UZB sport

Rashford yangi shartnoma bilan 4 million funt qo‘shimcha oladi

Rashford bir daqiqa ham o‘ynamadi – lekin endi yiliga qo‘shimcha 4 million funt oladi

Manchester United ichkarisida moliyaviy murakkab o‘yin ketmoqda. Maydonda emas, shartnomalarda. Uning markazida esa yana Marcus Rashford turibdi.

Eski band, yangi oqibat

Klub yillar davomida shunday tizimda ishladi: Champions League yo‘llanmasi qo‘lga kiritildimi – avtomatik ravishda bonuslar ishga tushadi, maoshlar ko‘tariladi. Kim nechta daqiqa o‘ynagani unchalik ahamiyatga ega emasdi.

Shu sabab Rashford bugun yiliga taxminan 4 million funtga boyiyapti. O‘tgan mavsumda United safida bir daqiqa ham o‘ynamaganiga qaramay.

O‘tgan yili Champions League yo‘qligi butun jamoa uchun maoshlarning qisqarishiga olib kelgandi. Endi esa Premier League’da uchinchi o‘rin va qaytgan yevrokuboklar tufayli ayrim futbolchilarning ish haqi yana yuqoriga sakradi. Rashford ulardan biri. Yangi shartnomasidagi 25 foizlik Champions League ustamasi ishga tushdi va uning haftalik maoshi yana 300 ming funtdan oshdi.

Bu qo‘shimcha 25 foiz – yiliga qariyb 4 million funt. Maydonda esa u o‘tgan mavsumda United libosida ko‘rinmadi.

Yangi qoidalar va eski imzolar

Klub ichida endi boshqa tartib joriy etilgan. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizimga ko‘ra futbolchi Champions League bonusini olish uchun o‘tgan mavsumdagi rasmiy o‘yinlarning kamida 60 foizida maydonda bo‘lishi kerak. Bu – 2000 daqiqadan biroz ko‘proq.

Bu chegarani hozirgi tarkibdagi ko‘plab futbolchilar bosib o‘tolmaydi. Mason Mount o‘tgan mavsum atigi shu ko‘rsatkichning yarmiga yaqinini to‘pladi, Rashford esa butunlay boshqa jamoada bo‘lgan. Demak, ular yangi qoidalarga binoan yetti xonali bonuslarga da’vogarlik qila olmaydi.

Ammo bir “lekin” bor. Rashford, Mount va Andre Onana shartnomalarini aynan eski tizim amal qilayotgan paytda imzolagan. Shuning uchun ularning Champions League bandlari hali ham avvalgi kabi ishlamoqda. Natija aniq: United qaytadan yevrokuboklarga chiqqani zahoti ularning maoshi yana yuqorilab ketdi.

Mount uchun bu klubga kelasi mavsumda qo‘shimcha 1 million funtdan ortiq xarajat degani. Onana bo‘yicha vaziyat biroz boshqacha: hozir uning ish haqi Trabzonspor tomonidan qoplanmoqda, shuning uchun United kassasiga bevosita zarba unchalik sezilmayapti, lekin bonus bandi baribir kuchda.

Joshua Zirkzee esa boshqa yo‘l bilan o‘tdi: u ham yangi qoidalar kiritilishidan oldin kelgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumda 60 foizlik chegarani bajarmagani sababli uning maoshi o‘zgarmagan.

Sotmoqchi bo‘lganlar – sotolmayotganlar

Rashford va Onana transfer bozoriga qo‘yildi. Klub ularni doimiy asosda qo‘yib yuborishga tayyor. Ammo aynan mana shu yuqori maosh va Champions League bonuslari United’ning o‘z futbolchilarini bozorga chiqarish rejalarini murakkablashtirib qo‘ydi.

Rashfordning Barcelona safidagi ijaradagi o‘yini ko‘plab maqtovlarga sazovor bo‘ldi, kataloniyaliklar uni sport tomondan yoqtirdi. Ammo moliyaviy haqiqat o‘z so‘zini aytdi: shartnomadagi raqamlar ularni to‘xtatib qo‘ydi. Barcelona uni doimiy asosda sotib olishdan voz kechdi, United esa maosh yukidan qutulish uchun harakatni kuchaytirdi.

Shu fon’da Rashford bo‘yicha klub ichidagi pozitsiya keskin o‘zgardi. Dastlab uni ketkazishga urinayotgan rahbariyat endi uni saqlab qolishi tobora ehtimolli ko‘rinmoqda. Moliyaviy mantiq bilan sportiy manfaat o‘rtasidagi kurash hozircha hujumchi foydasiga ishlayapti.

Rejalar tiqilib qoldi

Unitedning yozgi transfer rejasi esa shu murakkab shartnomalar fonida qisqarib bormoqda. Klub Youri Tielemans va Andrey Santos bo‘yicha nisbatan tejamkor kelishuvlarga erishdi, ammo Elliot Anderson va Mateus Fernandes transferlarini yakunlay olmadi – narxlar baland, budjet tarang.

Endi uchinchi markaziy yarim himoyachini olib kelish rejasi xavf ostida. Klub e’tiborini boshqa pozitsiyalarga burayapti: chap qanot himoyachisi va markaziy hujumchi ustuvor yo‘nalish sifatida tilga olinmoqda.

Savol esa o‘tkirligicha qoladi: Champions League qaytishi klubga sportiy jihatdan yordam berdimi yoki eski shartnomalardagi bandlar tufayli United yana o‘zi bilan o‘zi kurashayotganini ko‘ryapmizmi?