Omar Marmoush: Frankfurt, Manchester, va London sahnasi
Omar Marmoush: Frankfurtdan boshlangan parvoz, Manchesterda sinov, endi esa London sahnasi
Eintracht Frankfurtga 2023-yil mayida erkin agent sifatida kelgan Omar Marmoush dastlab Germaniyada o‘zini topdi. Wolfsburgdan kelgan misrlik hujumchi Bundesligadagi ilk to‘liq mavsumidayoq barcha musobaqalarda 17 ta gol urib, nomini jiddiy eshittirdi.
Ammo bu faqat kirish qismi edi. 2024–2025-yilgi mavsumning birinchi yarmi Marmoushni boshqa darajaga olib chiqdi. Bundesligada atigi 17 ta o‘yinda 15 ta gol. 8,9 expected goals fonida. Ustiga ustak 9 ta golli uzatma. Frankfurt uchun jami 26 uchrashuvda 20 gol va 13 assist – bu allaqachon bir mavsumlik emas, katta transfer uchun tayyor vizit karta edi.
Manchester City bundan ko‘z yumolmadi. 2025-yil yanvarida ingliz chempionlari uni 59 million funt evaziga olib kelishdi. Shundan so‘ng Marmoushning karerasi yangi sahifani ochdi.
Standart vaziyatlar ustasi va tarixiy seriya
Marmoushning o‘yinida birgina golchi instinkti emas, yana bir qurol bor edi: standart vaziyatlar. U Yevropaning besh yirik ligasida 2019-yildan beri ilk bor ketma-ket uchta rasmiy uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbasidan gol urgan futbolchiga aylandi. Oldingi ism – Lionel Messi.
Bunday qator bilan sen avtomatik ravishda skautlar daftarining yuqori qismiga chiqasan. Marmoush ham aynan shunday yo‘l tutdi.
Manchesterdagi balandliklar va bitta og‘ir lahza
Citydagi dastlabki oylar umidbaxsh bo‘ldi. U o‘z karerasidagi ilk hat-trickni Newcastle darvozasiga kiritdi. FA Cup chorak finalida Bournemouthga qarshi hal qiluvchi golni urdi. Xuddi o‘sha raqibga qarshi liga uchrashuvida uzoq masofadan chiroyli zarba yo‘llab, mavsumning eng yaxshi goli sovrinini qo‘lga kiritdi.
Hamma narsa ko‘tarilish chizig‘ida ketayotgandek edi.
Keyin esa Wembley. FA Cup finali. Crystal Palace. Erling Haaland 11 metrlik nuqtaga boradigan to‘pni unga topshirdi. Mas’uliyat, ishonch, sahna. Marmoush zarba berdi, Dean Henderson qaytardi. City finalda mag‘lub bo‘ldi.
Bunday vaziyatlar hujumchining butun karerasiga tamg‘a bo‘lib qolishi mumkin. Ammo Nedum Onuoha bunday fikrda emas.
Sobiq City himoyachisi "BBC"ga shunday dedi: Marmoushni ko‘rganida uning o‘sha penaltisini emas, himoyachilar ortiga qilgan kuchli yugurishlarini eslaydi. Onuoha nazarida, bitta lahza emas, uning dinamikasi va qudrati Marmoushni ta’riflab turibdi.
Statistika ham Marmoushning Citydagi borligini inkor etmaydi. Transferdan buyon barcha musobaqalarda 62 uchrashuv, 16 gol. 2025–2026-yilgi mavsumda 36 o‘yinda 8 gol.
Ammo bir haqiqat bor: Premier League dagi roli sezilarli darajada qisqardi. U atigi 8 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshladi, jami o‘yin vaqti qariyb 700 daqiqani tashkil etdi. Bu hatto klubga kelgan ilk yarim mavsumidagidan ham kam.
Raqobat, pozitsiyalar va Tottenhamga ochilgan eshik
Onuoha bunga oddiy izoh beradi: City hujum chizig‘idagi raqobat. Marmoush to‘p surishi mumkin bo‘lgan zonalar allaqachon mutaxassislar bilan band. Toza markaziy hujumchi rolini Haaland egallagan. Orqa chiziqda esa "o‘nliklar" va qanotlar jamoaning yuragi bo‘lib qolgan.
Shu fonni hisobga olganda, Tottenhamga o‘tish misrlik hujumchi uchun alohida imkoniyat bo‘lib ko‘rinadi.
Marmoush tabiatan markaziy hujumchi. Ammo u hech qachon bitta rolga mixlanib qolmagan. Frankfurtda u markaziy forvard, ikkinchi hujumchi va chap qanotda o‘ynadi. Cityda esa uni markazda ham, qanotlarda ham, boshqa hujumchi ortida ham ko‘rish mumkin bo‘ldi.
Bu ko‘p qirralilik Roberto De Zerbi uchun ayni muddao. Uning jamoalari oldingi chiziqda joylarni tez-tez almashtiradigan, orqaga tushib to‘p qabul qiladigan, keyin esa raqib himoyasi ortida bo‘sh qolgan zonalarga yuguradigan hujumchilarga tayanadi.
Onuoha fikricha, Marmoushning eng yaxshi ko‘rinishi aynan shu – himoya chizig‘i orqasida bo‘shliq topgan pallalarda yuzaga chiqadi. U shunday deydi: Marmoush to‘pga yaqinlashganda ham foydali, lekin himoyachi yelkasida o‘ynaganida undan kuchliroq futbolchi yo‘q. Unga doimiy ravishda orqa zonalarga to‘p tashlaydigan, raqibni o‘z darvozasi tomon yugurishga majbur qiladigan jamoa kerak.
Raqamlar yolg‘on gapirmaydi: Marmoush va Tottenham hujumi
Opta ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026-yilgi Premier League mavsumida Marmoush ko‘p hujumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Dominic Solanke va Richarlisonni har 90 daqiqada ortda qoldirgan. Faqat havodagi kurashlarda ularga yutqazadi.
Misrlik hujumchi har 90 daqiqada 0,77 gol va assist, 3,86 zarba, 1,55 golli vaziyat yaratish, 5,67 marta to‘pni oldinga olib o‘tish, 1,29 muvaffaqiyatli dribbling, jarima maydoni ichida 6,82 tegish va himoya ortiga 11,46 yugurish qayd etgan.
Bu raqamlar uni Tottenhamning hozirgi hujumchilaridan butunlay boshqa tipdagi futbolchi sifatida ko‘rsatadi. U to‘pni oldinga sudraydi, raqibni birga-bir vaziyatlarda majburlaydi, o‘zi uchun zarba imkoniyatlarini yaratadi. De Zerbi uchun chuqur o‘ynaydigan jamoalarga qarshi qo‘shimcha qurol paydo bo‘lishi mumkin.
Onuoha shunday deydi: ba’zan hammasi futbolchining jamoaga qanchalik mos tushishida. Marmoushning himoya ortiga yugurishi va kombinatsion o‘yinga qo‘shilishi Tottenham uchun juda muhim bo‘lishi mumkin. Ular himoya ortiga to‘p tashlashdan cho‘chimaydi va raqibni orqaga chekinishga majbur qiladi.
Ikki hujumchi: Solanke va Marmoush juftligi
Marmoush transferi Solanke uchun "oxirgi qo‘ng‘iroq" bo‘lishi shart emas. Aksincha, misrlikning boshqa hujumchi bilan yonma-yon o‘ynash qobiliyati ularni birga maydonga tushirish eshigini ochadi.
Solanke – kuchli, tana bilan ishlaydigan, markaziy himoyachilarni ortga siqib qo‘yadigan forvard. Marmoush esa kenglikka chiqadi, chiziqlar orasiga tushadi, keyin esa raqib pressingidan qolgan bo‘shliqlarga portlab kiradi.
Onuoha tasavvur qilayotgan manzara sodda, lekin xavfli: darvozabon pastdan Solankega to‘p tashlaydi, u esa orqa bilan to‘pni ushlab qoladi, shu payt Marmoush orqadan kelib, uzatmani qabul qiladi va hujum boshlanadi. Ikki xil profil, bitta g‘oya.
"Har ikkalasi bir-birini to‘ldirishi mumkin", – deydi u. Ikki hujumchi bilan o‘ynash Marmoushning kuchli tomonlarini yanada ko‘proq yuzaga chiqarishi ehtimoli katta.
Endi savol bitta: London shimolida unga kerakli bo‘shliqlar, kerakli ishonch va kerakli sahna topiladimi?






