Rashford uchun yopilayotgan eshiklar: kelajakdagi muammolar
Marcus Rashford 2026-yilgi Jahon chempionatiga borar ekan, ko‘pchilik bu turnir uning o‘zi uchun ham, Manchester United uchun ham katta vitrina bo‘lishini kutgandi. Kuchli o‘yinlar, qayta tiklangan obro‘, yozgi bozor uchun yangi navbat. Reja shunday edi.
Ammo chap qanotda bitta muammo paydo bo‘ldi: Anthony Gordon.
Thomas Tuchelning hujum chizig‘ida ikkisi yonma-yon, bir pozitsiya uchun kurashdi. Gordon turnirni sust boshladi, Rashford esa bu pallani o‘z foydasiga burish imkoniga ega edi. Xorvatiyaga qarshi ochilish uchrashuvida chiroyli, sovuqqon yakun – va g‘alaba. Lekin u yerda to‘lqin ko‘tarilmadi, faqat bir marta chayqaldi, xolos.
Panama va DR Congoga qarshi ketma-ket, lekin zerikarli g‘alabalardan so‘ng Uniteddagi “tahqirlangan” yulduz zaxiraga tushdi. Yangi Barcelona futbolchisi Gordon esa start tarkibni egallab oldi va pley-off bosqichlarida Angliya hujumining asosiy figuralaridan biriga aylandi.
Rashford mundialni bor-yo‘g‘i bitta gol va bitta golli uzatma bilan yakunladi. U ham bo‘shashgan Fransiya himoyasiga qarshi uchinchi o‘rin uchun o‘yinda. Statistikada chiroyli ko‘rinmaydi, transfer bozorida esa yanada yomonroq.
Barcelona eshigi yopildi, Turkiya rad etildi
Rashfordning kelajagi haqida savollar ko‘paygan bir paytda, uning asosiy variantlaridan biri allaqachon qo‘ldan uchib ketgandi. Barcelona turnir boshlanishidan oldinroq Newcastle’dan Gordonni 69 million funt evaziga olib bo‘lgandi. Shunday ekan, kataloniyaliklarning Rashford uchun shartnomadagi sotib olish bandini ishga tushirishi deyarli imkonsiz edi.
Kutilganidek, Camp Nou’dagi ijaraga qo‘yilgan kelishuvdagi opsion 15-iyunda, mundial boshlanganidan atigi to‘rt kun o‘tib, muddati tugadi va yangilanmadi. Manchester United bu summani qayta ko‘rib chiqishga ham urinmayapti, Rashfordni yana Barcelona’ga ijaraga berish varianti ham kun tartibidan chiqarib tashlangan.
Oradan bir oy o‘tib, Angliyaning Argentinaga qarshi alamli yarim final mag‘lubiyatidan bir kun so‘ng Rashford shartnomasidagi 40 million funtlik chiqish bandi ham o‘z kuchini yo‘qotdi. Endi har qanday transfer narxi noldan kelishilishi kerak bo‘ladi. Bu esa bozorni yana ham qiyinlashtiradi.
Realistik raqam sifatida 26 million funt atrofidagi baho tilga olinmoqda, lekin bu ham oson yechim emas. Barcelona qaytishi ehtimoli? Adeyemi allaqachon Borussia Dortmund’ga ketayotgan bir paytda bu deyarli xayol bo‘lib qoldi.
Turkiyaning Fenerbahce va Galatasaray klublari Rashfordga jiddiy qiziqish bildirgani xabar qilingan, biroq u bu yo‘nalishni rad etdi. Maqsad aniq: yetakchi Champions League klubida o‘ynash.
United ham siqilgan, bozor ham
Muammo faqat futbolchida emas. Unitedning o‘zi ham tor burchakka tiqilib qolgan.
Klub West Ham’ning qanot futbolchisi Crysencio Summerville bo‘yicha harakat qilayotgan edi, ammo Niderlandiya terma jamoasi vakili endi 60 million funtlik bitim evaziga Saudiya Arabistonidagi Al-Hilal tomon yo‘l olishi kutilmoqda. Bu esa Old Trafforddagi chap qanotdagi chuqurlik muammosini yanada keskinlashtiradi.
Yozgi transfer oynasida United juda tejamkor harakat qilmoqda. Futbolchi savdolaridan tushgan mablag‘ kam, xarajatlar ehtiyotkor. Ayniqsa, chap qanot bo‘yicha tarkib chuqurligi yetishmaydi.
Angliya ichida Rashford uchun variantlar ham keskin cheklangan. The i Paper xabariga ko‘ra, United uni boshqa Premier League klubiga sotish niyatida emas. Tottenham uning 40 million funtlik, endi allaqachon muddati tugagan bandini ishga tushirishga tayyor bo‘lgani aytilgan bo‘lsa-da, klub rahbariyati bunga yo‘l qo‘ymadi.
Sabab aniq: akademiya tarbiyalanuvchisi boshqa ingliz klubida qayta portlab, yana ko‘p gol ura boshlasa, bu Old Trafford uchun “PR falokat” bo‘ladi. Bunday xatoni ular ko‘tara olmaydi.
Arsenal va Xabi Alonso boshqarayotgan Chelsea ham vaziyatni kuzatib turgani aytiladi. Lekin Chelsea allaqachon Aston Villa’dan Morgan Rogers uchun 117 million funt sarflab bo‘lgan bir paytda, bu qiziqishning konkret taklifga aylanishi endi juda kam ehtimolli.
325 ming funtlik bosh og‘rig‘i
Rashford atrofidagi qotib qolgan vaziyatning markazida bitta raqam turibdi: haftasiga 325 ming funt.
U Old Trafforddagi eng ko‘p maosh oluvchilardan biri. Bu summa uni sotishni ham, uni qayta jamoaga qo‘shishni ham murakkablashtiradi. Hech bir jiddiy klub bu darajadagi maoshni to‘liq ko‘tarishga tayyor emas. Shunga qaramay, Rashfordning o‘zi undan ham kattaroq takliflarni rad etgani aytilmoqda – demak, sport ambitsiyasi hali so‘nmagan. Aks holda, u allaqachon yangi manzil topgan bo‘lardi.
Sir Jim Ratcliffe va INEOS uchun esa bu raqamlar qizil chiziq. Klub ish haqi fondini qisqartirish siyosatini davom ettirmoqda. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Rashford shartnomasining qolgan ikki yillik qismi bonuslarsiz ham United’ga qariyb 39 million funtga tushadi. Devor yaqin, vaqt esa kam.
Yanvar 2025da Ruben Amorim uni “bomb squad”ga yuborib, klubdan chiqarib yuborishni xohlaganida, rahbariyat ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan. Moliyaviy mantiq ham shuni talab qilardi.
Carrick – yangi imkoniyat eshigi
Endi esa sahnaga Michael Carrick chiqmoqda. Uniteddagi so‘nggi xabarlar, hech bo‘lmaganda murabbiy tomonida, Rashfordni qayta integratsiya qilishga ochiqlik borligini ko‘rsatmoqda.
Jahon chempionatidan keyingi ta’til tugagach, u Dublin’dagi yig‘inga qo‘shilishi kutilmoqda. Qiziq tomoni shundaki, Rashford klubga nisbatan nafrat saqlab yurgani yo‘q, deyishmoqda. Amorim uni chetga surgan, “bomb squad”ga qo‘shgan bo‘lsa-da, futbolchi qaytish fikriga qarshi emas.
United bu mavsum Champions League’da ham o‘ynaydi. Bu esa rotatsiya, kengroq tarkib, tajribali hujumchiga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi.
Transfer bo‘yicha insayder Fabrizio Romano o‘z kanalida shunday deydi: Rashford Carrick bilan ishlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqda, Carrick esa Rashfordning Man United’dagi karerasini qayta jonlantirish fikridan chin dildan hayajonda. Klub va futbolchi bir-biriga yana bir imkoniyat berishga tayyor, keyin esa yo‘lning davomini birgalikda hal qilishadi – birga qolishadimi yoki yozda ajrashishadimi.
Carrick aprel oyidayoq Rashford kelajagi haqida gapirar ekan, “hali hech narsa hal bo‘lmaganini”, lekin kim bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘l ostidagi har bir futbolchini yaxshilashga urinishi haqida aytib o‘tgandi.
Nazariy jihatdan, maoshni qisqartirish orqali murosa topish mumkin. Ammo bu varianta ishonch kam. The i Paper manbalariga ko‘ra, eng real ssenariy – boshqa variantlar yo‘qligi fonida Rashfordga United’dagi karerasini qayta tiklash imkonini berish. Summerville transferining barbod bo‘lgani esa bu ehtiyojni yanada oshirgan bo‘lishi mumkin.
Muxlislar, kayfiyat va “hech qachon qaytma” qoidasi
Savol shuki, Ratcliffe va uning atrofidagi rahbarlar Carrickdek darajada bu qaytishga tayyormi? Bu qaytish ularga qancha turadi? Va eng muhimi, bu qaytish ishlaydimi?
Futbolda eski haqiqat bor: “hech qachon qaytma”. Rashford misolida bu gap ayniqsa o‘tkir eshitiladi.
Uning klubdagi ayrim muxlislar bilan munosabatlari 2025-yil yanvaridagi ijaraga ketishidan oldin anchadan beri buzilib ketgan edi. Maydondagi tana tili, pressingdagi ishtiroki, motivatsiyasi – hammasi tanqid ostiga olingan. U ko‘pincha Unitedning umumiy inqirozi fonida qulay “qurbonlik qo‘zi”ga aylantirildi, lekin baribir sabr kosasi to‘lgandi.
Endi esa vaziyat yanada murakkab. Rashford qaytib kelishi mumkin, lekin bu qaytish faqat bitta shart bilan qabul qilinadi: maydonda ayovsiz kurash va kuchli start. Aks holda, tribunadagi kayfiyat tezda zaharli tus olishi hech gap emas. Bu esa na futbolchi, na klub uchun foyda keltiradi.
Bundan tashqari, United mavsumni qanday boshlashi ham hal qiluvchi omil bo‘ladi. G‘alabalar, dinamik hujum, Carrickning aniq falsafasi – bular Rashford uchun ham, muxlislar uchun ham yumshatuvchi omil bo‘lishi mumkin.
Yana bir ijarami – yoki oxirgi shansmi?
United o‘z qo‘li bilan yaratgan qopqonda qolib ketdi. Bir tomonda – gigant maosh, bozorga ochiqchasiga qo‘yib yuborilgan futbolchi, 26 million funtlik baho va hech kim bu summani to‘lashga oshiqmayotgani. Ikkinchi tomonda – Rashfordning o‘zi, u ham o‘zini past darajadagi yoki kam nufuzli loyihaga tashlab yuborishni istamayapti.
Shu sharoitda hamma uchun eng mantiqiy variant yana bir ijaraga berish bo‘lishi mumkin.
Barcelona bilan bo‘lgani kabi sxema: yangi klub Rashford maoshining katta qismini o‘z zimmasiga oladi, futbolchi bilan esa ma’lum darajada qisqartirish bo‘yicha kelishishga urinadi. Blaugrana bilan shunday bo‘lgan edi, endi esa shunga o‘xshash model boshqa manzilda takrorlanishi mumkin.
Ammo bu safar hammasi bunchalik oson emas. United haftasiga 325 ming funtlik yukdan qutulishni juda xohlaydi, shuning uchun ham to‘liq yoki deyarli to‘liq qoplashni istaydi. Realistik ko‘rinadigan variant – 40/60 atrofidagi bo‘linish, lekin bunga ham hamma ham rozi bo‘lavermaydi.
Yana bir omil bor: vaqt. Transfer oynasi oxirigacha bu saga cho‘zilishi ehtimoli juda katta. Rashford keyingi manzilini tanlashda shoshmayapti, potentsial xaridorlar esa biladiki, oynaning so‘nggi haftalarida Unitedning muzokara pozitsiyasi yanada zaiflashadi. Ayniqsa, agar klub yangi qanot futbolchisiga katta mablag‘ sarflasa.
Shunday ekan, savol hanuz ochiq: Angliya terma jamoasi hujumchisi keyingi mavsumni qayerda boshlaydi? Old Trafforddagi qayta tug‘ilish ssenariymi, yangi mamlakatdagi ijarami yoki kutilmagan, hozircha tilga olinmagan yo‘nalishmi?
Bu yozgi bozorning eng cho‘ziladigan hikoyalaridan biri bo‘lishi aniq. Savol faqat bitta: Rashford bu safar o‘zini qaysi deraza ortida “shop window”ga qo‘yadi?






