UZB sport

Yozgi sahna: Premyer-liga yangi yulduzlar

Yozgi tayyorgarlikda yana bir o‘smir atrofida gap-so‘z ko‘paymoqda. Ngumoha o‘tgan mavsum oldidan qanday shov-shuv qilgan bo‘lsa, endi navbat Josh Abe’ga kelgandek.

Liverpool: Salah ketdi, sahna Josh Abe uchun ochildi

U AQSh bo‘ylab safarda ilk bor to‘liq darajada birinchi jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazadi. O‘tgan mavsumda u atigi 15 yoshida Arne Slot mashg‘ulotlariga qo‘shilib ulgurgan, bunga esa U-18 darajasidagi hayratlanarli ko‘rsatkichlari sabab bo‘lgan: 10 liga uchrashuvida 8 ta gol va 3 ta golli uzatma.

Jarohat kampaniyasini erta yakunladi, ammo uning atrofidagi shovqin pasaymadi. Chelsea, Manchester United va Manchester City uni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rdi, Liverpool esa 16 yoshini endigina qarshilagan hujumchini Merseysaydda ushlab qolish uchun jiddiy kurash olib bordi.

Chap oyoqli, o‘ng qanotdan ichkariga kesib kirishni yoqtiradigan vinger. Eng muhimi – imkoniyat. Mohamed Salah ketgan, yangi kelgan Victor Munoz esa Ispaniyaning jahon chempionligidan so‘ng kechroq jamoga qo‘shiladi. Demak, yozgi o‘yinlarda qanot bo‘sh, Abe uchun esa eshik ochiq.

Chelsea: chap qanot bo‘shab qoldi, Landon Emenalo sahnaga chiqadi

Stamford Bridge’da ham o‘zgarishlar. Marc Cucurella Real Madrid safiga yo‘l oldi, chap qanot bo‘sh. Xabi Alonso uch yoki to‘rt himoyachi bilan o‘ynashidan qat’i nazar, bu zonada yangi yechim kerak bo‘ladi.

Jorrel Hato va Levi Colwill asosiy variantlar sifatida ko‘rinib turibdi. Yangi kelgan Valentin Barco ham qanot himoyachisi sifatida ishlatilishi mumkin. Geovany Quenda ham shu hududda o‘ynay oladi, ammo u o‘ng tomonda o‘zini erkinroq his qiladi.

Shu fon’da yana bir ism ko‘tarilmoqda – Landon Emenalo. Klubning sobiq sport direktori Michael Emenalo o‘g‘li endi birinchi jamoa eshigini taqillatmoqda. U akademiya darajasida ham Chelsea, ham Angliya terma jamoalarida o‘zini ko‘rsatib bo‘ldi.

Markaziy yarim himoyachi, kerak bo‘lsa chap qanot himoyachisi sifatida ham o‘ynay oladi. Eng katta quroli – to‘p bilan xotirjamligi. Alonso uchun yozgi safarda aynan shunday futbolchilar ko‘zga tashlanadi.

18 yoshli Emenalo bilan birga Avstraliya va Osiyo bo‘ylab safarga Reggie Walsh, Shim Mheuka va Ryan Kavuma-McQueen ham borishi kutilmoqda. G‘arbiy Londonda ular kelajak ustunlari sifatida ko‘rilmoqda.

Manchester United: “Little Messi” nihoyat katta sahnaga chiqadimi?

Agar bu ro‘yxatda bir futbolchi atrofidagi shovqin Ngumoha yoki ayniqsa Dowman darajasiga yetgan bo‘lsa, u – Manchester United hujumchisi JJ Gabriel.

Akademiyada unga “Little Messi” laqabi berilganini eshitgan kuniyoq, uning katta sahnaga chiqishi atrofida kutish kayfiyati paydo bo‘lgandi. Endi esa bu lahza nihoyat yetib kelayotgandek.

Yozda United Dublin, Gothenburg va Wroclaw shaharlarini qamrab oladigan qisqa Yevropa safariga chiqadi. Gabriel ilk nazorat uchrashuvi – Wrexhamga qarshi o‘yinda maydonga tushmadi, ammo Michael Carrick yangi mavsum oldidan unga albatta imkoniyat berishi kutilmoqda.

U atigi oktyabrda 15 yoshga to‘ldi. Shunga qaramay, o‘tgan mavsum U-18 jamoasining asosiy yulduzi bo‘ldi: liga doirasida 23 o‘yinda 23 ta gol, U-18 Premier League’ning mavsum eng yaxshi futbolchisi unvoni va FA Youth Cup finaligacha bo‘lgan yo‘lda bosh yetakchilik.

Gabriel allaqachon Angliya U-17 safida ham o‘ynab ulgurgan. Markaziy hujumchi ham, kenglikdagi forvard sifatida ham harakat qila oladi. Klub ichida so‘nggi yigirma yil ichida akademiyadan chiqqan eng yuqori potentsialga ega futbolchilardan biri sifatida tilga olinmoqda. Endi esa savol bitta: u yozgi o‘yinlarda bu umidlarni bir zumda oqlay oladimi?

Everton: golga chanqoq klub va Braiden Graham

Everton uchun bitta haqiqat bor: gollar yetishmayapti. Beto va Thierno Barry mavsum oxiriga borib o‘sish alomatlarini ko‘rsatdi, lekin Toffees 2017-18 yildan beri ilk bor Yevropa maydoniga qaytishni istasa, oldingi chiziqda raqobat kuchayishi shart.

Bu bo‘shliqni Braiden Graham to‘ldirishi mumkin. 18 yoshli hujumchi o‘tgan mavsum Everton yoshlar jamoalarida 34 o‘yinda 25 ta gol urdi. Bu ko‘rsatkich unga iyun oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun Shimoliy Irlandiya katta terma jamoasiga ilk chaqiruvni olib keldi.

Endi esa u David Moyes boshchiligidagi birinchi jamoa bilan yozgi tayyorgarlikni boshlamoqda. Yoshligining katta qismi markaziy hujumchi sifatida o‘tdi, biroq jismoniy jihatdan uncha baland bo‘lmagani sababli so‘nggi 12 oyda qanotga surildi. Chapdan o‘ynab, ichkariga kirish – ayni damda uning asosiy quroli va Moyes ko‘ziga tashlanish yo‘li.

Aston Villa: FIFA bilan kurashayotgan Brian Madjo

O‘tgan mavsum boshida Fransiyada g‘alati manzara kuzatildi: Ligue 1da 16 yoshli ingliz hujumchi asosiy tarkibda o‘yin boshlayapti. Bu – Brian Madjo edi. U Metz safida besh marta maydonga tushdi, so‘ngra yanvarda Aston Villa uni 10 million funt evaziga sotib oldi.

Shundan keyin esa hammasi to‘xtab qoldi. FIFA uning ro‘yxatdan o‘tishini blokladi. Sabab – murakkab. Madjo Angliyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, Villa Parkka ko‘chishidan sal oldin Luksemburg katta terma jamoasi safida uchta o‘yin o‘tkazishga ulgurgan. FIFA qoidalariga ko‘ra, bu holat uni xorijlik futbolchi sifatida qayd etadi va u 18 yoshga to‘lmaguncha “uy davlati”dan tashqariga transfer qilinmasligi kerak.

Aston Villa bu qarorni bekor qilish uchun ishni Sport arbitraj sudi – CASga olib chiqdi. Hozircha esa yagona ruxsat – o‘rtoqlik uchrashuvlari. Madjo esa imkoniyatni boy bermayapti: Yevropa Ligasining amaldagi g‘oliblari ilk nazorat o‘yinida Walsallga qarshi maydonga tushib, dubl qayd etdi.

6 fut 4 dyuym bo‘y, kuchli gavda. U avvalroq Romelu Lukaku bilan taqqoslangan. Angliya hujumchilar avlodida eng yuqori baholangan iste’dodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. U mavsumning birinchi yarmida rasmiy o‘yinlarda maydonga tushadimi-yo‘qmi, hali noma’lum. Lekin yozgi tayyorgarlik Unai Emeryga uning nimalarga qodirligini ko‘rsatish uchun yetarli bo‘ladi.

Manchester City: Jeremy Monga shov-shuv qiladi, lekin ko‘zlar Stephen Mfuni’da

Manchester City tarkibidagi ko‘plab futbolchilar jahon chempionatida uzoqqa borganidan so‘ng, Enzo Maresca yozgi Osiyo safarida yoshlarga tayangan holda ish boshlashga majbur bo‘ladi.

Ko‘pchilik e’tibori, tabiiyki, yozda Leicester Citydan Arsenalni ortda qoldirib olib kelingan Jeremy Monga atrofida bo‘ladi. Lekin ichkarida, murabbiylar shtabida bir ism alohida qiziqish uyg‘otmoqda – markaziy himoyachi Stephen Mfuni.

18 yoshli himoyachi yanvarda City safida debyut qilgan, so‘ngra Watfordga ijaraga yo‘l olgan edi. Championshipdagi ilk jiddiy sinovida u juda kuchli taassurot qoldirdi. Jarohat Vicarage Roaddagi davrini muddatidan oldin yakunladi, ammo endi u to‘liq tiklangan va yana o‘zini ko‘rsatishga tayyor.

Chap oyoqli markaziy himoyachi, o‘yinni a’lo darajada o‘qiydi, to‘p bilan ham o‘zini erkin his qiladi. Uning profili kelajakda Angliya terma jamoasi uchun tabiiy nomzoddek ko‘rinadi. Premyer-liga klublari allaqachon uni ijaraga olishga navbatga turib bo‘lishgan, City muxlislari esa yaqin haftalarda nima uchun bunday qiziqish borligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istaydi.

Arsenal: Dowman soyasida o‘sayotgan Marli Salmon

Arsenalda Dowman atrofidagi shovqin tabiiy, ammo Hale End so‘nggi 12 oy ichida faqat bitta yulduz yetishtirmadi. 16 yoshli Marli Salmon ham tobora balandroq baholanmoqda va tez orada Mikel Arteta uchun muntazam variantga aylanishi mumkin degan umid katta.

U o‘tgan mavsum “to‘pchilar” safida to‘rt marta birinchi jamoa uchun maydonga tushdi. Endi esa sharoit yanada qulay: William Saliba yo‘q, Ben White va Jurrien Timber esa jarohatdan to‘liq tiklanish jarayonida. Premyer-liga chempionlari avgust boshida yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlarini boshlaganda, Salmon uchun daqiqalar topilishi ehtimoli yuqori.

U o‘ng qanot himoyachisi sifatida ham, o‘zining sevimli pozitsiyasi – markaziy himoyada ham o‘ynay oladi. Shimoliy Londonda uning to‘p bilan muomalasi va yoshiga nisbatan g‘ayrioddiy yetukligi alohida e’tirof etiladi.

Newcastle: notinch oynada kelgan oraliq yechim – Sean Steur

Newcastle yana bir notinch transfer oynasini boshdan kechirmoqda. Muhim futbolchilar ketmoqda, ammo Eddie Howe qo‘liga qiziqarli yoshlar ham kelmoqda. Ular orasida Sean Steur alohida ajralib turadi.

U Amsterdamdan Tynesidega 23 million funt evaziga ko‘chib o‘tdi. Ajax safida o‘tgan mavsum asosiy jamoaga kirib bordi, Eredivisie o‘yinlarida aniqligi va uzatish madaniyati bilan ko‘zga tashlandi. Atigi 18 yoshda bo‘lishiga qaramay, bir qator Premyer-liga gigantlari uni o‘z safiga qo‘shib olishni istagan, ammo oxir-oqibat Newcastle g‘olib chiqdi.

Steur Sandro Tonali va ehtimol Bruno Guimaraes qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirishga yordam berishi kutilmoqda. Klubdagi boshqa yarim himoyachilar jahon chempionatidan keyingi ta’tilni davom ettirayotgan bir paytda, u yozgi o‘yinlarda markaziy figuraga aylanishi mumkin.

Tottenham: De Zerbi qo‘lida yetilayotgan Luca Williams-Barnett

Tottenham so‘nggi yillarda ko‘plab muammolarga duch keldi, lekin bir yo‘nalishda manzara yorqin: akademiya. Roberto De Zerbi hozirgi jamoani qayta qurayotganda, klub ichkarisida bir necha iste’dodli yoshlar ham o‘sib kelmoqda. Ulardan eng yorqinlaridan biri – Luca Williams-Barnett.

18 yoshli yarim himoyachi o‘tgan yil sentyabr oyida birinchi jamoada debyut qilgan, keyin esa imkoniyatlar kamaygan. Endi esa vaziyat o‘zgarishi mumkin. U chorshanba kuni MK Dons ustidan qozonilgan g‘alabada juda ijobiy taassurot qoldirdi va De Zerbi uni Avstraliya va Yangi Zelandiyaga bo‘ladigan navbatdagi safarga olib ketmoqda.

Williams-Barnett hujumkor yarim himoyachi, ammo qanotda ham o‘ynay oladi. Bu moslashuvchanlik unga bu mavsumda daqiqalar uchun kurashish imkonini beradi, ayniqsa boshqa akademiya yulduzi Mikey Moore yana ijaraga berilsa.

Brighton: katta pul, katta umid – Zadok Yohanna

Brighton yana o‘z uslubida ish tutmoqda: yosh, iste’dodli futbolchilar, lekin bu safar ancha katta sarmoya bilan. Tottenham markaziy himoyachisi Luka Vuskovic uchun 46 million funt to‘langan bo‘lsa, shved klubi AIKdan Zadok Yohanna transferi 21,5 million funtga tushdi.

19 yoshli vinger yangi yil boshidan beri klub safida 11 o‘yinda 5 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etdi. Unga Chelsea ham ko‘z tikkan edi, ammo janubiy sohil klubi tezroq harakat qildi va bitimni yopdi.

Yohanna – tezlik, fintlar, birga-bir vaziyatlarda dadillik. Himoyachilar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lishi mumkin bo‘lgan profil. Brighton yozgi tayyorgarlikning ilk bosqichi uchun Fransiyaga yo‘l olar ekan, u o‘zining yangi ligadagi ilk izlarini aynan shu yerda qoldirishni niyat qilmoqda.

Bu yozgi sahnada ism ko‘p, imkoniyat esa bitta: o‘zini ko‘rsatish. Savol shuki, shu bolalardan qaysi biri kelasi mavsum Premyer-ligani larzaga keltiradigan navbatdagi yulduzga aylanadi?