UZB sport

Shvetsiya va Yaponiya o‘yinida Elanga zarbasi

Birinchi bo‘limda maydonda ritm yo‘qolgandek edi. Ikki jamoa ham ehtiyotkor, hujumlar bo‘g‘iq, zarbalar shoshilinch. Tomoshabinlar sabr kosasi to‘lib borar, lekin tanaffusga qadar hisob ochilmadi.

Hammasi ikkinchi bo‘limda o‘zgardi.

Maeda zarbasi, darhol javob va portlagan o‘yin

56-daqiqada nihoyat to‘siq buzildi. Yaponiya bir nafasda o‘tadigan, to‘p bir necha marta yerga tushmay aylangan kombinatsiyani yakunladi. Oxirgi nuqtani Daizen Maeda qo‘ydi – aniq zarba, Shvetsiya darvozaboni ojiz, hisob ochildi.

Ammo bu gol shvedlarni sindirish o‘rniga, ularni uyg‘otdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, o‘ng qanotda to‘pni olgan Anthony Elanga ichkariga burilib kirdi. O‘ng oyog‘ini kutishgan bir paytda, u chap oyog‘idan foydalandi – zaifroq oyog‘i bilan to‘pni darvoza burchagiga yo‘lladi. Ajoyib zarba. Hisob teng, Shvetsiya yana nafas oldi.

Bu Elanga uchun turnirdagi ikkinchi gol bo‘ldi. Eng muhimi – aynan shu gol jamoaga eng yaxshi uchinchi o‘rin egalaridan biri sifatida pley-offga chiqish uchun zarur bo‘lgan ochkoni ta’minladi.

Isakning bosh zarbasi va chayqalayotgan travers

Oxirgi daqiqalar esa haqiqiy sinovga aylandi. O‘yin bo‘shashmadi, aksincha, keskinlashdi. Shvetsiya ham, Yaponiya ham g‘alabani tortib olishga urinardi.

Alexander Isak so‘nggi daqiqalarda stadionni portlatishga bir bahya qoldi. Jarima maydoni ichida uning bosh bilan yo‘llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi – travers chayqaldi, shvedlar qo‘lini boshiga qo‘ydi. Santimetrlar yetmadi.

Shunga qaramay, Shvetsiya o‘zini himoya qilib, hisobni ushlab qoldi va F guruhida Niderlandiya hamda Yaponiya ortidan uchinchi o‘rinni egalladi.

Elanga: “Men faqat oldinga yugurishni o‘yladim”

Zaxira o‘rindig‘ida esa boshqa o‘yin kechayotgan edi. Murabbiylar shtabi kalkulyatorga o‘xshab, boshqa guruhlardagi hisoblarni, to‘plar nisbatini, variantlarni hisoblab o‘tirgan bir paytda, maydonda Elanga butunlay boshqa kayfiyatda edi.

U o‘yindan so‘ng shunday dedi: u oxirgi daqiqalarda faqat bitta narsani o‘ylagan – g‘alaba goli.

“Men faqat baqirardim: ‘Yuringlar, yana bitta uramiz’. Oxirida o‘tganimizni bilmasdim, shunchaki oldinga intilardim”, – deya tan oldi hujumchi.

U shunchalik o‘yinga sho‘ng‘iganki, hatto chetdan berilayotgan ko‘rsatmalarni ham eshitmagan. 24 yoshli futbolchi aytishicha, tajribali murabbiy Sebastian Larsson va shtab a’zolari unga guruhdagi vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan.

“Ular menga baqirishgan deb o‘ylayman, – dedi Elanga. – Men esa baribir yugurishni davom ettirmoqchi edim. Oxirida qaltis bo‘ldi, tovonim qotib qoldi, lekin baribir to‘xtagim kelmadi. Xursandman, jamoa ham xursand.”

Alexander Isak esa bu holatdan keyin kulib yuborishga ham, biroz jahli chiqishga ham majbur bo‘ldi. U Elangaga “ozgina dakki berganini” tan oldi.

“U o‘yin oxirida biroz asabiylashgandi, endi esa nega ekanini tushunish mumkin”, – dedi hujumchi.

Potterning hazili va o‘zgargan tarkib

Graham Potter esa vaziyatni kulgi bilan qabul qildi.

“Bu ko‘p narsani tushuntirib beradi. Biz bundan aniqroq ayta olmasdik… Xudo asrasin uni! Lekin men uni yaxshi ko‘raman”, – deb kulib yubordi bosh murabbiy.

Kapitan Victor Lindelöf ham hazilni qo‘shib qo‘ydi: Elanga o‘yinoldi yig‘ilishdagi barcha hisob-kitoblarni o‘tkazib yuborganini aytib, “U hali to‘liq uyg‘onmagan bo‘lsa kerak”, deya kuldi.

Potter bu hal qiluvchi uchrashuvga jiddiy yondashdi va tarkibni sezilarli darajada yangiladi. Elangani asosiy tarkibga qaytardi, darvozada esa Jacob Widell Zetterströmga ishonch bildirdi. Niderlandiyaga qarshi og‘ir mag‘lubiyatdan keyin bu qarorlar xavfli tuyulishi mumkin edi, lekin o‘zini oqladi: jamoa tiklandi, xarakter ko‘rsatdi.

Murabbiy o‘yindan keyin shunday tushuntirdi: Niderlandiyaga qarshi o‘yinni sinchiklab tahlil qilishgan, bugun esa jarima maydoni va qanotlarni ancha yaxshi yopish kerak bo‘lgan.

“Biz Jacobning fazilatlaridan foydalanishni xohladik, u fantastik darvozabon deb hisoblayman. To‘pni o‘yinga kiritishi juda taassurot qoldirdi. Anthony esa qarshi hujumda xavf tug‘diradi, uning tezligi raqibni beqaror qiladi”, – dedi Potter.

Oldinda – yulduzlar bilan to‘qnashuv

Guruhni uchinchi o‘rinda yakunlagan Shvetsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri Braziliya yo‘nalishidan qochdi. Endi Braziliya Yaponiya bilan to‘qnash keladi. Potter jamoasining yo‘li esa baribir yengil emas.

Kutilishicha, shvedlar I guruhi g‘olibi bilan 30-iyun kuni maydonga tushadi, bu esa Fransiya va Norvegiya o‘rtasidagi uchrashuv natijasiga bog‘liq. Yana bir ehtimoliy raqib – E guruhini yutgan Germaniya.

Elanga bunday ssenariydan cho‘chimaydi.

“Ikkalasi ham kuchli jamoa. Bu sinov bo‘ladi. Hamma jamoa kuchli, lekin biz keladigan raqibga tayyormiz”, – dedi u.

Uch o‘yindan to‘plangan to‘rt ochko, musbatga yaqin to‘plar nisbati va eng muhimi – o‘ziga bo‘lgan ishonchning qaytishi. “Sariq-ko‘klar” pley-off oldidan aynan shuni kutayotgan edi.

Endi savol bitta: Elanga va jamoadoshlari bu impulsni nokaut bosqichida ham saqlab qola oladimi?