Uros Medic: Islam Makhachev Ian Garry’ni uch raundga yetkazmaydi
UFC Belgrade kechasi Uros Medic uchun faqatgina asosiy jang emas. Uning nigohi allaqachon ikki haftadan keyin bo‘lib o‘tadigan, chempionlik taqdirini hal qiladigan to‘qnashuvga ham qadalgandek — Islam Makhachev va Ian Machado Garry o‘rtasidagi jangga.
Medic Belgraddagi asosiy bahsda Daniel Rodriguez’ga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Oradan ikki hafta o‘tib esa UFC 330 turnirida, Filadelfiyada, Ian Machado Garry yarim o‘rta vazn kamarini qo‘lga kiritish uchun Islam Makhachev’ga qarshi maydonga tushadi.
Ammo Medic’ning Garry haqida fikri faqat sport bilan cheklanmaydi.
Garryning “ayollar boshqaradigan dunyo” gapi va Medic’ning javobi
Ian Machado Garry yaqinda High Performance loyihasiga bergan intervyusida dunyo ayollar boshqarganida ancha yaxshi bo‘lishini ta’kidlab, ayniqsa turmush o‘rtog‘ining o‘ziga ko‘rsatgan ta’sirini alohida e’tirof etdi.
U shunday degan edi: agar dunyoni ayollar boshqarganida, hamma narsa sodda, oson va yaxshiroq bo‘lardi, biz ularga quloq solib, boshqaruvni topshirsak, dunyo yengilroq joyga aylanardi, degan mazmunda fikr bildirdi.
Medic’dan esa Makhachev – Garry jangi haqidagi fikri so‘ralganda, u avvalo shu bayonotga to‘xtaldi.
U MMA Fighting’ga bergan intervyusida shunday dedi: Garry so‘nggi paytlarda ayollar dunyoni boshqarishi kerakligi haqida juda faol gapiryapti, lekin uningcha, bu yerda chiziqni bosib o‘tmaslik kerak. Medic fikricha, Garryning hayotini ayol boshqarayotgani – bu uning shaxsiy dunyosi, ammo bundan butun dunyo uchun qoida yasash to‘g‘ri emas.
Medicning keskin ohangi aniq sezildi: u erkaklar tarixan dunyoni qurgani, huquqlarni bergani va xavfsizlik hamda erkinlikni ta’minlab kelayotganini eslatib, Garry istasa o‘z dunyosini ayollarga topshirishi mumkinligini, lekin bu “qarashni” boshqalarga majburlashini mutlaqo yoqlamasligini ochiq aytdi.
Makhachevning seriyali yurishi va yangi bo‘lim
Sport tomoniga qaytsak, Islam Makhachev hozirgi holatda yarim o‘rta vaznda ilk kamar himoyasiga chiqmoqda. U o‘tgan noyabrda UFC 322 turnirida Jack Della Maddalena’ni to‘liq ustunlik bilan mag‘lub etib, bu vaznda chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi.
MMA Fighting’ning Global Rankings ro‘yxatida pound-for-pound bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan Makhachev ketma-ket 16 ta jangda g‘alaba qozongan. Shuningdek, u yengil vaznda to‘rt marotaba kamarini himoya qilgan. Endi esa Khabib Nurmagomedov maktabining navbatdagi bosqichi – yangi divizionni to‘liq zabt etish vazifasi turibdi.
Shu fon, shu hukmronlik Medic’ni ham qat’iy xulosaga olib kelgan.
“Uch raundga yetmaydi”
Medic Makhachev – Garry to‘qnashuvi haqida gapirar ekan, tanlovini cho‘zmaydi:
Uning fikricha, Islam Makhachev Ian Garry’ni uch raundga yetkazmay tugatadi. Medic bu jangni tomosha qilish qiziqarli bo‘lishini tan oladi: Garry uzun qo‘l-oyoqlari bilan, oktagonda ko‘p harakatlanib, ochko yig‘ishga uradigan, ba’zan esa shunday uslub bilan bahsni hakamlar qaroriga olib borib, bo‘lingan qaror orqali g‘alaba olib ketadigan jangchi sifatida ta’riflanadi.
Ammo Medic nazarida bunday yondashuv Makhachevga qarshi ishlamaydi. Khabib maktabining bosimi, parterdagi ustunligi va umumiy nazorati fonida “qochib yurib, ochko terish” uslubi uzoq davom etmaydi.
Endi savol bitta: Filadelfiyada oktagon eshiklari yopilganda, Garry o‘zining balandparvoz g‘oyalari va yengil harakatlariga suyanadimi yoki Makhachevning sovuqqon, tizimli va yillar davomida sayqal topgan uslubi navbatdagi raqibni ham erta yakun sari sudrab ketadimi?





