yinga kirib kelgan ilk milliarder emas. U faqat navbatdagi ism, lekin ramziy ism. Futbol muxlislar uchun – marosim, hissiyot, jamiyat, oila. Lekin balans jadvalida u baribir biznes.
Eng yuqori qatlamda esa bu – ulkan biznes.
Real Madrid o‘tgan yili qariyb 1,3 milliard dollar daromad ko‘rdi. Barcelona – milliarddan oshdi. Liverpool, Manchester City, PSG, Bayern Munich – hammasi yiliga o‘nlab million emas, yuzlab millionlab tushum ko‘rayotgan gigantlar.
Bunday raqamlar milliarderlarga yoqmay qolishi mumkinmi?
Sport klublari boshqa aktivlardan farq qiladi. Ular ma’lum ma’noda “kelajakdan qo‘rqmaydigan” investitsiya sifatida ko‘riladi: jonli tomoshabin yig‘a oladigan, efir vaqtini band qiladigan, dunyo bo‘ylab yuz millionlab insonni ekranga mixlab qo‘yadigan sanoqli kontent turlaridan biri shu.
Eng muhimi – sodiqlik. Qaysi boshqa brend shunday imkoniyatga ega: yillar davomida alam, mag‘lubiyat, hafsalasi pir bo‘lishni bilgan mijoz baribir har mavsum yangi forma sotib oladi, abonement yangilaydi, stadionga boradi? Futbolda esa bu odatiy hol.
Ba’zi boylar uchun bu – bolalik orzusi, ba’zilar uchun sevimli o‘yiniga qo‘shilish, yana boshqalar uchun esa shunchaki qimmat o‘yinchoq. Lekin yana bir taraf bor: obro‘ yuvish. Shubhali imidj? Qattiq tanqidlar? Eng yaxshi yo‘l – sevgan klubini “qutqaradigan” saxovatli egaga aylanish.
Ammo bu o‘yin xavfli. Pul ham, nom ham yonib ketishi mumkin.
Glazerlar saboqlari: pul yutdi, obro‘ yutqazdi
Manchester United atrofidagi Glazer familiyasi hikoyasi bunga yorqin misol.
AQShlik Glazerlar dastlab klubga kirib kelganda, Angliyada ular haqida ko‘pchilik bilmasdi. Umid katta edi: “cho‘ntagi chuqur” amerikaliklar Old Trafford’ni yana yulduzlar sari olib chiqadi, degan qarash bor edi.
Ammo ular klubni qanday sotib olgani hammasini o‘zgartirdi. 2005 yilda amalga oshgan bitim leveridj-bayaut edi – ya’ni, asosiy pul qarzga olingan, so‘ngra bu qarz klub zimmasiga yuklangan. Manchester United yillab og‘ir foiz to‘lovlari ostida qolib ketdi.
Natija? Infratuzilmaga kam sarmoya, stadion va bazalarga yetarli e’tibor yo‘qligi, oxir-oqibat maydondagi pasayish. “Glazers Out” shiorlari Old Trafford’da odatiy fon tovushiga aylandi.
Shu bilan birga, Glazerlar moliyaviy tomondan yomon yutqazmadi. BBC News hisob-kitobiga ko‘ra, 2005–2024 yillar oralig‘ida to‘langan 166 million funt dividendning eng katta foydasi aynan ularga tegdi. Taxminan 60 million funt direktorlik haqi, 10 million funt konsultatsiya to‘lovlari ham bor.
Eng katta zarba esa aksiyalar savdosidan tushgan. 2005 yilda klubni qariyb 800 million funtga olishdi, lekin shundan atigi 273 millioni o‘z cho‘ntagidan chiqqan. 2012–2022 yillarda 555 million funtlik aksiyalarni sotishdi, so‘ngra Jim Ratcliffe kelishi bilan yana 732 million funtlik bitim amalga oshdi.
Yig‘indisi – qariyb 1,5 milliard funt atrofida. 273 millionlik dastlabki qo‘yilmaga nisbatan – fantastik daromad. Reputatsiya-chi? Uni stadion atrofidagi bannerlar aytib turibdi.
Mike Ashley va Newcastle: pivo, va’dalar va charchagan tribunalar
Foyda hisobiga obro‘ni boy berish bo‘yicha yana bir “klassik” – Mike Ashley. House of Fraser, Sports Direct, Flannels kabi brendlar egasi 2007 yilda Newcastle United’ni qo‘lga kiritganida, Tayn daryosi bo‘yida bayram kayfiyati hukm surgan.
Ashley odatiy ishchi sinf yigitidan milliardergacha yo‘l bosgan “o‘zimizniki” sifatida qabul qilindi. Sports Direct stadion homiysi bo‘ldi, klubga pul kirib keldi. Kevin Keegan, keyinroq Alan Shearer kabi afsonalarning qaytishi muxlislarni yanada hayajonga soldi. Egani pubda, tribunada, muxlislar bilan yonma-yon pivo ichayotganini ko‘rish – orzu manzarasi edi.
Ammo bu romantika uzoq cho‘zilmadi. Klubni boshqarish tizimlari yo‘qligi, strategiyasiz qarorlar, transferlardagi beqarorlik tezda yuzaga chiqdi. 2009 yilda Newcastle quyi ligaga tushib ketdi. Ashley esa allaqachon klubni sotish yo‘lini qidira boshlagan edi, lekin bitim 2020 yilgacha cho‘zildi.
Orada ikkinchi marta tushish, yillar davomida jadvalning pastki yarmida sarg‘ayib qolish, “pul yetarli emas”, “ambitsiya yo‘q” degan ayblovlar – bularning hammasi Sports Direct egasi nomiga yopishib qoldi.
Shunga qaramay, uning hisob raqami yomonlashmadi. Klubni sotganda, u 2007 yildagi narxiga nisbatan taxminan ikki baravar qimmatga bitim qildi, holding kompaniyasi 197 million funt foyda ko‘rdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Newcastle bir necha mavsum Sports Direct’dan homiylik to‘lovlari olmagan. Demak, brend yillar davomida bepul reklama olib kelgan.
Abramovich: sovrinlar, siyosat va qimmatga tushgan muhabbat
Ba’zi egalarga esa muxlislar hanuz rahmat aytadi. Buning narxi esa milliardlab funt bo‘lgan.
Roman Abramovich 2003 yilda Chelsea’ni 140 million funtga sotib oldi. Keyingi yillarda klubga foizsiz qarzlar ko‘rinishida qariyb 2 milliard funt kiritdi. Financial Fair Play qoidalari kuchga kirishidan avvalgi davrda bu mutlaq ustunlik edi: pul bor, cheklov deyarli yo‘q.
Natija ko‘p kuttirmadi. 2003–2011 yillar oralig‘idagi to‘qqiz mavsumning sakkiztasida Chelsea yoki chempion bo‘ldi, yoki ikkinchi o‘rinni egalladi. Londonning ko‘k tomoni Yevropa futbolining eng kuchli markazlaridan biriga aylandi.
Keyin Sheik Mansour Manchester City’da paydo bo‘ldi, Financial Fair Play ishga tushdi, raqobat kuchaydi. Lekin Abramovich Stamford Bridge tribunalarida sevimli shaxs bo‘lib qoldi. Uning siyosiy aloqalari, Vladimir Putin bilan bog‘liq savollar ko‘pchilik muxlisni qiziqtirmadi. Hatto Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqini boshlanganidan keyin ham, u Angliyada sanksiyaga uchraganda, muxlislar uni madh etishdan to‘xtashga majbur bo‘ldi.
Klubni sotishga majbur bo‘ldi, lekin ketish uslubi ham o‘ziga xos bo‘ldi. U kiritgan foizsiz qarzlarni klub zimmasiga yuklab ketmadi, amalda yozib tashladi. Sotuvdan tushgan 2,4 milliard funtni esa Ukrainadagi urush qurbonlari uchun gumanitar loyihalarga yo‘naltirishni va’da qildi. Bu mablag‘ hanuz to‘liq yo‘naltirilgani yo‘q, hatto Britaniya hukumati uni sudga berish bilan tahdid qilgan, biroq Chelsea muxlislari ko‘zida Abramovichning o‘rni baribir alohida.
Fenway va Liverpool: “Moneyball”dan kuboklargacha
Zamonaviy futbol bozorida ham pul topib, ham muxlis hurmatini saqlab qolish oson emas. Fenway Sports Group hozircha shunday nozik muvozanatni ushlab turgan kam sonli egalar qatorida.
2011 yilda ular Liverpool’ni qariyb 300 million funtga sotib oldi. Bugun klub daromadlari o‘sha davrga nisbatan uch yarim baravar oshgan. Bezos va hamkorlarining minoritar ulushini sotish orqali FSG dastlabki investitsiyasidan olti baravar ko‘p pul ko‘rib turibdi, lekin baribir nazorat paketini o‘zida saqlab qolmoqda.
Eng muhimi – bu davrda maydondagi natijalar ham ko‘tarildi. Klub 30 yillik liga chempionligi qahratonini sindirdi, Yevropada qayta yetakchi sahnaga qaytdi. Mo Salah, Jurgen Klopp kabi afsonalarning kelishi aynan Fenway davriga to‘g‘ri keldi. Bu esa Bostonlik egalar uchun Anfild tribunalarida jiddiy kredit.
Biroq asal davri tugagan. Oxirgi yillarda transfer bozoridagi ehtiyotkorlik, ayrim pozitsiyalardagi bo‘shliqlar, stadion atrofida “penny pinching” – tiyin sanash haqidagi gap-so‘zlar kuchaydi. “FSG Out” yozuvlari hali keng tarqalmagan, lekin agar jamoa yana bir necha mavsum davomida cho‘qqidan uzoqlashsa, bu shiorlar ham ko‘rinishi hech gap emas.
Shu fon’da Bezos va hamkorlarining kelishi yangi bobni ochadi. Bu bob qanday yoziladi – hozircha jumboq.
Wrexham: Hollywood ssenariysi, lekin haqiqiy raqamlar
Moliyaviy va imidj jihatidan mutlaq muvaffaqiyat deya atash mumkin bo‘lgan kam sonli loyihalardan biri – Wrexham FC.
Aktorlar Ryan Reynolds va Rob McElhenney katta klublar o‘rtasida emas, kichik, qiynalayotgan jamoa ustiga tikish qo‘ydi. Narx past, kutishlar ham shunga yarasha edi. Ular klubni atigi 1 funt evaziga nazoratga oldi, ammo shartnoma bo‘yicha 2 million funt investitsiya kiritishi kerak edi.
Ammo asosiy o‘zgarish puldan ham ko‘ra ko‘proq – e’tiborda bo‘ldi. Birdaniga millionlab insonlar Wrexham nomini eshita boshladi. Futbolni unchalik kuzatmaydiganlar ham klubga qiziqa boshladi. Daromadlar tez o‘sdi.
Adolat yuzasidan, Reynolds va McElhenney bu jarayonda shartnomadagi minimal majburiyatdan ancha ko‘proq sarmoya kiritdi, ko‘pincha qarz shaklida. Bu mablag‘lar klubni atigi olti yil ichida beshinchi ligadan ikkinchi ligagacha ko‘tarilishiga yordam berdi. Wrexham daromadlari bu davrda 28 baravar oshgani aytilmoqda.
Muxlislar ularni sevadi. Hozircha bu munosabatni buzish qiyin tasavvur qilinadi. Ular uchun bu loyiha – ko‘ngildan, kino yulduzlari uchun esa – iqtisodiy falokat ham emas. Klub ularning qarzlarini allaqachon to‘lab bo‘ldi, Disney+ uchun suratga olingan hujjatli serial esa alohida daromad oqimi bo‘ldi.
Eng qiziq raqam: yaqinda Apollo Sports Capital Wrexham’ga qariyb 48 million funt sarmoya kiritib, 10 foizlik ulush oldi. Bu klubni qariyb 480 million funtga baholash degani. Bir paytlar 1 funtga olingan nazorat paketi bugun butunlay boshqa o‘lchamda.
Muxlis – asir auditoriya
Wrexham misolida muxlislar katta ismli millionerlardan mamnun bo‘lishi mumkinligini ko‘rdik. Ular muvaffaqiyatni barqaror va muxlisga yo‘naltirilgan yo‘l bilan qurishga urinayotgandek ko‘rinadi.
Ammo yuqori qatlamda, ayniqsa Liverpool kabi gigantlar uchun, milliarderlarga bo‘lgan munosabat har doim ham iliq emas. Bir tomonda – sovrinlar uchun kurashish uchun chuqur cho‘ntak kerakligi haqidagi achchiq haqiqat. Boshqa tomonda – bu cho‘ntakning egasi bu investitsiyani qachondir qaytarib olmoqchi bo‘lishi muqarrarligi.
Daromadni oshirishning yo‘llari ma’lum: sovrin yutish, transferlarda aqlli ishlash, global homiylarni jalb qilish. Lekin eng yirik lever – muxlisning o‘zi. Ko‘proq forma, tez-tez dizayn yangilanishi, qimmatroq chiptalar, VIP paketlar, abonement narxlarining sekin-asta ko‘tarilishi – bularning bari o‘sha sodiq auditoriyaga tayanadi.
Oddiy biznesda mijoz narxdan norozi bo‘lsa, brendni o‘zgartiradi. Futbolda esa bu deyarli gunoh bilan barobar. Muxlis klubni tark etmaydi. Aynan shuning uchun ham Bezos va uning avlodidagi milliarderlar futbolga kirib kelishda davom etadi.
Savol faqat bitta: Anfild ularning qo‘liga tushgan navbatdagi “aktiv”ka aylanadimi yoki Liverpool bu o‘yinda ham o‘ziga xos yo‘l topadimi?






