UZB sport

Thea Frodin: Serena Williamsning izidan

Bir paytlar u Serena Williamsning yoshligiga aylangan edi. Endi esa o‘sha qahramonining izidan ketyapti.

Katta ekrandan katta sahnaga

Thea Frodin atigi 12 yoshida bo‘lganida, u Oscar mukofotiga nomzod bo‘lgan “King Richard” filmida bolalik buti – Serena Williams rolini ijro etgan aktrisaning kortdagi dubliga aylangandi. Kamera ortida u Will Smith bilan yonma-yon ishladi, u esa Serena va Venusning otasi Richard Williams obrazini gavdalantirardi.

O‘sha paytda bu kichik roldek tuyulgan bo‘lishi mumkin. Endi esa bu voqea boshqacha ma’no kasb etmoqda. O‘sha qizaloq hozir o‘z uyidagi yirik sahnaga – US Open asosiy to‘riga chiqyapti.

“Umrim davomida qarab kelgan insonim obrazini o‘ynash juda ham o‘ziga xos edi, – deydi Frodin WTA saytiga. – Bu men uchun sharaf edi. Tennischilikni endi boshlayotganimda eng ko‘p havas qilgan o‘yinchilarimdan biri edi. U menga juda katta ilhom manbai.”

Uy Grem-slami, ulkan raqib

Endi esa xayol emas, real hayot navbatda. Frodin ilk bor yakkalik bahslarida o‘z uyidagi “Grand Slam” musobaqasida maydonga tushadi. Shu kortlarda bu yil Serena va Venus juftlik bahslarida yana birga maydonga chiqishadi. Ramziy manzara: kino lentasidagi qahramon, real hayotdagi afsonalar va endi ularning izidan borayotgan yangi avlod vakilasi.

Taqdir unga ilk bosqichdayoq sinovning eng og‘irini berdi. Qur’a uni jahonning ikkinchi raketkasi, ikki karra yirik turnir g‘olibi va amaldagi Australian Open chempioni Elena Rybakina bilan to‘qnash keltirdi.

“Imkon qadar hozirgi lahzada qolishga harakat qilyapman, – deydi Frodin. – Bu men uchun lahzadan zavqlanish, xursand bo‘lish va nimalarga qodir ekanimni ko‘rish uchun ulkan imkoniyat. Atmosfera, tomoshabinlarning shovqini – o‘sha muhitga juda mos tushaman deb o‘ylayman.”

Dunyo reytingida 580-o‘rinda turgan o‘smir uchun bu – orzu va haqiqat kesishgan nuqta. Bir tomonda uy kortlari, boshqa tomonda esa eng yuqori darajadagi raqib. Bunday kecha tennischining butun karerasini belgilab qo‘yishi mumkin.

Will Smith, sovuq yomg‘ir va Serena zarbalari

“King Richard” suratga olinayotgan paytda Frodin olti oy davomida haftasiga bir necha kun maydonga chiqdi. U Will Smith bilan birga sovuq, yomg‘irli kunlarda ham kortga tushdi, kamera qayta-qayta yozib olguncha zarbalarni takrorladi.

Uning xotirasida qolgan mayda, lekin juda insoniy tafsilotlar ham bor. Masalan, Smith har safar sovuq ob-havoda maydonga chiqishdan oldin unga issiq suv olib kelishni unutmasdi. Katta yulduz va hali endigina o‘sib kelayotgan sportchi o‘rtasida shunday oddiy g‘amxo‘rlik ko‘prigi paydo bo‘lgandi.

Shu oylar davomida Frodin Serena uslubini shu qadar chuqur o‘zlashtirdiki, suratga olishlar tugaganidan keyin murabbiylari biroz xavotirga tushdi.

“Suratga olishlarni tugatganimdan keyin zarbalariga o‘rganib qolgan edim, – deya eslaydi u US Open saytiga. – Murabbiylarim biroz hafsalasi pir bo‘ldi, chunki tabiiy ravishda Serena kabi ura boshladim. Uning backhand zarbasini olib oldim, lekin imkon qadar o‘zimning uslubimga qaytishga harakat qildim.”

Bu gaplarda kulgi ham, haqiqat ham bor. Bir paytlar u Serena bo‘lishi kerak edi – kino uchun. Endi esa u Thea Frodin bo‘lishi kerak – katta tennis uchun.

Endi kamera emas, hisob tablosi ishlaydi

O‘sha filmda har bir kadr rejissyor istagiga qarab qayta yozilar, xatolar montajda kesib tashlanardi. US Open kortlarida esa bunday narsa yo‘q. Har bir servis, har bir xato, har bir jasoratli zarba tabloga yoziladi, tomoshabin xotirasida qoladi.

Ammo Frodin aynan shunday sahnani kutgan. Shovqinli tribunalar, bosim, e’tibor markazida bo‘lish hissi – u o‘zini ana shunday vaziyatda qulay his qilishini aytmoqda.

Endi savol bitta: kino tarixidagi Serena soyasi bo‘lgan qiz, tennis tarixida o‘z izini qoldira oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil