Real Madrid va Vinicius Junior: yozning eng keskin poker o‘yini
"Real Madrid" uchun avgust tinch o‘tmaydi. Klub ichidagi eng nozik, eng xavfli masalalardan biri – Vinicius Junior kelajagi. 26 yoshli braziliyalik yulduz yangi shartnomaga hali ham imzo chekkanicha yo‘q, amaldagi bitim esa bir yildan so‘ng tugaydi. Shu fon’da "Arsenal" hujumi tobora kuchayib bormoqda.
Madrid klubi pozitsiyasi aniq: Viniciusni kelasi yoz erkin agent sifatida qo‘yib yuborish – ssenariy emas. Agar kelasi haftalarda kelishuv bo‘lmasa, u transfer bozoriga qo‘yiladi. Stol ustidagi taklif allaqachon Vinicius va uning vakillari tomonidan rad etilgan, klub esa bu paketni ko‘tarishga tayyor emas. Shuning o‘ziyoq tarozining qaysi tomonga og‘ayotganini ko‘rsatib turibdi.
Mijatovich ogohlantiradi: “Bu yerda endi romantika qolmadi”
Klub atrofidagi kayfiyat ham bo‘linib ketgan. Bir tomonda – Viniciusning Bernabeuda qolishiga hamon ishongan muxlislar. Ikkinchi tomonda esa – allaqachon xayolan uni xayrlab bo‘lganlar.
"El Larguero" dasturida sobiq "Real Madrid" futbolchisi Predrag Mijatovich aynan shu keskin nuqtaga ishora qildi. Uning fikricha, yoz oyning yakuniga qadar katta sotuv deyarli muqarrar.
Mijatovich ochiq gapirdi: klub taklifi ma’lum, futbolchi rad etgan. Yozning bu bosqichida, qo‘lida atigi bir yil qolgan shartnoma bilan, bu vaziyat bir narsani aytib turibdi – Vinicius hozircha yangilashni o‘ylamayapti. Maoshda 25, 30 yoki 35 million talab qilishidan qat’i nazar, shu pallaga kelib bu raqamlarning o‘zi ikkinchi planga tushib qoldi. Muhimi – pozitsiya. Braziliyalik allaqachon boshqa variantlarni o‘ylab, bozorni sinchiklab baholayapti.
Mijatovich Angliyadan olgan ma’lumotlarini ham tilga oldi: "Arsenal" Vinicius uchun hamma narsani tikishga tayyor. London klubi uni qo‘lga kiritish yo‘lida moliyaviy chegarani buzishga ham rozi ekani aytilmoqda. Bu endi oddiy qiziqish emas, reja.
"Real" uchun vaqt siqilyapti
Klub rahbariyati oldida murakkab, ammo sodda tanlov turibdi: yoki talablarni yumshatish va Viniciusni ishontirish, yoki bu yozdayoq katta transferdan foyda ko‘rish. Uchinchi yo‘l – kelasi yoz erkin agent sifatida ketishi – Madrid uchun qabul qilib bo‘lmaydigan zarba.
Yillar davomida Vinicius omma oldida bir narsani takrorlab keldi: u "Real Madrid"da uzoq yillar o‘ynashni xohlaydi. Ammo hozirgi muzokaralar manzarasi bu gaplarni shubha ostiga qo‘yayotgandek. Klub taklifni oshirishni istamayapti, futbolchi esa talablaridan chekinishga tayyor ko‘rinmaydi. Ikki tomon ham bir qadam ortga chekinishni istamayotgan pallada esa uchinchi tomon – "Arsenal" uchun eshik sekin-asta ochilayapti.
Mijatovich fikricha, agar Vinicius yangilashni xohlamasa, "Real Madrid" kamida moliyaviy jihatdan yutib chiqishi shart. Uningcha, avgust oylari kelib, hamon aniqlik bo‘lmasa, bu allaqachon xavf emas, signal: klub katta pul evaziga sotish variantini jiddiy ko‘rib chiqishi kerak.
Savol endi bitta: Bernabeu tribunalari yillar davomida sekin-asta o‘z yulduziga aylangan Viniciusni yana ko‘p mavsumlar davomida ko‘radimi yoki bu yoz Madrid va London o‘rtasidagi eng shov-shuvli yo‘l-yo‘lakay chiptasiga aylanadimi?





