Amorim Milan Loftus-Cheekni Lampardga bermadi
Coventry City yozgi bozorni baland notada ochmoqchi edi. Premer-ligaga yangi ko‘tarilgan klub tajribali, 30 yoshli Ruben Loftus-Cheekni asosiy nishon qilib tanladi va stolga 10 million yevrolik taklif qo‘ydi. Ammo javob tez keldi. Va keskin bo‘ldi.
San Sirodagi kabinetlarda bu raqamga deyarli e’tibor ham berilmadi. Milan rahbariyati taklifni rasman rad etdi, ammo bu qarorning orqasida faqat moliyaviy sabab emas. Bu – yangi davr murabbiysi Rúben Amorimning birinchi katta pozitsion g‘alabalaridan biri.
Amorimning birinchi “veto”si
Tuttosport ma’lumotiga ko‘ra, aynan Amorim Loftus-Cheekning ketishiga qat’iy to‘siq qo‘ydi. Portugaliyalik murabbiy ingliz yarim himoyachisini 2026–27 yilgi mavsum loyihasining markaziy bo‘g‘ini sifatida ko‘rmoqda. U nafaqat tajriba, nafaqat jismoniy kuch. Amorim uchun bu – tizimdagi noyob detal.
Loftus-Cheekning chiziqlar orasida o‘ynash qobiliyati, pressingdan chiqishdagi yengilligi va pozitsiyalarni almashtirishdagi moslashuvchanligi murabbiyning ko‘zini to‘ldirgan. U aynan shunday futbolchi bilan o‘z falsafasini tezroq singdirishi mumkinligini biladi. Shuning uchun ham u transfer eshigini shartta yopdi.
Amorimning qarori aniq: bu yozda Loftus-Cheek sotilmaydi.
Lampard uchun yopilgan eshik
Bu rad javobi bir vaqtning o‘zida yana bir hikoyani muzlatib qo‘ydi. Frank Lampard va Ruben Loftus-Cheekning qayta uchrashuvi endi noma’lum muddatga qoldi.
Coventry City bosh murabbiyi bo‘lgan Lampard sobiq shogirdini yana qo‘l ostiga qaytarishni juda istayotgan edi. Ular Stamford Bridge davrida birga ishlagan, Loftus-Cheek o‘sha payt murabbiyning ishonchini oqlagan futbolchilardan biri bo‘lgan. Endi esa Lampard yangi Premer-liga mavsumida aynan shunday tajribali, universal yarim himoyachiga tayanishni rejalashtirgandi.
Ammo Milan devorlari bu safar mustahkam turdi. Taklif rad etildi, reja buzildi, Lampard esa boshqa variant izlashga majbur.
Milan o‘rtasidagi tayanch
Loftus-Cheek hozir Italiya elitasi uchun begona emas. U 2023 yil yozida Chelsea safidan Milan klubiga 19 million yevroga to‘liq transfer asosida kelgan va shu bilan Serie A’dagi faoliyatining yangi bobini ochgan edi.
Endi u A Seriyadagi to‘rtinchi ketma-ket mavsumiga kirib bormoqda. Bu vaqt ichida u Rossoneri o‘rtasida jismonan hukmron, ishonchli va barqaror figuralardan biriga aylandi. Milan muxlislari uni ko‘pincha raqib pressingini yorib o‘tadigan, ikkinchi tempda jarima maydoniga kirib keladigan futbolchi sifatida qabul qila boshladi.
Shu fonda 10 million yevrolik taklif na sport nuqtayi nazaridan, na bozor qiymati kontekstida jiddiy variant bo‘lib ko‘rindi. Ayniqsa, yangi murabbiy uni sxemaning markaziga qo‘yayotgan bir paytda.
Shartnoma soyasi
Shunga qaramay, bu hikoyaning ichida Milan uchun nozik nuqta bor. Loftus-Cheekning San Sirodagi amaldagi shartnomasi tugashiga bir yildan kam vaqt qoldi. Vaqt esa futbol bozorida eng qimmat resurslardan biri.
Agar yaqin oylar ichida yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlanmasa, Rossoneri kelasi yozda uni bepul qo‘ldan boy berish xavfi bilan yuzma-yuz qoladi. Bu esa klub siyosati va moliyaviy rejalashtirish nuqtayi nazaridan qabul qilib bo‘lmaydigan ssenariy.
Hozircha Amorim sport tamonini himoya qilib turibdi – u Loftus-Cheekni maydonda saqlab qolishni tanladi. Endi navbat rahbariyatga: ular bu ishonchni yangi shartnoma bilan mustahkamlashadimi yoki keyingi yozda og‘riqli savolga javob berishga majbur bo‘lishadimi?







