Premer-ligada yangi qoida talqinlari: penalti va kurash
O‘tgan mavsumda jarima maydonchasidagi har bir burchak to‘pi kichik kurash maydoniga aylangandi. Itarish, tortish, kiyimdan ushlash, bo‘g‘izlash, raqibni gilamga uloqtirgandek yiqitish – hammasi odatiy manzaraga aylanish darajasiga yetdi.
Everton bosh murabbiyi David Moyes fevral oyida Manchester United bilan bo‘lib o‘tgan keskin o‘yindan so‘ng ochiq gapirgandi: hakamlar bunday holatlarga aralashishni istamayotgandek tuyulayotganini, bu esa juda yomon tendensiya ekanini aytgan edi.
May oyida Arsenalga qarshi o‘yinda West Hamning bekor qilingan goli esa vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Bitta epizod ichida bir vaqtning o‘zida to‘rt-beshta potentsial qoida buzilishi – va natijada bekor qilingan gol. Shu lahza yozgi uchrashuvlarning asosiy mavzularidan biriga aylandi: sardorlar, murabbiylar, hakamlar va ligadagi boshqa ta’sirli tomonlar bilan o‘tkazilgan yig‘inlarda aynan shunga alohida e’tibor qaratildi.
Endi esa, gapdan ishga o‘tiladi.
Yangi mavsum, eski qoida, yangi talqin
Juma oqshomi Premer-liga yangi mavsumi start oladi: chempion Arsenal o‘z maydonida yangi ko‘tarilgan Coventryni qabul qiladi. Ammo bu safar hakamlar maydonga boshqacha ko‘rsatmalar bilan chiqadi – qat’iyroq, dadilroq va ayniqsa “futbolga aloqasi bo‘lmagan” usullarni jazolashga tayyor holda.
Qoidalarning matni o‘zgarmagan. O‘zgargani – ularni qanday qo‘llash, ayniqsa o‘yinchilarning xulq-atvoriga bo‘lgan yondashuv.
Endi nafaqat Premer-ligada, balki English Football League va Women’s Super League turnirlarida ham hakamlar “aniq material ta’sirga ega bo‘lgan ushlab turish” holatlariga ko‘proq e’tibor qaratadi. Eng katta urg‘u – to‘pga o‘ynashiga to‘sqinlik qilingan futbolchiga bo‘ladi, chunki bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum rivojiga ta’sir qiladi.
Statistika esa achinarli: o‘tgan mavsumda VAR aralashishi kerak bo‘lgan, ammo o‘tkazib yuborilgan 20 holatning chorak qismida – penalti berilmagan. Sabab bitta: to‘pdan uzoqda raqibini “kurash usullari” bilan yerga qulatish.
Shu bois endi “futbolga aloqasi bo‘lmagan, maydonga mutlaqo yot ushlab turish”ga alohida e’tibor bo‘ladi. Bunga quyidagilar kiradi:
- o‘yinchi faqat raqibga qarab turibdi, to‘pga umuman e’tibor bermaydi;
- to‘pga o‘ynash yoki kurashish niyati yo‘q;
- raqibni ikki qo‘l bilan quchoqlab ushlab oladi;
- raqibni yoki uning formasini uzoq, kuchli tarzda tortib turadi.
Demak, standart vaziyatda orqasini to‘p kelayotgan tomonga emas, faqat hujumchiga qilib olib, uning harakatini to‘sishni maqsad qilgan himoyachi endi jazolanadi.
Howard Webb talabi: ogohlantirish kam, hushtak ko‘p
Premer-liga hakamlar boshlig‘i Howard Webb yangi chiziqni aniq chizib berdi: hakamlar proaktiv bo‘lishi kerak.
Uning talabi sodda: ko‘proq ishonch, ko‘proq qaror, kamroq bo‘sh ogohlantirish.
“Ko‘rganini jazolashga maksimal darajada ishonch bilan yondashishlarini xohlaymiz. Ogohlantirishlar soni kamayadi, ko‘proq holatlar hushtak bilan to‘xtatiladi. Agar vaqt o‘tib, penaltilar soni kamayadigan bo‘lsa, bu bizning yondashuvimiz yumshaganidan emas, futbolchilarning o‘zi o‘zini tutishini o‘zgartirgani tufayli bo‘lishi kerak”, – deydi Webb.
Jahon chempionati burchak to‘plaridagi “kurash”ni ancha tozalab qo‘ygandi. Darvozabonlar yanada ko‘proq himoya ostida edi. Premer-liga esa bu qadar keskin yo‘l tutmaydi. Demak, har bir zarbada darvozabon engil turtki olsa ham gol bekor qilinaveradigan turnirni kutish kerak emas.
“Kontakt – o‘yin tarkibidagi tabiiy qism. Biz baribir yuqori chegarani saqlab qolamiz”, – deya qo‘shimcha qiladi Webb.
Ammo darvozabonning qo‘li harakati cheklansa – masalan, Arsenal darvozaboni David Raya West Hamga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi – bu baribir jazolanadi.
Klub bazalarida “dars” boshlandi
Har yozda Angliyadagi hakamlar tashkiloti – endi Pro Ref nomi ostida – barcha klub bazalariga boradi. Mashg‘ulot maydonlarida videolar, misollar, bahslar. Maqsad – yangi talqin nimani anglatishini futbolchilarga aniq tushuntirish.
Reaksiya esa har klubda har xil. Ba’zi jamoalarda futbolchilar qizg‘in munozara qiladi, ayrim joylarda esa kimdir orqa qatorda uxlab qolishi ham hech gap emas.
Yaqinda futbolchilarga ikki muhim epizod ko‘rsatildi: o‘tgan mavsumda penalti bo‘lmagan, lekin endi yangi ko‘rsatmalar bo‘yicha albatta 11 metrlik nuqtani anglatadigan holatlar.
Birinchisi – Brentford futbolchisi Keane Lewis-Potterning West Ham o‘yinchisi Tomas Soucekni to‘pdan uzoqda kurashchi kabi yiqitishi. Ikkinchisi – Sunderland himoyachisi Luke O’Nienning Leeds United futbolchisi Pascal Struijkni bo‘ynidan quchoqlab yerga tortishi.
Endi bunday holatlar aniq ta’rifga ega: “futbolga aloqasi bo‘lmagan ushlab turish, bu maydonda bo‘lishi mumkin emas”.
Webb yana bir epizodni misol keltiradi, u erda futbolchilarning o‘zi ham ikkiga bo‘lingan. Crystal Palace himoyachisi Marc Guehi Bournemouth futbolchisi Bafode Diakite tomonidan tortib yiqitiladi, hakam penalti belgilaydi.
Bir guruh futbolchi Guehi kontaktni o‘zi qidirganini aytadi. Boshqalar esa bu sof ushlab yiqitish, aniq qoida buzilishi deydi.
“Bir futbolchi: agar penalti berilmasa, VAR aralashishini kutaman, deydi. Buni eshitib, xonaning boshqa yarmi – bunday holatda penalti bo‘lishi mumkin emas deb hisoblaydiganlar – yanada asabiylashadi”, – deydi Webb.
Uning fikricha, Guehi foydasiga penalti maydonda to‘g‘ri qaror bo‘lgan, ammo bu VAR uchun emas. Bu esa hakamlar va VAR o‘rtasidagi muvozanatni qay darajada nozik ekanini ko‘rsatadi.
Oldindan tahlil: kimni, qayerda ushlashini bilish
Yillar davomida Pro Ref hakamlarga o‘yin oldidan maxsus tahliliy ma’lumotnoma taqdim etib keladi. Maqsad – qarorlarni oldindan “bo‘yash” emas, balki muammo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan zonalarni oldindan ko‘rish.
“Bizda juda malakali tahlilchilar bor. Ular o‘yindan oldin katta ish qiladi va hakamlarga ma’lumot beradi: jamoa qanday joylashadi, qanday kombinatsiyalarni ishlatadi. Bu hakamga to‘g‘ri paytda to‘g‘ri joyga qarash imkonini oshiradi”, – deydi Webb.
Tahlilchilar jamoalarning standart vaziyatlardagi odatlarini ko‘rib chiqadi. Masalan, hujumdagi burchak to‘pida hakam qayerda turishi kerak, qaysi juftliklar orasida ko‘proq “kurash” bo‘ladi – bularning bari oldindan chizib chiqiladi.
Bu “mana bu futbolchi doimo aldovchi, demak har yiqilganda simulyatsiya” degani emas. Webb uchun ochiq fikr muhim, lekin ma’lumot bilan qurollangan ochiq fikr yanada kuchli.
Standart vaziyatlar – oltin koni va minalangan maydon
O‘tgan mavsum Premer-ligada standart vaziyatlardan – penaltilar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbalari bundan mustasno – 269 ta gol urildi. Bu umumiy gollarning 25,7 foizi. Yevropaning top ligalarida eng yuqori ko‘rsatkich. Eng yaqin ta’qibchi – Italiya Serie A, 22,3 foiz bilan.
Jahon chempionatida bu ko‘rsatkich 17,5 foiz atrofida bo‘ldi, faqat Fransiya Ligue 1 undan past. Demak, yanada qat’iy yondashuv standart vaziyatlar samaradorligini tushirishi mumkin.
Webb bunga rozi: agar hakamlar kuchliroq bo‘lsa, murabbiylar ham taktikasini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.
“Agar biz qoida buzilishini jazolashni boshlasak, futbolchilar moslashadi. Shunda bunday holatlar o‘zi kamayadi. Lekin shuni ham tushunamizki, agar taktika o‘yinni hakamlar uchun haddan tashqari murakkab qilib yuborsa, boshqa yondashuvlar haqida ham o‘ylashga to‘g‘ri kelishi mumkin”, – deydi u.
O‘tgan mavsumda Arsenal standart vaziyatlar bo‘yicha mutlaq yetakchi bo‘ldi – 25 gol. Faqat hujumda emas, himoyada ham: bunday holatlardan atigi 7 gol o‘tkazib yuborishdi, ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
Bu muvaffaqiyatning katta qismi – murakkab, ishlangan kombinatsiyalar, lekin zarurat bo‘lganda ular ham juda jismoniy o‘ynashdan tortinmadi.
Manchester United 21 gol bilan ikkinchi, Tottenham Hotspur esa – umuman olganda omadsiz mavsumiga qaramay – 19 gol bilan uchinchi bo‘ldi.
Yangi talqin kimga foyda keltiradi? Ehtimol, himoyada qiynalganlarga. Masalan, Liverpool – o‘tgan mavsumda standart vaziyatlardan eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoa, 19 marta. Ulardan keyin Chelsea va Newcastle – 17 tadan.
Qanchaga chidashadi?
Har qanday yangi tashabbus singari, bu ham shubha bilan kutib olinadi. Eng katta savol: haqiqatan ham maydonni “tozalash”adimi yoki ilk turlardan keyin hammasi yana eski iziga qaytadimi?
Eng nozik nuqta – eng yomon ushlab turishlarni yo‘qotish, lekin futbolga xos jismoniy kurashni o‘ldirmaslik. Hakamlar ko‘pincha mavsum boshida qattiqroq bo‘ladi, keyin bosim, tanqid, murabbiylarning e’tirozlari ostida asta-sekin avvalgi chegaraga qaytadi.
Bu safar esa sinov jiddiyroq. Gap shunchaki yangi mavsum boshlanishida bir necha penalti berish emas. Gap – burchak to‘plari va standart vaziyatlarni chindan ham futbolga qaytarish haqida.
Endi savol bitta: futbolchilar o‘z odatini tezroq o‘zgartiradimi yoki hakamlar?







