Silverstone’da energiya janglari va Lego kartlar
2026-yilgi Formula 1 mavsumining to‘qqizinchi bosqichi — British Grand Prix. Manzil — afsonaviy Silverstone. 1950-yilda ilk rasmiy F1 Gran-prisiga mezbonlik qilgan trek bugun ham haydovchilar hamda muxlislar uchun kalendar yuragi bo‘lib qolmoqda. Ammo bu safar atmosfera odatdagidan ham tarangroq.
Super-clipping soyasi ostidagi klassik trek
Yuqori tezlik, keng yoyilgan egri burilishlar, ammo og‘ir tormozlanish zonalari deyarli yo‘q. Aynan shu narsa haydovchilarni bezovta qilmoqda. Maggots va Becketts kabi tarixiy burilishlar odatda mashina va haydovchidan maksimal jasorat talab qiladi. Endi esa xavotir bitta: energiya tejash.
Jamoalar Silverstone’ni taqvimdagi eng “energiya och” treklar qatoriga kiritib keladi. Shuning uchun ham paddokda bitta so‘z ko‘p takrorlanmoqda — super-clipping. So‘nggi poygalarda u unutilgandek edi, lekin bu hafta oxiri u yana markazda bo‘lishi mumkin.
Agar batareyalar yetarli darajada to‘yinmasa, haydovchilar aynan shu mashhur burilishlarda “chegarani sinash” o‘rniga, mashinani asrab, tezlikni pasaytirishga majbur bo‘ladi. Bu esa na ularning, na tribunadagi yuz minglab muxlislarning ko‘nglidan chiqadi.
Lego kartlar atrofidagi mojaro
Silverstone’dagi odatdagi parad aylanasi bu yil kutilmagan tarzda shou elementiga aylanmoqda. Yakshanba kuni haydovchilar Lego go-kartlarida trek bo‘ylab aylanishi kerak. Har bir poygachi uchun alohida kart, alohida dizayn.
Ba’zilar bundan xursand. Lando Norris va Valtteri Bottas bunga bolalarcha qiziqish bilan yondashmoqda, tezroq rulga o‘tirishni kutmoqda. Boshqalar esa bunday kayfiyatda emas. Lewis Hamilton va Max Verstappen bu g‘oyadan mamnun emasliklarini oshkora aytishdi. Hamilton hatto ishtirok etmasligini ham ma’lum qildi.
Natijada odatda texnik detallar, strategiyalar va ob-havo haqida gaplashadigan paddokda endi Lego kartlar atrofida bahs ketmoqda. Sport va shou o‘rtasidagi chegaralar yana bir bor sinovdan o‘tmoqda.
Yangilanishlar fronti: kim hujumda, kim ehtiyotda?
Texnik jang ham qizimoqda. Red Bull, Ferrari va McLaren bu hafta uchun yangilanishlar olib keldi. Uchala jamoa ham Silverstone’ni mavsum burilish nuqtasiga aylantirishga urinmoqda. Aero paketlar, mayda, lekin muhim detallar, energiya boshqaruvi — hammasi sekundning yuzdan bir qismi uchun.
Mercedes esa boshqa yo‘lni tanladi. Jamoa bu bosqichga yangilanishsiz kelmoqda. Bu ehtiyotkorlikmi yoki ichki ishonchmi — javobni faqat trek beradi. Ayniqsa, paddokda raqiblar mashinalari yangilanayotgan bir paytda.
Russell uchun uy poygasida tarixiy imkon
Red Bull Ring’dagi g‘alabadan keyin George Russell kayfiyatining yaxshi ekanini yashirib o‘tirgani yo‘q. Endi uning ko‘z o‘ngida keyingi marrra — uy poygasidagi birinchi g‘alaba.
So‘nggi ikki yil davomida Silverstone podiumining eng yuqori pog‘onasida Britaniya bayrog‘ini Hamilton va Lando Norris ko‘tardi. Endi tribunalar yangi qahramonni kutyapti. Russell uchun bu nafaqat ochkolar, balki karera narrativini o‘zgartiruvchi lahza bo‘lishi mumkin.
Sprint formati qaytdi: xatolarga joy yo‘q
Bu hafta oxiri yana Sprint formati sahnaga qaytmoqda. Demak, mashinalarni sozlashga vaqt juda kam.
Juma kuni faqat bitta mashg‘ulot bor: FP1 — 12:30–13:30 (BST).
Shundan keyin darhol ish keskinlashadi: Sprint saralashi — 16:30–17:14 (BST).
Shanba kuni avval Sprint poygasi o‘tkaziladi, keyin esa an’anaviy saralashga navbat keladi. Yakshanba kuni soat 15:00 (BST) da esa asosiy Gran-pri start oladi.
Birgina mashg‘ulot, so‘ngra darhol haqiqiy kurash. Kim sozlamani ilk urinishdayoq topadi, kim esa super-clipping va energiya balansida adashib qoladi — bularning barchasi Silverstone asfaltida hal bo‘ladi.
Lego kartlar, batareya boshog‘riqlari, yangilangan mashinalar va uy oldida g‘alabaga chanqoq britaniyaliklar. Shu fon ostida savol bitta: bu hafta oxiri Silverstone yana tarix yozadimi yoki bu safar sarlavhalarda faqatgina texnika va shou emas, balki haqiqiy poyga ruhi ham bo‘ladimi?






