UZB sport

Real Madrid Enzo Fernández transferini rad etdi

Transfer bozori odatdagidek qaynayotgan bir paytda, Madridda bitta eshik qattiq yopildi. Real Madrid rasmiy bayonot bilan chiqib, Enzo Fernández uchun na hozir, na kelajakda har qanday harakat bo‘lishini keskin rad etdi.

So‘nggi haftalarda argentinalik yarim himoyachi nomi Madrid bilan deyarli har kuni birga tilga olinayotgan edi. Uning agenti Javier Pastore ham ispaniyalik nashr MARCAga bergan intervyusida mijozining Chelseani tark etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ochiq aytib, olovga yog‘ quydi.

Shu fon’da xabarlar ko‘paydi, mish-mishlar kuchaydi, narxlar tilga olina boshladi. ESPN ma’lumotiga ko‘ra, 29-may kuni Chelsea Enzo transferi uchun taxminan 120 million funt atrofida tovon puli so‘rashga tayyor ekani aytildi, agar futbolchi klubni tark etish uchun bosim o‘tkazsa. Bunday summa bozorning eng yuqori qatlamiga tegishli, tabiiyki, ko‘zlar darhol Madrid tomonga o‘girildi.

Ammo Real Madrid bu safar sukut saqlashni tanlamadi. Klub rasmiy bayonot bilan chiqib, barcha gap-so‘zlarni ildizi bilan kesib tashladi.

Bayonotda shunday deyiladi: so‘nggi kunlarda paydo bo‘lgan xabar va bayonotlarga qaramay, klub Enzo Fernándezni qo‘lga kiritish uchun na bevosita, na bilvosita biror urinish qilmagan va bunday operatsiyani amalga oshirish niyati ham yo‘q. Qisqa qilib aytganda, “biz emas va bo‘lmaymiz”.

Madrid klubi shu bilan birga Enzoga bo‘lgan hurmatini ham alohida ta’kidladi: uni “karerasi va sifati hammaga ma’lum bo‘lgan, yuksak darajadagi futbolchi” sifatida e’tirof etdi. Yana bir urg‘u – Chelsea bilan “a’lo darajadagi institutsional munosabatlar”. Ya’ni gap faqat sport emas, klub obro‘si va o‘zaro hurmat haqida ham ketmoqda.

Bayonotning eng keskin nuqtasi esa shunda: Real Madrid aynan shu hurmat va klubni boshqarib kelgan “institutsional sadoqat tamoyillari” tufayli bu mish-mishlarni “asossiz va haqiqatga mos kelmaydigan” deb, qat’iy rad etish zarurligini bildiradi. Madrid o‘z imidjini himoya qilyapti, shu bilan birga bozorni ham biroz sovutib qo‘ydi.

Bu orada Chelsea ichkarida o‘z rejasiga ega. Klub manbalariga ko‘ra, London jamoasi Enzoni odatdagidek yozgi ta’tilidan so‘ng, Argentina bilan xalqaro majburiyatlarini yakunlab, pre-sezon yig‘iniga qaytadi, deb kutyapti. Rasmiy pozitsiya aniq: u hali ham klub futbolchisi, rejada bor, unga qarashlar o‘zgarmagan.

Shu tariqa, bir tomonda agentning “chiqish yo‘llarini qidiryapmiz” degan ochiq gaplari, boshqa tomonda esa Madridning “biz bu o‘yinda yo‘qmiz” degan qat’iy pozitsiyasi turibdi. Transfer bozori uchun tanish sahna, lekin bu safar Madrid o‘z nomini bu spektakldan olib tashlashni ma’qul ko‘rdi.

Endi e’tibor yana Londonga qaratiladi. Enzo Fernández kelasi mavsumni haqiqatan ham Chelsea markazida boshlaydimi yoki bu yozgi shov-shuv yanada kattaroq sahnaga olib chiqadimi? Savol ochiq qolmoqda.