UZB sport

Victor Munoz – Iraola futbolining yuzi

Andoni Iraola Anfildga kelgan kunidayoq nimani o‘zgartirmoqchi ekanini yashirmadi. Matbuot zalida bir og‘iz gap bilan chizig‘ini chizib berdi: “Biz ko‘p ishlaydigan, intensiv, agressiv jamoa bo‘lishimiz kerak.”

Bu g‘oya qog‘ozdagi shior emas. Unga maydondagi yuzi ham topildi. Ismi – Victor Munoz.

Munoz – Iraola futbolining yuzi

23 yoshli ispaniyalik vinger yozda Osasuna’dan 34,5 million funt evaziga kelganida, bu shunchaki navbatdagi transfer bo‘lib ko‘rinishi mumkin edi. Aslida esa, bu bitim Iraola rejasining markazida turibdi.

Munoz o‘zi ham nega aynan Liverpool’ga chaqirilganini aniq aytib berdi. El Pais’ga bergan intervyusida savolga javob berarkan, u ortiqcha kamtarlik qilgani yo‘q: uningcha, Andoni Iraola aynan o‘yinlarni “yorib tashlaydigan” bevosita o‘yini, raqibni bo‘g‘ib qo‘yayotgan pressingini xohlagan.

“Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ynashim, o‘yinlarni ochishga urinayotganim, pressing va raqibni bo‘g‘ib qo‘yishga intilishim – murabbiy vingerda izlaydigan sifatlardir. U qaror qilganining katta sababi ham shular,” – deydi Munoz.

Uning bu so‘zlari birinchi daqiqalardanoq tasdiq topdi. Yakshanba kuni Anfildda Monaco’ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida u ilk bor Liverpool libosida maydonga tushdi. Zaxiradan chiqqan zahoti, qanotdan “Kop” tomon otilib ketdi, raqib himoyachisini ortda qoldirdi, tribunalar jonlanib ketdi. Kichik epizod, lekin ohangni aniq ko‘rsatib berdi.

Iraola talabi: old chiziqda rahm-shafqat yo‘q

Iraola futbolida to‘p raqibda bo‘lsa, hujumchilar uchun hamma narsa juda sodda: yugurasan, bosim qilasan, yutasan. U Bournemouth’da shunday ishlagan. Marcus Tavernier o‘tgan mavsumda hujum uchinchi zonasida to‘pni qaytarib olish bo‘yicha Liverpool’ning istalgan futbolchisidan ko‘proq marta buni uddalagan.

Evanilson va Junior Kroupi ham shu ro‘yxatning yuqori qismida edi. Bu tasodif emas. Iraola boshchiligidagi Bournemouth uch yil davomida Premyer ligada sprintlar soni bo‘yicha doimiy ravishda ikki eng yaxshi jamoa ichida bo‘ldi. U shunday futbolni talab qiladi – to‘xtamasdan yuguradigan, raqibni tinch qo‘ymaydigan jamoa.

Liverpool uni aynan shuning uchun olib keldi. Arne Slot davrida jamoaning o‘yinida paydo bo‘lgan sustkashlik, tribunalarni charchatgan passivlikni yo‘qotish uchun. Falsafa o‘zgarishi faqat nutqlarda bo‘lmaydi – maydondagi odamlar ham o‘zgarishi kerak.

34 yoshli Mohamed Salah endi avvalgi kabi doimiy ravishda pressing qiladigan, raqib himoyasini “yeb qo‘yadigan” futbolchi bo‘la olmaydi. Vaqt o‘z so‘zini aytdi. Munoz esa bo‘lishi mumkin. O‘tgan mavsum LaLiga’da u hujum uchinchi zonasida to‘pni 22 marta qaytarib oldi – butun ligada bundan ko‘p qilgan atigi olti nafar futbolchi bor edi. Demak, Anfildda yuqori pressing yana qaytmoqda.

La Masia’dan Pamplonagacha bo‘lgan yo‘l

Munozning yo‘li ham klassik, ham noodatiy. Uning poydevori – Barcelona akademiyasi. 2014–2017 yillarda u La Masia’da Fermin Lopez, Alejandro Balde, Xavi Simons kabi nomlar bilan birga tarbiya ko‘rdi. Bu maktab texnika, o‘yinni tushunish, pozitsion savodxonlik beradi.

Keyin esa boshqa gigant – Real Madrid. U yerda ham barcha rivojlanish bosqichlaridan o‘tdi va o‘tgan yili LaLiga’da debyut qildi. Qaysi o‘yinda? Barcelona’ga qarshi, Vinicius Junior o‘rniga maydonga tushib. Ramziy sahna.

Lekin u odatiy “akademiya yulduzi” emas. Barcelona’da bo‘ldi – lekin chiqarib yuborildi. Real Madrid’ga yetib bordi – lekin asosiy tarkibga yo‘l yopiq bo‘lgach, imkoniyat uchun Osasuna’ga ketdi. Ispaniyaning birorta yosh terma jamoasida o‘ynamagan. Bugun esa u jahon chempioni medaliga ega.

CF Damm maslahatchisi Carlos Domenech uni “odatiy ekstrovert futbolchi emas” deb ta’riflaydi. Luis de la Fuente esa uning kamtarligini alohida e’tirof etgan, bu xususiyatni “o‘sishning eng yaxshi yo‘li” deb atagan. Bu sifatlar ayniqsa yulduzlar bilan to‘la kiyinish xonasida muhim bo‘ladi.

Munozning Osasuna’dagi ko‘rsatkichi yanada qiziqroq. Pamplona klubi LaLiga gigantlari qatoriga kirmaydi, lekin statistikada u eng zo‘rlar bilan yonma-yon turibdi. O‘tgan mavsumda undan ko‘proq dribblingni faqat uch futbolchi amalga oshirdi: Lamine Yamal, Vinicius, Kylian Mbappe.

Burchak zarbalari ishlash bo‘yicha ham u faqat uch nafar futbolchidan ortda qoldi, ularning barchasi Ispaniyaning ikki yirik klubida o‘ynaydi. To‘pni kamida 10 metr oldinga olib kirish – ya’ni jamoani maydon bo‘ylab ko‘tarish – bo‘yicha esa hujumchilar orasida faqat Vinicius undan oldinda bo‘ldi.

Bu raqamlar bir narsani ko‘rsatadi: Munoz raqib hududida o‘yin ritmini o‘zgartira oladigan futbolchi. Liverpool undan qarshi hujumlarda ham, yopiq mudofaani yorishda ham foydalanishni kutmoqda. Tezligi bor, dribblingi bor, raqibni ortda qoldirishdan qo‘rqmaydi.

Kuchli, lekin xom – Anfildda uni nima kutmoqda?

Shu bilan birga, u hali mukammal emas. Osasuna’da unga katta erkinlik berilgan edi. U zarbalar soni bo‘yicha ligada eng yuqori o‘ntalikda bo‘ldi, lekin gol bo‘yicha qirqtalikdan ham tashqarida qoldi. Sababi oddiy: ko‘p zarbalar uzoq masofadan yoki juda tor burchaklardan yo‘llangan.

Har bir zarba uchun kutilayotgan gol ko‘rsatkichi – 7,2 foiz. Taqqoslash uchun: Hugo Ekitike – 15,2 foiz, Florian Wirtz – 13,8 foiz, Salah – 12 foiz. Bu raqamlar Munozning qaror qabul qilishida ancha ish borligini ko‘rsatadi.

Liverpool’da vaziyat boshqacha bo‘ladi. Unda ko‘proq imkoniyatlar bo‘ladi, lekin yonida yuqori saviyali hamkorlar ham ko‘p bo‘ladi. Ba’zan zarba emas, pas to‘g‘ri yechim bo‘ladi. U buni o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi.

Ammo bu faqat bir tomonlama moslashuv emas. Iraola ham shuni ta’kidlaydi. “Shtab bilan yaxshi ishlayotgan narsalar va boshqacha qila olishimiz mumkin bo‘lgan jihatlar haqida gaplashdim. Men buni ‘yaxshiroq’ demasdim, ‘boshqacha’ derdim,” – deydi u.

Ya’ni, Liverpool Munozni o‘z tizimiga moslashtirish bilan cheklanmaydi. Jamoaning o‘zi ham uning kuchli tomonlariga mos ravishda qayta shakllanadi. Bu hamkorlik bo‘ladi, bir tomonlama talab emas.

Salah ketgan, “rock-and-roll” qaytishi kerak

Anfild tribunalarida bir istak anchadan beri pishib yotgandi. Mohamed Salah o‘zining xayrlashuv nutqida “rock-and-roll futboli”ni tilga olganida, bu shunchaki chiroyli ibora emas edi – Klopp davridagi yuksak ritm, bosim va beomon tempga ishora edi.

Endi bu merosni davom ettirish vazifasi Iraola zimmasida. U Liverpool’ni yana raqibni nafas olishga qo‘ymaydigan, old chiziqda to‘xtamasdan ishlaydigan, muxlislarni o‘rindiqda o‘tirishga qo‘ymaydigan jamoaga aylantirishi kerak.

Bu yo‘lda u birinchi katta bo‘lagini topdi – Victor Munoz. Endi savol bitta: Anfilddagi bu yangi, agressiv, yuqori pressingga asoslangan Liverpool’da u qanotdan emas, balki butun jamoaning ritmini belgilaydigan futbolchiga aylana oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil