Obi Mikel va Alderweirelddan Tielemans haqidagi fikrlar
Manchester United yozgi transfer bozorida ko‘plab yulduzlarni nishonga oldi, ammo sobiq “Chelsea” yulduzi Obi Mikel nazarida eng katta zarba allaqachon berib bo‘lindi. Uningcha, Youri Tielemans uchun to‘langan 35 million funt – deyarli ishonib bo‘lmaydigan darajadagi arzon narx.
Mikel “The Obi One Podcast” dasturida bu transfer haqida gapirar ekan, hayratini yashirmadi. Uning fikricha, bu yozda klubini o‘zgartirgan barcha markaziy yarim himoyachilar orasida eng yaxshi bitim – aynan shu.
“Qanday qilib 35 millionga? Bu talonchilikka yaqin narx”
Mikel Tielemansni uzoqdan kuzatganini aytadi – jahon chempionati oldidan ham, turnir davomida ham. U ko‘rgan futbolchi – to‘liq shakllangan, katta sahnaga tayyor pleymeyker.
U belgiyalik futbolchining taktik ko‘p qirrali ekanini alohida urg‘uladi: Tielemans “oltilik”da ham, “sakkizlik”da ham, “o‘nlik”da ham o‘ynay oladi. Bu esa murabbiyga o‘yin uslubini istalgan payt o‘zgartirish imkonini beradi. Bir futbolchi – uchta rolda.
Mikelning tasviriga ko‘ra, Tielemans – gol ura oladigan, standart vaziyatlarda xavf tug‘diradigan, to‘p bilan juda ishonchli ishlaydigan yarim himoyachi. Eng muhimi, u to‘pni deyarli boy bermaydi.
Kamchilik? Faqat bitta – u sprinter emas. Lekin Mikel buni jiddiy minus deb hisoblamaydi. Sababi, belgiyalik o‘yinni aql bilan o‘qiydi, pozitsiyani mukammal tanlaydi, to‘psiz harakatlari ham juda saviyali. Shuning uchun ham u: “Barcha yangi yarim himoyachilar ichida eng yaxshisi – Tielemans”, deya qat’iy fikr bildiradi.
Alderweireld: “Statistika hammasini aytib bera olmaydi”
Sobiq “Tottenham Hotspur” himoyachisi Toby Alderweireld ham vatandoshining transferidan hayratda. U “Hajper” bilan suhbatda zamonaviy futbolning muammosiga to‘xtaldi: ko‘p hollarda o‘yinchilar faqat gollar va golli uzatmalar orqali baholanadi.
Alderweireld uchun Tielemans bundan ancha ko‘proq narsa. Ha, u gol ham uradi, uzoq masofadan zarba berib ham, jarima zarbalaridan ham. Ammo uningcha, asosiy qiymat – ko‘zga unchalik tashlanmaydigan, lekin o‘yinning yuragini tashkil etadigan jihatlarda.
U Tielemansni “bog‘lovchi futbolchi” deb ataydi. Bunday o‘yinchini tushunish uchun faqat statistika sahifasiga qarash yetmaydi, uni maydonda diqqat bilan kuzatish kerak. Belgiyalik doim to‘pni oldinga o‘ynashga intiladi.
Ko‘plab yarim himoyachilar bor – paslarining 98 foizi manziliga yetadi, lekin ular asosan orqaga yoki yon tomonga uzatish qiladi. Xavfsiz, ammo befoyda. Tielemans esa boshqacha: u orqasiga emas, chiziqlar orasiga qaraydi, raqib liniyalari orasini topadi, pressingni yorib o‘tuvchi uzatmalar izlaydi.
Old Trafford bosimi va “men o‘yin taqdirini o‘zgartiraman” degan mentalitet
Alderweireldni yana bir jihat hayratga soladi: Tielemansning bosim ostidagi ruhiyati. Old Traffordda har bir pas, har bir qaror kuzatuv ostida. Lekin u, deydi sobiq himoyachi, bu mas’uliyatdan cho‘chimaydi.
U hatto chuqurroq pozitsiyada o‘ynaganida ham o‘yinni hujumkor tarzda o‘ylaydi. Orqaga yashirinib oladigan, xavfga bormaydigan “securitiy-pleymeyker” emas, balki riskka tayyor, oldinga qaraydigan yarim himoyachi. Ba’zan to‘pni yo‘qotadi – bu tabiiy. Ammo o‘yin taqdirini o‘zgartiradigan paslar faqat shunday xavf ostida tug‘iladi.
Alderweireldning ta’kidlashicha, Tielemans jamoadoshlardan to‘pni talab qiladi, tashabbusni o‘z qo‘liga oladi: “Menga bering, o‘yinni men o‘zgartiraman”. Bu so‘zlar emas, maydondagi harakatlar orqali seziladigan liderlik.
“Manchester United” uchun esa aynan shunday profil hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Savol shuki, 35 million funt evaziga olingan bu “o‘lja” – klubning yangi davriga start bo‘ladimi yoki bozorni hayratga solgan navbatdagi ajoyib bitim sifatida tarixda qoladimi?







