NBA: Busslar davridan sarmoya fondlari davriga o‘tish
Yillar davomida NBA sabrli kapital va yorqin marketing ittifoqi ustiga qurildi. Bu g‘alati uyg‘unlikni hech kim Los Angeles Lakers’dek ifodalay olmagan. 1980-yillardagi “Showtime”, keyin Shaq–Kobe davri – liga va butun sport uchun mezon shu jamoa edi: jozibador, tajovuzkor, ko‘z-ko‘z qilinadigan. Sport va shou-biznes bir-biriga qorishib ketgan, atletizm bilan mashhurlik bir xil darajada qadrlangan davr.
Buning ortida esa butunlay boshqa, sokinroq manzara yotardi. Ko‘chmas mulk sarmoyadori Jerry Buss 1979 yilda Lakers’ni 16 million dollarga sotib oldi va 2013 yilda vafotigacha klubning asosiy egasi bo‘lib qoldi. U sahnaga Laker Girls, Magic’ning ko‘r-ko‘rona paslari, Shaq’ning shisha sindirgan danklari va old qatorlarda Jokercha tabassum qilayotgan Jack Nicholson’ni olib chiqdi, lekin bularning bari uzoq muddatli, barqaror egalik ustiga qurilgandi. Buss Lakers’ni oddiy klubdan “brend”ga aylantirdi, qolgan deyarli barcha NBA jamoalari o‘shandan beri taqlid qilayotgan qolipni yaratdi.
Endi esa o‘sha eski dunyo ko‘z o‘ngimizda yopilmoqda.
Busslar davridan sarmoya fondlari davriga
Jerry Buss vafot etganida, Lakers taxminan 1 milliard dollarga baholanardi. Hozir esa klub sobiq Disney rahbari Bob Iger va venchur sarmoyador Josh Kushnerga 12,5 milliard dollarga sotilishi arafasida turibdi. Bitim hali yakuniy emas, NBA boshqaruv kengashi tasdig‘idan o‘tishi kerak. Ustiga ustak, Busslar oilasining farzandlari o‘zlarining 17,8 foizlik ulushini ham Iger va Kushnerga sotish-sotmaslik borasida o‘zaro tortishib, jarayonga teatr sahnasiga xos oilaviy intriga qo‘shib qo‘ydi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Lakers basketboldagi eng qimmat klubga aylanadi. Yana bir narsa aniq bo‘ladi: xususiy kapital sportga hujumini tezlashtirdi, eshiklar oxirigacha ochildi.
Bu hammasi emas. Iger va Kushnerning taklifi Lakers bundan atigi bir yilcha avval boshqa xususiy investorlar qo‘liga o‘tganidan keyin kelmoqda. 2025 yil iyunida Mark Walter va Todd Boehly Lakers’ning nazorat paketini 10 milliard dollarlik bahoda sotib olgan, Busslar esa oilaviy meros sifatida kichik ulushni saqlab qolgan edi. Endi Walter atigi 14 oy o‘tib, o‘sha “toj javohir”dan voz kechishga tayyor – bahoni 2,5 milliard dollarga oshirgancha.
Bu raqamlar tilga oson, lekin mazmuni ancha keskin: jamoalar endi uzoq yillik meros emas, qisqa muddatli aktiv. Oldin avloddan-avlodga o‘tgan “oilaviy mulk” bugun ko‘chmas mulk spekulyanti tezda ta’mirlagan va xuddi shunday tez sotib yuborgan uylar singari aylanmoqda. Meros, an’ana, hamjamiyat, oila – ilgari egalar sulolasini klubga bog‘lab turgan tushunchalar – hozir asosan chiroyli nutqlar uchun ishlatiladi, amaliyotda esa unchalik ahamiyatga ega emas.
Eski qarshiliklar va yangi nafs
NBA’da hali ham xususiy kapital to‘lqiniga qarshi turganlar bor. Indiana Pacers 1983 yildan beri bir qo‘lda, Chicago Bulls 1985 yildan beri o‘zgarmagan asosiy egaga tegishli. Lekin uzoq yillik ko‘plab egalar bugun chiqish eshigiga qarab qoldi. Buni tushunish qiyin emas: klub qiymatlaridagi portlash ko‘zni qamashtiradi.
Masalan, Mark Cuban 2023 yil oxirida Dallas Mavericks’dagi asosiy ulushini sotdi, 24 yil davom etgan boshqaruvdan so‘ng. Bugun u bu qaroridan afsuslanishini aytadi, ammo asosan bitta sabab tufayli: jamoa uning ketishidan beri maydonda ham, qaror qabul qilish xonasida ham ancha zaiflashdi, Cuban esa endi basketbol bo‘yicha unchalik ta’sirli emas. Sabrli kapital NBA’dan chiqib ketayotgandek, lekin o‘sha kapital bilan bog‘liq ulkan ego hamon o‘sha-o‘sha.
NBA 2022 yilda institutsional kapital – xususiy kapital fondlari, xedj-fondlar, venchur fondlar – uchun eshikni ochgan birinchi yirik AQSh ligasi bo‘ldi. Sportni texnologiya yoki qurilish singari alohida investitsiya sinfiga aylantirayotgan global jarayonning oldingi safida aynan basketbol turibdi. Shuning uchun bugun aynan shu liga sportdagi yangi sarmoya siklining markazida bo‘lishi bejiz emas.
“Oilalar chiqmoqda, akulalar kirib kelmoqda”
Bob Iger va Josh Kushner boy, lekin ular “Musk” darajasidagi superboylar qatlamiga kirmaydi. Forbes 2019 yilda Iger boyligini 690 million dollar atrofida baholagan – yomon emas, lekin bugungi NBA’da bu pul bilan stadionning yarim maydonini ham sotib ololmaysiz. Demak, Lakers bitimi murakkab sxemalarda tuzilishi aniq: bir nechta shaxs va fondlar ishtirokidagi konsorsium, qarz va naqd pul aralashmasi, NBA’ning institutsional sarmoyaga qo‘ygan cheklovlarini chetlab o‘tish yo‘llari (xususan, bitta fond bitta jamoaning 20 foizidan ko‘pini ushlay olmasligi haqidagi qoida).
Liganing kayfiyati esa aniq: aynan shunday bitimlar, aynan shunday pul, aynan shunday investorlar istalmoqda. Orqada yana ko‘p kapital saf tortib turibdi. Oila egalari chiqib ketmoqda, o‘rniga sarmoya fondlari va moliyaviy “akula”lar kirib kelmoqda.
Savol tug‘iladi: xususiy kapital sportdan nimani xohlaydi?
Eng sodda javob – “yaxshi daromadlar”. Walter atigi bir yilda Lakers’dan chiqarayotgan qo‘shimcha 2,5 milliard dollarlik qiymatni ko‘rib, bundan yaxshiroq javob topish qiyin. Bu orada LeBron James Los Angeles’ni tark etdi, jamoa maydonda ham, tijoratda ham orqaga ketdi. Shunga qaramay, egasi hech narsa o‘zgartirmasdan, jamoaning o‘rtamiyonalikka sirg‘alishini to‘xtatishga urinmasdan turib ham katta foyda bilan chiqib keta olmoqda.
Demak, bugungi zamonda professional sport klubiga egalik qilish – ayniqsa Lakers singari afsonaviy brendga – mukammal investitsiya modeli bo‘lib qoldimi?
Pul, obro‘ va “madaniy ahamiyat”
Ba’zilar boylarning sportga qiziqishini madaniy ahamiyat izlash, ekstremal boylik siyosati fonida e’tibor va hatto muhabbat talab qilish bilan izohlaydi. Bunda ham jon bor. Lekin kelajakning odatiy sport investori ko‘proq Josh Kushnerga o‘xshaydi, Elon Musk yoki Jeff Bezos’ga emas. Liverpool’dagi kichik ulushni sotib olishga hozirlanib, skauzcha talaffuzini mashq qilayotgan supermilliarder obrazidan ko‘ra, kelgusi yillarda sportga kirib keladigan pul egalari ko‘proq o‘rta yoshdagi moliyaviy “qurollar”, texnologiya va fond bozorlari orqali boyigan avlod bo‘ladi.
Kushner, ko‘pchilik xabarlarga ko‘ra, Lakers bitimining bosh harakatlantiruvchi kuchi. Bu, yaqindagina u Gianni Infantino bilan birga FIFA Forward Enterprise loyihasini ishga tushirishga urinib, FIFA’ning tijorat faoliyatini boshqaruvchi, tashqi sarmoyaga ochiq bo‘lgan alohida tuzilma yaratmoqchi bo‘lganidan keyin sodir bo‘layotgani ham ramziy. O‘sha loyiha barbod bo‘ldi, lekin Kushner tezda boshqa eshikni taqillatdi.
U Thrive Capital asoschisi va boshqaruvchi hamkori. Rasmiy ta’rifga ko‘ra, bu fond internet, dasturiy ta’minot va texnologiya asosidagi kompaniyalarni “quradi va ularga sarmoya kiritadi”. Portfelida OpenAI, Stripe, Anduril kabi Silikon vodiysi yulduzlari bor. Lakers’ga sarmoya esa Thrive Capital’ning yangi bo‘linmasi – Thrive Eternal orqali amalga oshiriladi. Bu bo‘linma yil boshida an’anaviy texnoaktivlardan tashqariga chiqish, portfelni kengaytirish maqsadida tuzilgan.
Thrive Eternal maqsadini shunday tariflaydi: “texnologiya tomonidan nusxalab bo‘lmaydigan xususiyatlarga ega aktivlar”ga sarmoya kiritish. Bunga “an’anaga, o‘zlikka va umumiy tajribaga ildiz otgan afsonaviy klublar va madaniy institutlar” kiradi. Ya’ni, sport jamoalarini – masalan, Lakers’ni – yoki butun boshli sport institutlarini sotib olish. Kushnerning Jahon chempionatini ham yutib olishga urinishi, ammo buning amalga oshmay qolishi ham shu strategiyaning bir bo‘lagi edi.
Bunday sarmoyalar AQSh texnosektoridagi beqarorlikka qarshi sug‘urta sifatida ko‘rilmoqda. Texnologiya bozori bugun keskin ravishda sun’iy intellektga qaram bo‘lib qoldi, xavf darajasi oshgan. Shunday sharoitda Kareem va Kobe merosini ko‘targan Lakers moliyaviy jihatdan jozibali “hedj”ga aylanadi.
Natijada g‘alati manzara yuzaga keladi: AQShning sun’iy intellektni ko‘r-ko‘rona quvlashi, hech kim so‘ramagan, ko‘p hollarda vayronkor texnologiyani iloji boricha tezroq joriy etish istagi siz sevgan mahalliy basketbol klubining ham taqdirini o‘zgartirmoqda. Lakers – tarix, ringlar, yulduzlar, shon-shuhrat. Lekin Kushner va uning avlodi uchun, hammasidan avval, bu bir narsa:
Sug‘urta. Hedj. Aktiv.
Savol shunda: bu yangi davrda parket ustidagi sehr hali ham pul ustidagi hisob-kitobdan ustun keladimi? Yoki endi hatto Lakers ham faqat balans hisobotidagi satrga aylanib qoladimi?







