UZB sport

Shay Given: Kelleher Chelsea yoki Newcastle darvozaboni bo‘lishi mumkin

Brentford darvozaboni Caoimhin Kelleher atrofidagi shovqin tinmayapti. Uni eng baland ovoz bilan maqtayotganlardan biri – sobiq Newcastle va Irlandiya terma jamoasi posboni Shay Given. Uning fikricha, yozgi oynada Chelsea yoki Newcastle uchun bozorni butunlay o‘zgartirib yuboradigan transfer aynan shu irlandiyalik bo‘lishi mumkin.

Chelsea yoki Newcastle? Mumkin

Given BOYLE Sports bilan suhbatda Kelleher kelajagi haqida to‘xtalar ekan, gapni bevosita ochdi: Chelsea ham, Newcastle ham bu yozda darvozabon izlayotgani sir emas. Savol – Liverpool nima qiladi?

U shunday deydi: Chelsea yoki Newcastle yozda Kelleher uchun harakat qilishi «mumkin». Barchasi Liverpool pozitsiyasiga, klubning o‘zida uni qaytarib olish yoki boshqa jamoaga ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qandaydir bandni ishga tushira olishi-olmasligiga bog‘liq.

Anfielddagi vaziyat hanuz o‘zgaruvchan. Alisson baribir birinchi raqam bo‘lib qolmoqda. Given buni e’tirof etadi va ochiq aytadi: agar Alisson keyingi ikki mavsum ham qoladigan bo‘lsa, Kelleherni hozir qaytarishning ma’nosi yo‘q.

Shu bilan birga, u bir narsaga ishonch bilan urg‘u beradi: Kelleher bugun ham Newcastle uchun, ham Chelsea uchun juda mos variant.

Chelsea darvozabon masalasini cho‘zib yubordi

Given ayniqsa London klubi borasida hayratini yashirmaydi. U Chelsea’ning darvozaga yangi odam olib kelmagani uni biroz ajablantirganini aytadi – buni Robert Sanchez’ni yoqtiradigan mutaxassis sifatida aytadi.

Sanchez borasida ikkita haqiqat bor: u ajoyib seyvlar qiladi, lekin xatolari ham juda ko‘zga tashlanadi. Given buni juda keskin tasvirlaydi – u ispaniyalikni o‘tgan mavsum davomida ko‘p himoya qilganini, lekin bir xil xatolar qayta-qayta takrorlanayotganidan charchaganini aytadi. Ba’zan Sanchez «dunyoning eng yaxshi seyvini» qiladi, keyin esa jarima maydoni chetida «qon bosimi ko‘tarilib ketgandek» harakat qilib, raqibni deyarli ikkiga bo‘lib tashlaydigan vaziyatlarga kirib qoladi.

Chelsea 2018 yildan beri darvozabon masalasiga katta pul sarflab keladi, ammo barqarorlikni topa olmadi. Given fikricha, endi kechikish mumkin emas. U aniq gapiradi: darvozabon – bu yozgi oynada kuchaytirilishi shart bo‘lgan pozitsiya. «Keyngi oynoda emas, hozir», deydi u.

Klubda endi Xabi Alonso ish boshlagan, Given uning Robert Sanchez bo‘yicha allaqachon xulosa chiqarib ulgurgan-ulgurmaganini bilmaydi, lekin bir narsaga amin: ham Newcastle, ham Chelsea darvoza chizig‘ida kuchayishga muhtoj va Kelleher bu ikkala jamoa uchun ham kuchli yechim bo‘la oladi.

Liverpoolda yangi raqobat: Mamardashvili va Kelleher

Liverpool allaqachon Gruziya terma jamoasi darvozaboni Giorgi Mamardashvili bilan shartnoma imzoladi. U katta obro‘ bilan keldi, Premyer-ligaga moslashib boryapti. Lekin Givenni bu hali ishontirganicha yo‘q.

U ochiq aytadi: Mamardashvili hozircha «yaxshi» ko‘rinmoqda, ammo Alisson ketganidan keyin Liverpool darvozasini uzoq muddatga ishonib topshiradigan haqiqiy birinchi raqam bo‘lib qolishiga u amin emas.

Kelleherga bo‘lgan ishonchi esa aksincha kuchaygan. Brentforddagi mavsum, muntazam o‘yin amaliyoti, yuqori bosim ostida ham xotirjam qolish qobiliyati – bular Given nazarida uni boshqa darajaga olib chiqdi. U eslatadi: Kelleher nafaqat hozirgi klubida birinchi raqam bo‘la olishini isbotladi, balki Liverpoolni ham ichidan-yaxshilab biladi.

Eng yoqimli jihat – uning xotirjamligi. Given Kelleherni shunday tasvirlaydi: u hech qachon shoshmaydi, hissiyotga berilmaydi. Eng zo‘r sejvni ham qilishi mumkin, lekin darhol o‘rnidan turib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, burchak zarbasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan himoyachilarni tashkil qila boshlaydi.

Brentforddagi maktab va keyingi qadam

Brentforddagi o‘yinlar Kelleherni boshqa rakursda ochdi. U endi faqat zaxiradan tushib, vaqti-vaqti bilan ajoyib seyvlar qiladigan iqtidor emas, balki haftadan haftaga javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan birinchi raqam.

Given uning aynan shunday ritmda o‘ynashini muhim deb biladi. U Kelleher kamida yana bir mavsum Brentfordda qolishini istaydi. Bu unga faqat foyda keltirishiga ishonadi: muntazam o‘yin amaliyoti, har hafta uchrashuvga tayyorgarlik, natija uchun javobgarlik – zaxirada o‘tirish bilan solishtirib bo‘lmaydigan bosim.

Kelleher esa bunga tayyor. Given aytishicha, u maydondan tashqarida ham o‘z ustida ishlayapti: zalda mashg‘ulotlar, yuqori qism mushaklarini kuchaytirish, jismoniy jihatdan yanada qudratli bo‘lishga intilish – bularning barchasi uni keyingi bosqichga olib chiqishi kerak bo‘lgan detallardir.

Given yakuniy xulosasida ikkilanmaydi: Kelleher kelajagi faqat ijobiy ko‘rinadi. U o‘sishda davom etadi, tanasi ham, o‘yini ham kuchayadi. Savol esa endi boshqalarga tegishli: bu darajada xotirjam, ishonchli va yetuk darvozabonni o‘z vaqtida qo‘lga kiritishga kim jur’at etadi – Chelsea, Newcastle yoki baribir Liverpool o‘z uyiga qaytaradimi?