UZB sport

Yangi Madring: F1 taqvimida murakkab gigant

Formula 1 2023-yilgi Las Vegasdan keyin ilk bor butunlay yangi trassaga qadam qo‘ymoqda. Bu hafta Ispaniya Gran-prisini qabul qilayotgan Madring allaqachon paddokda asosiy mavzuga aylangan. Hali mashg‘ulotlarga bir sutka bor, lekin trassa bo‘ylab ilk sayrdayoq uning qanchalik “qiyin mijoz” ekani sezilib turibdi.

Yarim ko‘cha, yarim doimiy — Madringning ikki yuzi

Rasmiy tasnifda Madring ko‘cha trassasi. U Madrid bosh aeroporti yaqinidagi IFEMA ko‘rgazma majmuasi atrofida aylanib o‘tadi. Lekin faqat yarmi shahar uslubida: boshqa qismi ko‘proq doimiy avtodromni eslatadi, ayniqsa mashhur La Monumental tomon cho‘zilgan bo‘limda.

Relьef ham befarq emas. 7-burilishdan 8-burilishga qadar 8 foizlik ko‘tarilish bor. Qog‘ozda raqam shunchaki raqamdek tuyulishi mumkin, lekin trassada yurganda bu o‘zini butunlay boshqacha his qildiradi: ko‘tarilish ko‘rinishi bilan haydovchiga ham, muhandisga ham jiddiy signal berib turibdi.

La Monumental: amfiteatrga aylangan burilish

Madring haqida gap ketganda hamma avvalo La Monumentalni tilga oladi. Banklangan ulkan burilish trassa chizmalaridayoq e’tibor tortgan, endi esa tayyor holatda u yanada ta’sirli ko‘rinadi.

550 metrga cho‘zilgan bu burilishni ikki tomondan baland tribunalarning devordek o‘rab olgani, ichki qismida ulkan mehmondo‘stlik zonasi qad rostlagani unga haqiqiy amfiteatr kayfiyatini beradi. Interlagosdagi start-finish to‘g‘ri chizig‘i atrofidagi shovqin-suronga o‘xshash intensivlikni shu yerda tasavvur qilish qiyin emas.

Endi asosiy savol: bu yerda bir nechta poyga trayektoriyasini topish mumkinmi? Agar ha bo‘lsa, La Monumental nafaqat texnik sinov, balki o‘tishlar uchun ham oltin imkoniyatga aylanishi mumkin.

5-burilish: yashirin xavf nuqtasi

Madring atrofida haydovchini xatoga majbur qilishi mumkin bo‘lgan joylar ko‘p. La Monumental bor, 17-burilishdagi keskin tormozlanish bor — u yerda haydovchi tez chap burilishdan so‘ng og‘ir o‘ngga tushadi, bu ham oson vazifa emas.

Ammo dastlabki ishoralar boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda. F3 sinovlari, asfalt ustida qolgan shinalar izi va marshrutni ko‘zdan kechirish shuni ko‘rsatadiki, asosiy muammo 5/6-burilishlardagi shikan bo‘lishi mumkin.

U trassaning eng tez qismidan keyin keladi: 3-burilishdan keyingi uzun, keng yoy bo‘limdan so‘ng haydovchi murakkab shikanga kirib boradi. Kerblarni ehtiyotkorlik bilan “tishlash” kerak bo‘ladi, lekin asosiy xavf chiqishdagi to‘siq burchagida. U yerda torayish nuqtasi hosil bo‘ladi va aynan shu ko‘plab xatolarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

Silliq asfalt — lekin bu ham bosh og‘riq bo‘lishi mumkin

So‘nggi yillarda ko‘cha trassalari ko‘pincha notekis asfalt bilan bosh og‘ritib kelgan. Madring esa butunlay boshqacha: silliq, deyarli “yog‘dek” yuzaga ega.

Trassa bo‘ylab yurganda asfalt sifati darhol ko‘zga tashlanadi. Mashinalar uchun ride height’ni balandlatishga majbur qiladigan kutilmagan “to‘lqinlar” deyarli yo‘q. Bu muhandislar uchun qulay, lekin shinalar va qizib ketish nuqtayi nazaridan yangi boshqotirma ham demak: silliq asfalt ko‘pincha past eskirish, ammo sirpanchiq ilk davrlar va murakkab ish harorati diapazonini anglatadi.

Trassa cheklari ko‘p joyda tabiiy — devorlar bilan belgilangan. Ayrim bo‘limlarda esa haydovchilarni beton devordan uzoqroqda ushlab turish uchun bo‘yalgan kerblar qo‘yilgan. FIA ularga yo‘l-yo‘riq berish maqsadida Jeddah, Miami va Austin trassalarida qo‘llanilgan mayda bo‘yalgan “qovurg‘a” chiziqlaridan foydalangan. Oq chiziqlarni kesib o‘tmaslik uchun haydovchi rulda juda nozik ishlashi kerak bo‘ladi.

IFEMA paddock’i: yo‘qolib qolish oson bo‘lgan labirint

Madringga kelganlarning birinchi “poygasi” trassa emas, paddok ichida boshlanadi. Sababi oddiy: bu joy juda ulkan.

Garajlar IFEMA ko‘rgazma markazi ichiga joylashtirilgan va bu butunlay noodatiy sxemani yuzaga keltirgan. Odatdagidek bir chiziq bo‘ylab ketma-ket turadigan garajlar o‘rniga, paddock o‘rtasida 150 metrlik bo‘shliq bor. Aynan shu oraliqqa media va TV zonasi joylashtirilgan. Bir tomonda Williams, ikkinchi tomonda Racing Bulls — ular odatda yonma-yon turadigan jamoalar, endi esa ular orasida ikki daqiqadan ortiq piyoda yurish kerak.

Garajlar ortidagi manzara ham noodatiy. Yuk mashinalari va muhandislik ofislari turli joylarga tarqalgan, mehmondo‘stlik zonalari esa umuman alohida hududga ko‘chirilgan. IFEMA majmuasi tuzilishi tufayli ayrim jamoalar konditsionerli binolarda joylashgan, boshqalar — jumladan McLaren va Mercedes — ochiq havoda, issiq ostida ishlashga majbur.

Bu logistik chalkashlik poyga haftasining o‘ziga xos foniga aylanmoqda. Har bir yurish — xuddi yangi sektorni o‘rganishdek.

Juda uzun pit-leyndan keladigan narx

Garajlar majmuasining cho‘zilgan sxemasi pit-leynga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. U bu yerda shunchaki uzun emas — juda, juda uzun.

Ikki tezlik cheklovi chizig‘i orasidagi rasmiy masofa 562 metrni tashkil etadi. Ustiga-ustak, chiqish yo‘li ham qo‘shimcha metrlar qo‘shadi: mashinalar tezlikni oshirgancha o‘ng tomondagi beton devorga qarab “uchib” boradi va faqat 3-burilish chiqishida asosiy trassaga qo‘shiladi.

Pirelli hisob-kitobiga ko‘ra, pit-stopdagi vaqt yo‘qotish taxminan 25 soniyani tashkil etadi. Bunga pit-leyndan qaytish birinchi burilishda emas, balki 3-burilishda amalga oshirilishi ham yordam beradi. Lekin baribir bu ko‘rsatkich strateglar uchun juda og‘ir raqam: qo‘shimcha pit-stop haqida o‘ylashdan oldin jamoalar ikki marta emas, uch marta o‘ylashi kerak bo‘ladi.

Madring hali birorta rasmiy F1 sessiyasini ko‘rmagan, ammo allaqachon o‘z xarakterini ko‘rsatib ulgurgan: vizual jihatdan hayratga soladigan, texnik tomondan murakkab, logistika nuqtayi nazaridan esa sinovli trassa. Endi savol bitta: birinchi chiqishdayoq kim uning talabchan ritmiga moslasha oladi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil