Roma va Manu Kone: yozgi transfer shov-shuvidan keyingi burilish
Yoz bo‘yi Manu Kone atrofida transfer bozorida shovqin tinmadi. Yevropaning eng yirik sahnalari uning nomini tilga oldi: Manchester United, Chelsea, Arsenal, Manchester City – barchasi qiziqayotgan klub sifatida tilga olindi.
Ammo hozir manzara o‘zgaryapti. Rimda kayfiyat butunlay boshqacha.
Manchester City rejasi so‘nib boryapti
Angliya matbuoti yaqindagina Manchester City yo‘nalishini alohida ajratib ko‘rsatdi. Klub Rodri bilan xayrlashdi, tez orada Nico Gonzalez ham ketishi mumkinligi aytilmoqda. Mantiqan qaraganda, Kone uchun eshiklar keng ochilgandek edi.
Lekin bosim ostidagi Roma bu vaziyatni o‘z foydasiga burdi.
Corriere dello Sport xabariga ko‘ra, Rim klubi ichkarida tobora ishonch bilan gapiryapti: Kone Stadio Olimpico’da qoladi. Buning sababi oddiy emas – moliyaviy.
Roma Kone uchun taxminan 55 million yevro so‘ramoqda. Bu raqamni to‘lashga hozircha hech kim tayyor emasdek. Ayniqsa, City. Klub e’tiborini yanada qimmatbaho nishonlarga – Enzo Fernandez va Ayoub Bouaddi tomonga burib bo‘lgan.
Bosim asta-sekin Rimdan Manchesterga ko‘chdi.
Iyun oyidagi og‘ir savol: sotish yoki qolish?
Roma iyun oyida boshqa ohangda o‘ylagan edi. Financial Fairplay cheklovlari klubni hisob-kitobga majbur qildi, Kone transferi esa balansni tenglashtirish uchun real variant sifatida ko‘rilgan.
Shunda ham Angliyadan aniq, rasmiy taklif kelmadi. Shov-shuv bo‘ldi, lekin qog‘ozga tushgan raqam yo‘q.
Atletico Madrid esa harakat qildi. Taklif berdi. Ammo bu raqam Rim rahbariyatini ishontirmadi. Ayniqsa, Kone juda kuchli o‘tkazgan jahon chempionatidan so‘ng uni arzon narxda qo‘yib yuborish – sport nuqtayi nazaridan ham, bozor nuqtayi nazaridan ham xato bo‘lishi mumkin edi.
Roma qo‘lini titratmadi. Sotmadi.
Rimning yangi pozitsiyasi
Endi esa kayfiyat butunlay o‘zgacha. Klub ichida Kone kelajagi borasida tobora ijobiy ohang kuchaymoqda. Manchester City boshqa nishonlarga qarab ketgan bir paytda, Roma o‘z o‘yinchisini atrofida yangi loyiha qurish imkoniyatiga ega bo‘lyapti.
Yoz boshida majburiy qaror bo‘lishi mumkin bo‘lgan transfer, hozir Rim uchun ixtiyoriy hashamatga aylangan: xohlasang sotasan, xohlasang, jamoang markazida saqlab qolasiz.
Savol endi shunda: Kone nomi yoz bo‘yi yirik klublar bilan yonma-yon tilga olinganidan keyin, Stadio Olimpico uni qancha vaqt ushlab tura oladi?







