Newcastle United: Transferlar va ishonchning qaytishi
Dr Ian Graham bir paytlar raqamlarni titkilab, xulosani qattiq qo‘ydi: Premier League’dagi transferlarning yarmi samara bermaydi. Shunchaki omadsizlik emas, tizimli xato darajasida. Uzoq vaqt davomida bu gap Newcastle United haqida emasdek tuyulardi.
St James’ Park’da Alexander Isak, Bruno Guimaraes, Kieran Trippier, Dan Burn kabi nomlar ketma-ket ish berib, klub “kodni yechgandek” ko‘rindi. Transfer bozorida deyarli xatosiz ishlayotgan, har bir yirik xaridi maydonda darhol oqlanayotgan klub.
O‘tgan yozgacha.
100 million funtdan ortiq sof sarf, lekin tezkor foyda deyarli ko‘rinmadi. Faqat Malick Thiaw darhol rotatsiyaning ishonchli bo‘lagiga aylandi, xolos. Qolganlari? Savollar, umidlar va uzrlar aralash bir mavsum.
Shu bilan birga, Newcastle’ga hozir ham kuchayish kerak. Klub Hoffenheim vingeri Bazoumana Toure bilan kelishuvni yakunlash arafasida. Lekin Tyneside’da yaxshi bilishadi: yangi yuzlar yetmaydi. O‘tgan yozda kelganlar ham nihoyat o‘zini ko‘rsatishi kerak.
Eddie Howe mavsum oxiridagi matbuot anjumanlaridan birida qisqa, lekin aniq gapirdi: u bu transferlarga ishonadi. “Ularning barchasi o‘zini oqlaydi”, degan mazmunda fikr bildirdi. Kelayotgan oylar aynan shuni isbotlash yoki inkor etish davri bo‘ladi.
Shu fon’da Anthony Elanga va Yoane Wissa Jahon chempionatida birinchi bor Newcastle muxlislaridan ko‘ra ko‘proq o‘zlariga ishonch qaytarib olgandek bo‘lishdi. Ular Nottingham Forest va Brentford davridagi o‘tkir, dadil, ishtiyoq bilan o‘ynagan futbolchilariga biroz ko‘proq o‘xshab qoldi.
Ikki futbolchi turnir davomida jami beshta gol urdi. Bu – Newcastle’dagi ilk mavsumlari bo‘yicha umumiy natijalariga teng raqam.
Savol esa sodda: bu ishonch Tyneside’ga qaytib keladimi?
Elanga: 4:0 hisobida maydonga kirib, o‘yinni o‘zgartirgan yigit
Elanga uchun yo‘qotadigan narsa deyarli qolmagandi. Shvediya Jahon chempionatidagi ikkinchi guruh uchrashuvida Niderlandiyaga 0:4 hisobida yutqazayotgan bir paytda u zaxiradan maydonga tushdi.
Atigi to‘rt daqiqa. Shuncha vaqt Elanga uchun yetarli bo‘ldi.
Shiddatli qarshi hujum, chiziq ortidan yugurib chiqish, sovuqqon yakun. To‘rt daqiqa ichida u hisobni qisqartirdi va o‘yin sur’atini butunlay o‘zgartirdi. O‘sha lahza unga kerak bo‘lgan impuls edi.
Keyingi o‘yinda, Yaponiya bilan bahsda, Elanga asosiy tarkibda tushdi. Bu safar u chapdan ichkariga kirib, o‘ziga xos uslubda – ichkariga burilib, chiroyli aylana zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Uchrashuv natijasi Shvediya uchun baribir ertangi kunni kafolatlamadi, lekin Elanga maydonda o‘yin o‘zgartira oladigan futbolchi sifatida yana bir bor ko‘rinish berdi.
Fransiyaga qarshi 1/16 finalda Shvediya 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Lekin Elanga baribir turnirni boshini baland ko‘tarib tark etganlardan bo‘ldi. Uning tezligi, dadilligi va qarshi hujumlardagi xavfi yana bir bor ko‘zga tashlandi.
“U o‘yin taqdirini o‘zgartira oladigan turdagi futbolchi”, – degan edi Emil Krafth, sobiq Newcastle va Shvediya jamoadoshi. U bu so‘zlarni shunchaki do‘stona maqtov sifatida emas, balki ichkaridan biladigan odam sifatida aytdi.
Elanga buni Nottingham Forest safida allaqachon ko‘rsatgan. Newcastle’da esa hammasi bunchalik silliq kechmadi. Murakkab, detallashtirilgan tizim, yuqori talablar, to‘liq bir yozgi tayyorgarlikka qaramay moslashuvdagi og‘irliklar. Ba’zan chaqnashlar bo‘ldi – lekin barqarorlik yetishmadi.
Nou Camp’dagi Chempionlar Ligasi pley-offida dubl. St James’ Park’da Liverpool va Barcelona himoyalarini tezligi bilan qiynab qo‘ygan lahzalar. Ammo yakuniy zarba yoki sheriklarining aniqligi yetishmadi, uning uzatmalari ko‘p bora bekorga ketdi.
55 million funtlik transfer narxi fonida bu yetarli emas edi. Ayrim o‘yinlar og‘riqli bo‘ldi, tanqidlar kuchaydi. Lekin Elanga yonib ketmadi.
“U o‘ziga muvaffaqiyatsizlikka yo‘l qo‘yadigan darajada ruhiy jihatdan zaif emas”, – deydi unga yaqin manba. Bu gap orqasida birinchi mavsum bosimiga qaramay taslim bo‘lmayotgan futbolchi turibdi.
U ilhomni uzoqqa qidirmasa ham bo‘ladi. Anthony Gordon misoli yonida turibdi.
Gordon ham Premier League tajribasiga ega bo‘lsa-da, 2023 yilda Everton’dan kelganidan keyin Newcastle tizimiga moslashish uchun vaqt talab qilingan. Uning maydondagi energiyasi, o‘yin istagi bor edi, lekin qarorlar, yakuniy pas, to‘pni boshqarish – hammasi qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj edi.
Gordon kiyinish xonasida doimiy savol beruvchi futbolchiga aylandi. “Nimani yaxshilashim kerak?” – deya atrofdagilardan fikr so‘radi. Vaqt o‘tishi bilan u to‘p bilan mas’uliyatliroq bo‘la boshladi, uchinchi zonadagi qarorlari aniqlandi, Angliya U-21 terma jamoasi bilan muvaffaqiyatli turnirdan so‘ng ishonchi portlab chiqdi.
Krafth Elanga bilan Gordon o‘rtasida o‘xshashliklarni ko‘radi.
“Menimcha, Anthony uchun ikkinchi mavsum boshqacha bo‘ladi, – deydi u. – Endi u nimaga kelayotganini biladi. Murabbiy undan nimani kutishini, tizimni ko‘proq tushunadi”.
Elanga ham endi nimani kutishni biladi. Endi navbat amalda ko‘rsatishga keladi.
Wissa: buzilgan tayyorgarlik, singan ritm va kech kelgan jilo
Yoane Wissa uchun esa hammasi boshqacha boshlandi. U Brentford’dan ketishni o‘zi talab qildi, 55 million funtlik transferni bosim ostida tezlashtirdi va Newcastle’ga o‘tishdan oldin ideal bo‘lmagan yozni boshdan kechirdi.
Tayyorlov davri uzildi-kesildi bo‘ldi. Keyin esa DR Congo safida tizzasidan jarohat oldi. Newcastle’dagi ilk kunlari uchun eng yomon ssenariy.
Wissa shoshildi. Tezroq qaytishni, Howe ishonchini oqlashni, yangi klubiga foyda keltirishni xohladi. Dastlabki olti o‘yinida uchta gol – bu umidli start edi. Lekin shu bilan tugadi.
29 yoshli hujumchi ritm topolmadi. Katta imkoniyatlarni boy berdi, mashg‘ulotlar yetishmasligi, zich taqvimdagi toliqish uning o‘yinida yaqqol sezildi. Maydonda ko‘rinib turgan potentsial, lekin uni to‘liq ochishga to‘sqinlik qilayotgan tana va ritm.
Vaqt o‘tib, Howe aprel oyida nihoyat mashg‘ulotlarda “uning eng yaxshi ko‘rinishi”ni ko‘rayotganini aytdi. Bu kichik, lekin muhim signal edi. Wissa jismonan yig‘ilib, tizimga moslasha boshlaganidan darak.
“Yangi klubga kelganingda nima kutishni bilmaysan, – deydi Krafth. – Ayniqsa Newcastle’da. Biz qanday mashq qilamiz, qanday o‘ynaymiz – bunga hech kim tayyor emas”.
Jamoa ichida fikr shunday bo‘ldi: mavsum oxiridagi nisbatan yumshagan taqvim, katta guruh bilan barqaror mashg‘ulotlar Wissa kabi yangi futbolchilarga nihoyat nafas olish va moslashish imkonini berdi.
Jahon chempionatiga kelib, Wissa boshqacha ko‘rindi. Yengil, chaqqon, ishtiyoq bilan. Va u sahnadan to‘liq foydalandI.
DR Congo tarixidagi ilk Jahon chempionati goli – Wissa boshiga yozildi. Portugaliyaga qarshi o‘yinda u chiroyli zarba bilan hisobni tenglashtirdi va butun mamlakat uchun ramziy bo‘lgan lahzani yaratdi.
O‘zbekiston bilan uchrashuvda bir necha imkoniyatni boy bergani bor, lekin keyingi o‘yinda u portladi. Dubl, eng yaxshi o‘yinchi unvoni va 3:1 hisobidagi g‘alaba – DR Congo tarixda ilk bor pley-offga yo‘l oldi.
Angliyaga qarshi 1/16 finalda Wissa ustunga tegib qaytgan zarba bilan yana sarlavhalarga chiqishi mumkin edi. Hisob 1:0 bo‘lib turgan paytda u ikkinchi golni urish imkoniyatini boy berdi. Yakunda DR Congo mag‘lub bo‘ldi. Lekin bu baribir unutib bo‘lmaydigan turnir bo‘lib qoldi.
Wissa esa Jahon chempionati chog‘ida halol tan oldi: “Newcastle’da eng yaxshi yuzimni ko‘rsata olmadim. Lekin vaqtim kelishini bilardim”.
Uning so‘zlari hozir klub bazasida boshqacha ohangda yangrayapti. Bu endi bahona emas, chaqiriq.
Ikkinchi mavsum sinovi
Newcastle uchun bu yoz transfer bozoridagi navbatdagi zarba bo‘lishi mumkin. Bazoumana Toure kelishi kutilmoqda, yangi nomlar tilga olinmoqda. Lekin klub ichkaridan ham javob kutyapti.
Elanga va Wissa Jahon chempionatida ko‘rsatgan ishtiyoqni, dadillikni, aniqlikni St James’ Park gazoniga ko‘chira oladimi? Birinchi mavsum bosimi, jarohatlar, tizimga moslashish haqida gaplar ortda qolishi kerak bo‘lgan pallaga kelinyapti.
Newcastle so‘nggi yillarda transfer bozorida ko‘p bor to‘g‘ri urgan klub sifatida tilga olindi. Endi esa savol boshqacha: o‘tgan yozgi yirik sarmoya haqiqiy daromad keltiradimi yoki Dr Ian Graham statistikasi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topadimi?






