UZB sport

Zolani Tete otib o‘ldirildi: sobiq jahon chempioni haqidagi fojiali xabar

Sharqiy Keypning faxri bo‘lgan sobiq jahon chempioni, ringlarda “Last Born” laqabi bilan tanilgan bokschi Zolani Tete Mdantsaneda otib o‘ldirildi. Juma oqshomi, soat taxminan 18:30 atrofida sodir bo‘lgan hujum uning hayotini joyida yakunladi.

38 yoshli Tete o‘z uyining darvozasi ochilishini kutayotgan edi. Dastlab tinch ko‘ringan lahza bir zumda qonga botgan sahnaga aylandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum ikki qurolli shaxs avtomobildan tushib, balaklava kiygan holda Tete va uning yonida bo‘lgan 27 yoshli ayol yo‘lovchiga qarata o‘q uza boshlagan.

U o‘q yomg‘iridan qochish uchun mashinasini hovliga haydab kirishga urindi. Ammo tan jarohatlari og‘ir bo‘ldi. U voqea joyining o‘zida halok bo‘ldi.

Yonida bo‘lgan ayol bir necha o‘q jarohati bilan shifoxonaga shoshilinch ravishda yetkazildi. Uning ahvoli haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi.

Bokschining menejeri Mlandeli Tengimfene Tete qurolli shaxslar tomonidan uy oldida to‘satdan hujumga uchraganini tasdiqladi. U, shuningdek, Teten’ing yaqin qarindoshlari bu fojia haqida xabardor qilinganini ma’lum qildi.

Hududiy politsiya matbuot kotibi brigadir Nobuntu Gantana voqea yuzasidan qotillik bo‘yicha ish ochilganini bildirdi. Uning aytishicha, tergov guruhi hanuz hodisa joyida ishlamoqda, barcha protseduralar bajarilmoqda.

Gantana hozircha rasmiy ravishda marhumning shaxsini tasdiqlay olmasligini, bu jarayon tergov tartib-qoidalariga ko‘ra amalga oshirilishini ta’kidladi. Politsiya otishma atrofidagi holatlar va batafsil ma’lumotlar tergov ilgarilashi bilan oshkor etilishini bildirgan. Hozircha hech kim qo‘lga olingan emas.

Bu o‘q ovozlari nafaqat Mdantsane ko‘chalarini, balki Janubiy Afrika boks jamoatchiligining yuragini ham larzaga soldi. Chunki Zolani Tete ringga qaytish arafasida edi.

Tengimfene ma’lum qilishicha, sobiq ikki karra jahon chempioni to‘rt yillik diskvalifikatsiya muddati yakunlangach, 29 noyabr kuni qayta jangga chiqishi rejalashtirilgan edi. U yana bir bor katta sahnaga qaytish, o‘z nomini yangidan himoya qilish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Endi esa ringga qaytish orzusi o‘q ovozlari ostida so‘ndi. Tergov esa bu dahshatli kecha ortida kim turganini va nega bunday bo‘lganini aniqlashga urinmoqda.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling