Terry Rozier: Sudda Basketbolchi Sifatida O‘zini Himoya Qilyapti
Terry Rozier atrofidagi janjal endi faqatgina sud zallarida davom etmoqda. NBA erkin agenti bo‘lgan 32 yoshli gard sudga yangi ariza topshirdi va unga qo‘yilgan to‘rtta federal ayblovdan ikkitasi bekor qilinishini talab qilmoqda.
Nyu-Yorkning Sharqiy okrugi sudiga 31-iyul kuni taqdim etilgan hujjatlarda Rozierning advokatlari uni sport poraxo‘rligi hamda “honest services wire fraud conspiracy” ayblovlaridan oqlashni so‘ramoqda. Uchinchi ayblov bo‘yicha esa ish yuritish hududi noto‘g‘ri tanlangani ta’kidlanadi. Himoya tomoni to‘rtinchi ayblovni ham bekor qilishni so‘raydi va Rozierning liga hamda jamoaga bo‘lgan munosabatini alohida urg‘ulaydi.
Hujjatda yozilishicha, Rozier “Charlotte Hornets va NBA uchun doimo halol xizmat ko‘rsatgan. U maydonda har daqiqada borini bergan. Ko‘pincha jarohat bilan o‘ynagan, murabbiylar va jamoadoshlari nima so‘rasa, bajargan, o‘zining qonini, terini, ko‘z yoshini basketbolga bergan”.
Advokatlar pozitsiyasi aniq va keskin: Rozier, ularning ta’kidlashicha, “basketbolchi, qimorboz emas”. Hujjatda shunday jumla bor: u hech qachon pul tikmagan, ataylab yomon o‘ynamagan, hech qachon “kamroq o‘ynashga” rozi bo‘lmagan va 2023-yil 23-mart kuni bo‘lib o‘tgan “Charlotte Hornets – New Orleans Pelicans” uchrashuvida kimdir uning statistikasi bo‘yicha pul tikayotganini ham bilmagan. Himoya tomoni hukumatning o‘z materiallari ham shuni ko‘rsatishini da’vo qilmoqda.
Matnli xabar – himoya uchun asosiy qurol
Ishning markazida birgina o‘yindan ko‘ra ko‘proq narsa turibdi, lekin Rozier tomoni aynan bitta detalni bayroq qilib ko‘tardi. Arizada keltirilishicha, hamayblanuvchi Deniro Laster 2023-yil 29-mart kuni uchinchi shaxsga xabar yozib, Rozierga pul tikilganini aytmaslikni buyurgan:
“Dont tell chum bout the bet”, – deb yozadi u. Sud hujjatlarida “chum” Rozierning laqabi ekani qayd etilgan.
Himoya uchun bu xabar – kalit dalil. “Bu ishni tugatishi kerak”, – deya yozadi Rozierning advokatlari. – “Go‘yoki o‘yin sotgan odamdan pul tikilganini yashirishmaydi”.
Ularning fikricha, aynan shu muloqot Rozierning sxemadan xabarsiz bo‘lganini ko‘rsatadi va ishni butunlay bekor qilishga yetarli asos bo‘lishi kerak.
Katta sxema va og‘ir ayblovlar
Rozierning muammolari esa bitta ayblov bilan cheklanmaydi. U allaqachon “wire fraud conspiracy” va “money laundering conspiracy” bo‘yicha ham javobgarlikka tortilmoqda. U 2025-yil oktyabr oyida, 30 dan ortiq shaxs ishtirok etgan, uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘langan, yirik noqonuniy qimor sxemasi doirasida hibsga olingan.
Federal prokurorlarning da’vosiga ko‘ra, Rozier bir yil davomida ichki ma’lumotlarni ulashgan: bu ma’lumotlar asosida qimorbozlar Los Angeles Lakers, Portland Trail Blazers, Charlotte Hornets, Orlando Magic va Toronto Raptors o‘yinlariga pul tikishgan. Bu yerda gap o‘yindagi natijadan ko‘ra, aynan statistik ko‘rsatkichlar va o‘yinchilarning holati haqidagi ichki ma’lumotlar haqida ketmoqda.
Eng og‘ir nuqta – 2023-yil 23-mart kuni New Orleans Pelicansga qarshi o‘yindagi ayblovlar. Prokurorlar Rozier o‘sha uchrashuvda oyoq jarohati bahonasida ataylab erta maydonni tark etish bo‘yicha til biriktirganini aytmoqda. U 10 daqiqadan kamroq o‘ynagan, besh ochko va ikki golli uzatma bilan o‘yinni yakunlagan va qaytib maydonga chiqqan emas.
Ayblovga ko‘ra, Rozier oldindan Lasterga o‘yinni erta tark etishini aytgan, Laster esa bu ma’lumotni boshqalarga sotgan. Ular Rozier statistikasi bo‘yicha “under” – ya’ni kutilgan ko‘rsatkichdan past natijaga pul tikishgan. Prokurorlar Rozier bu sxema uchun 100 ming dollar pora olganini ta’kidlaydi.
Sud maydoni – Rozierning yangi “playoff”i
Endi esa o‘yin parketi o‘rnini sud zali egallagan. Rozier va uning jamoasi hukumatning butun ishini “yetarli dalil yo‘qligi” bilan qulatishga urinmoqda. Ular uchun asosiy tayanch – matnli xabarlar, Rozierning o‘zi hech qachon pul tikmagani va o‘yinini ataylab yomonlashtirmagani haqidagi pozitsiya.
Prokurorlar esa bu – kengroq va murakkabroq sxemaning bir bo‘lagi, deb turibdi.
Natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bitta savol havoda qoladi: uzoq yillar “qon, ter va ko‘z yosh”ini maydonga to‘kkan gard endi o‘z nomini sud zalida qanchalik himoya qila oladi?





