UZB sport

Ben McKinney Angliya Test jamoasiga chaqirildi

Angliya Janubiy Afrikaga Test safariga yo‘l olarkan, tarkibga bir yangi ism qo‘shildi. Durham klubi ochuvchi zarbadori Ben McKinney ilk bor milliy jamoaga chaqiruv oldi. U hali Testda ham, boshqa formatlarda ham Angliya safida o‘ynamagan.

Bu chaqiruv tasodif emas. Bu – uzoq vaqtdan beri berib kelinayotgan ishonchning mantiqiy davomi.

Bethell jarohati – eshik ochilgan lahza

Jacob Bethell tizzasidagi muammo tufayli yana jarrohlik amaliyotiga muhtoj ekani ma’lum bo‘lgach, Angliya shtabiga tezkor qaror kerak bo‘ldi. Bethell yoz davomida yuqori uchlik uchun Emilio Gay yoki Jordan Cox bilan raqobat qilishi kutilayotgandi. Rejalar o‘zgardi. Bo‘shagan o‘rinni endi 22 yoshli chap qo‘l zarbador egallaydi.

Shu bilan birga, Gay, Ben Duckett va Cox yozdagi nisbatan muvaffaqiyatli chiqishlaridan so‘ng yana bir bor yuqori uchlikni shakllantirishi kutilmoqda. McKinney esa avvalo zaxira, ammo bosim ostida eshikni tepib kirishga tayyor variant.

19 yoshda yuzlik, 22 yoshda Test eshigi

McKinney nomi ingliz kriket doiralarida anchadan beri tilga olinadi. U 2024-yilda, atigi 19 yoshida, Durham safida ilk yuzligiga erishib, o‘zini katta sahnaga tanitgan. O‘sha qish esa uning haqiqiy sinovi bo‘ldi: England Lions safida kuchli Australia A qarshisida 110 ta to‘pdan 110 runs.

Shu kundan boshlab u endi oddiy “iste’dod” emas, rejalardagi nomga aylandi. Erkaklar kriketi bo‘yicha direktor Rob Key uni ochiqchasiga tilga ola boshladi, Lions yig‘inlarida esa McKinney deyarli doimiy ishtirokchiga aylandi.

O‘tgan yoz uning da’vosini yanada kuchaytirdi. County Championship ikkinchi divizionida 1 044 runs, o‘rtacha 52.20. Bu faqat raqam emas, balki barqarorlikning isboti. Ayniqsa, shuni inobatga olish kerakki, Angliya saralovchisi Marcus North o‘sha paytda Durham sport direktori sifatida McKinneyni har kuni yaqinidan kuzatgan.

Portlovchi zarba uslubi

McKinneyning o‘yini ehtiyotkorlikdan yiroq. U baland bo‘yli, agressiv chap qo‘l zarbador. Ba’zan off stump tashqarisidagi to‘plarga “bo‘sh” o‘ynab qo‘yishi mumkin, lekin u maydonga chiqqanida tempo birdan oshadi.

Bu mavsumgi yuzliklari bunga dalil: Gloucestershirega qarshi 244, Derbyshirega qarshi 140, Middlesexga qarshi 184. Bu raqamlar faqat uzun formatdagisi.

Yaqinda esa qisqa formatda ham kuchini ko‘rsatdi: St Kittsda England Lions safida West Indies A qarshisida atigi 65 ta to‘pdan 145 runs. 50 overlik o‘yinda bunday ko‘rsatkich raqibni nafasini qisadigan darajada.

Aslida McKinney allaqachon Lions tarkibida Janubiy Afrikaga borishi rejalashtirilgandi. Endi esa u safarga boshqa maqomda – to‘liq Test jamoasi a’zosi sifatida yo‘l oladi.

Durhamdagi duet – Angliyaga tayyor variant

Durham safida McKinney ochuvchi sifatida tushadi, uning ortidan esa uchinchi raqamda Gay keladi. Bu tandem klub darajasida shakllangan, bir-birining o‘yinini yaxshi biladigan juftlik.

Agar Janubiy Afrika seriyasi davomida jarohat yoki formada pasayish bo‘lsa, Angliya murabbiylari qo‘l ostida allaqachon sinovdan o‘tgan variant bor: Durhamdagi tartibni Test darajasida sinab ko‘rish. McKinney yuqorida, Gay ortidan. Yoki aksincha, holatga qarab.

Johannesburgga qarab

Angliyaning Janubiy Afrikaga qarshi seriyasi 17 dekabr kuni Johannesburgdagi birinchi Test bilan boshlanadi. Qattiq sharoit, tezkor pitchlar, bosim yuqori.

Shu fon’da 22 yoshli, agressiv chap qo‘l ochuvchining hikoyasi qiziq tus oladi. U bu safarda faqat zaxira rolida qoladimi yoki birinchi Testdayoq yangi bob ochiladimi?

Javobni endi faqat maydon bera oladi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil