Real Madrid yozgi transfer inqilobi: og‘riqli qarorlar oldida
Jose Mourinho qo‘l ostidagi Real Madrid yozgi bozorni shov-shuv bilan ochdi. Klub bir necha yillik qayta qurilish rejasini bir yozga siqib qo‘ygandek: Bernardo Silva, Marc Cucurella, Denzel Dumfries va Ibrahima Konaté kelishi bilan tarkibning skeleti deyarli yangidan yig‘ildi. Bu esa faqat boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Rahbariyat Yan Diomandé transferini yakunlash arafasida turibdi. Eng muhim nuqta esa aniq: Rodri kelishi Madridning yozgi rejalaridagi so‘nggi yirik bo‘lak sifatida ko‘rilmoqda. Klub ichida bu transfer “yakuniy zarba” sifatida qabul qilinmoqda.
Lekin bitta muammo bor. Juda katta muammo.
Kengayib ketgan tarkib
Real Madrid endi yana xarid qilishdan oldin tarkibni “yengillashtirishi” shart. MARCA xabariga ko‘ra, klub yangi kelishuvlarni ro‘yxatga olishdan avval keraksiz ortiqcha og‘irlikdan qutulishi kerak, aks holda sport loyihasi moliyaviy va sport nuqtayi nazaridan muvozanatini yo‘qotishi mumkin.
Transfer bozorida hujumkor harakat qilgan sport bo‘limi endi eng nozik, eng murakkab bosqichga kirdi: ketishlar. Bu yerda xatoga o‘rin yo‘q, har bir qaror bevosita Mourinho qo‘lidagi jamoa dinamikasiga ta’sir qiladi.
Raul Asencio – birinchi qurbon?
Birinchi bo‘lib stolda turgan ism – Raul Asencio. Hozircha u klubni tark etishi eng ehtimoliy futbolchi sifatida ko‘rilmoqda.
Yoz bo‘yi u o‘zini ko‘rsatish uchun tinmay ishladi. Himoyachi shaxsiy tayyorgarligini oshirib, Mourinho nazarini o‘ziga qaratishga, o‘ziga imkon berilishiga ishondi. Lekin murabbiy boshqa yo‘lni tanladi.
Mourinho uchun ustuvor vazifa – yana bir markaziy himoyachi olib kelish. Bu esa mavjud himoya chizig‘ini qayta qurishni, rol va iyerarxiyalarni yangidan belgilashni talab qiladi. Asencio bu jarayonda ortiqcha bo‘lib qolyapti.
Shu boisdan u ketishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Klub uning kelajagi bo‘yicha bir nechta variantni ko‘rib chiqyapti: to‘liq transfer, ijaraga jo‘natish yoki bonus va klauzalarga boy murakkab kelishuv – hammasi ochiq.
Camavinga atrofida keskin tugun
Eng og‘ir savollar esa yarim himoyada. Eduardo Camavinga masalasi Madriddagi eng sezgir mavzulardan biriga aylangan.
Fransiyalik futbolchiga ayniqsa Premier League klublari jiddiy qiziqish bildiryapti. Real Madrid rahbariyati yaxshi taklif keladigan bo‘lsa, bu pul Mourinho zarur deb hisoblayotgan tayanch yarim himoyachi – klassik “defensiv opornik” transferini ancha osonlashtirishini biladi.
Bu yerda muvozanat juda nozik. Camavinga 2029 yilgacha shartnoma ostida. U ketishni xohlamaydi. Klub ham uni arzon narxda qo‘yib yuborishga tayyor emas – yoshi, salohiyati va bozordagi qiymati bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu holat jamoa ichida kuchli ichki ziddiyat yaratmoqda: sport nuqtayi nazaridan kerakli profil futbolchini olib kelish istagi va hozirgi tarkibdagi eng qimmat aktivlardan birini qo‘ldan chiqarish xavfi to‘qnash kelgan.
Camavinga ketishga rozi bo‘lmayapti. Klub esa takliflar bozorini kuzatishda davom etmoqda. Bu tortishuv yoz bo‘yi davom etishi, hatto so‘nggi kunlargacha cho‘zilishi mumkin.
Hujum chizig‘i: Endrick va Mastantuono uchun tor yo‘lak
Old chiziqda ham tinchlik yo‘q. Mourinho Gonzalo Garcia’ni jamoada qoldirishga qaror qilgani zahoti, bu qaror zanjirli reaksiya berdi – Endrick uchun vaziyat murakkablashdi.
Yosh braziliyalik muntazam o‘yin amaliyotiga muhtoj. Uning rivojlanishi uchun maydonda daqiqalar kerak, lekin Real Madrid hujumidagi raqobat allaqachon haddan tashqari yuqori. Har bir daqiqa uchun kurash ketadi.
Agar mavsumoldi tayyorgarlik davomida vaziyat o‘zgarmasa, Endrick uchun yana bir ijaraga ketish varianti tobora real ko‘rinish ola boshladi. Klub uning o‘sishi to‘xtab qolishini istamaydi, shu sababli unga asosiy tarkibda o‘ynash imkoniyati bor jamoa topish g‘oyasi jiddiy muhokama qilinmoqda.
Xuddi shunday savollar Franco Mastantuono atrofida ham ko‘tarilmoqda. Argentinalik iste’dod pre-season davomida Mourinho’ni qoyil qoldirdi, o‘z texnikasi va xarakteri bilan murabbiy shtabining e’tiborini tortdi.
Klub ichida Mastantuono’ga katta kelajak bog‘lanmoqda, uni Santiago Bernabéu gazonida yillar davomida asosiy figuralardan biriga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchi sifatida ko‘rishadi. Lekin hozirgi paytda unga yetarlicha o‘yin amaliyoti bera olish-olmaslik savol ostida.
Shu sababli uni ham ijaraga berish g‘oyasi muhokama qilinmoqda – doimiy o‘ynaydigan, bosim yuqori, lekin rivojlanish uchun qulay muhitga ega klubga.
Real Madrid yozgi oynani shiddat bilan ochdi. Endi esa bu shiddatni sovuqqon hisob-kitob bilan yakunlashi kerak. Yangi yulduzlar kelishi uchun kimdir ketadi. Savol shunda: Mourinho qurayotgan yangi Madrid kimlarni qurbon qilmasdan shakllanadi?






