Youri Tielemansning Aston Villa bilan hissiy uzilishi
Youri Tielemans yozgi transfer oynasidagi eng ko‘p gapirilgan o‘tishlardan birini amalga oshirdi. Endi u Old Traffordda, besh yillik shartnoma bilan Manchester United safida. Ammo uning og‘zidan chiqqan bir jumla sobiq klubi Aston Villa bilan munosabatlarga sovuq tus berdi.
Belgiya terma jamoasi yarim himoyachisi Villa Parkda uch yil o‘tkazdi. 2023 yilda Leicester Citydan kelganidan buyon u klub uchun 134 ta o‘yin o‘tkazdi, 10 ta gol urdi va Unai Emery qo‘l ostida o‘z o‘yinini qayta tiklagan futbolchilardan biriga aylandi. O‘zi ham buni tan oldi: pre-sezon safarida bergan intervyusida Villa uni “eng yaxshi darajamga qaytarganini” e’tirof etdi.
Shu yerga qadar hammasi iliq, hurmatli, odatiy minnatdorchilik edi. Keyingi jumla esa portlashga sabab bo‘ldi.
“But there are clubs above Villa, and Manchester United is one of them,” – dedi u.
Birgina fikr. Lekin Villa muxlislari uchun bu bepisandlikdek yangradi. O‘z klubini “tepada turganlar” ro‘yxatidan tashqariga chiqarib qo‘ygan sobiq sardor emas, ammo asosiy figuralardan biri – bu og‘ir qabul qilinadigan gap. Ayniqsa, oxirgi yillarda Aston Villa o‘zini Angliya futbolining yuqori qatlamida qayta ta’riflayotgan bir paytda.
Reaksiya kechikmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngli qolgan muxlislar, hafsalasi pir bo‘lgan izohlar, “hurmat yo‘q” degan e’tirozlar. Tielemans esa sukut saqlashni tanlamadi.
U Instagram sahifasida murojaat bilan chiqdi, ohang esa aniq – o‘z xatosini tan olish va vaziyatni yumshatish.
“Kecha matbuotdagi so‘zlarim bilan hech kimni yoki Aston Villa Football Club institutini xafa qilishni istamagan edim, men bu klubni juda hurmat qilaman va o‘tgan 3 yil uchun minnatdorman,” – deb yozdi u.
Keyin esa eng muhim qismiga o‘tdi: “Men xatomni tan olishim va so‘z tanlashdagi xatoim uchun uzr so‘rashim kerak, kelajakda yanada ehtiyotkor bo‘laman. Klubga kelajakda eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.”
Bu oddiy diplomatik bayonot emasdi. Gaplarida aniq ohang bor: Tielemans Aston Villa uning karerasidagi muhim bosqich bo‘lganini biladi. Uni “tepada turganlar” orasiga qo‘shmagan bo‘lishi mumkin, ammo o‘zini qayta tiklashiga aynan shu klub sabab bo‘lganini ochiq aytgan.
Shu bilan birga, bu epizod bugungi futbolning boshqa bir haqiqatini ham ko‘rsatadi: har bir intervyu, har bir jumla, ayniqsa “kattaroq klub” haqidagi taqqoslashlar, darhol muxlislar g‘ururiga tegishi mumkin. Ayniqsa, o‘z loyihasiga ishonayotgan va tez sur’atda o‘sayotgan klub tarafdorlari uchun.
Manchester United uchun bu transfer sport jihatidan kuchayish, tajribali, texnikasi nozik yarim himoyachini qo‘lga kiritish demak. Aston Villa uchun esa – o‘z loyihasini yuksaltirgan, lekin oxir-oqibat “tepaga sakrash” uchun raqib lageriga ketgan futbolchini yo‘qotish.
Tielemans esa endi yangi bosqichda. Old Trafford tribunalarida undan katta o‘yinlar, katta mas’uliyat, katta natijalar kutishadi. Savol esa ochiq qoladi: u Aston Villadagi uch yilini orqaga qarab ko‘rganda, bu so‘zlar emas, maydondagi ishlari bilan eslanadimi?






