Myles Lewis-Skelly: Chap qanot himoyachisi yoki markaziy yarim himoyachi?
Myles Lewis-Skelly uchun Arsenal asosiy tarkibiga kirish hech qachon tekis yo‘l bo‘lmagan. U 19 yoshda, lekin ortida allaqachon bosim, shubha va javob sifatida berilgan bir nechta katta o‘yinlar turibdi.
2024-25 yilgi mavsumda, jarohatlar klubni ezib tashlagan paytda, u o‘z navbatini kutib o‘tirmadi – uni tortib oldi. Chap qanot himoyachisi sifatida. O‘zining tabiiy pozitsiyasi bo‘lmagan joyda. Shunga qaramay, u qisqa vaqt ichida Premyer-liganing eng yorqin yosh full-backlaridan biriga aylandi.
Keyin esa sahna kattalashdi. Angliya terma jamoasi, Wembley, mart oyida Albaniyaga qarshi o‘yin. U yerda ham u kutib turmadi. Debyut o‘yinida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi, 2:0 hisobidagi g‘alabada hisobni ochdi va bir zumda o‘zini xalqaro darajada ham tanitdi.
Bir necha oy o‘tib, Hale End tarbiyalanuvchisi yangi besh yillik shartnoma bilan mukofotlandi. Klub unga ishonishini qog‘ozda ham, maydonda ham ko‘rsatdi.
Chap qanotdagi yarim himoyachi
Lewis-Skelly uchun bularning bari paradoksga o‘xshaydi. Chunki u aslida chap qanot himoyachisi emas. Hale Endda u markaziy yarim himoyachi sifatida ulg‘aydi, o‘zi ham har doim eng yaxshi o‘ynaydigan joyi aynan o‘sha deb hisoblaydi. Ammo aynan full-back roli unga asosiy tarkib eshigini ochib berdi.
Baribir uning asl sifatlarini yashirishning iloji yo‘q edi. Arsenalning orqa chizig‘idan ham u o‘sha eski yarim himoyachini eslatardi: markazga “invert” bo‘lib kirishi, tor zonalarda to‘pni saqlab qolishi, raqibdan keskin tezlikda uzilib ketishi – bularning bari ligadagi eng yaxshilar qatorida turadi.
Shunga qaramay, birinchi yorqin mavsumdan keyin keyingisi ancha murakkab bo‘ldi. Haqiqiy sinov boshlandi.
Raqobat, millionlar va yo‘qolgan daqiqalar
2024 yilda 42 million funt evaziga kelgan Riccardo Calafiori sog‘lig‘ini tikladi. Italiyalik himoyachining ko‘p qirrali o‘yini va oldinga dadil chiqishlari jamoaning hujum tizimida markaziy o‘rin egalladi. Shu bilan birga, Mikel Arteta Bayer Leverkusen safidan Piero Hincapie’ni ijaraga oldi, keyin esa bu kelishuvni to‘liq transferga aylantirdi.
Ikkalasi ham katta, tajribaliroq, yuqori bosimdagi o‘yinlarga ko‘proq o‘rgangan futbolchilar. Natijada Lewis-Skelly uchun daqiqalar keskin kamaydi. Artetaning o‘zi ham u bilan “qattiq” bo‘lganini tan oldi.
Shu paytda yana bir muammo yuzaga chiqdi: Martin Zubimendi mavsum oxirida avvalgi darajasini yo‘qota boshladi. Aynan shu pasayish Lewis-Skelly uchun eshikni yana ochdi. Premyer-ligada yakuniga to‘rt tur qolganida Fulhamga qarshi o‘yinda u nihoyat o‘zining tabiiy pozitsiyasi – markaziy yarim himoyada – imkoniyat oldi.
Va u bu imkoniyatni yana qo‘ldan chiqarmadi.
Fulhamga qarshi o‘yinda shunchaki yaxshi emasdi – u mezonni ko‘tardi. Shundan keyin u mavsum yakunidagi seriyada faqat bitta o‘yinni asosiy tarkibdan boshlamadi, xolos. Arsenal esa bu orada Premyer-liga chempioniga aylandi va faqat Paris St-Germain qo‘lida Chempionlar ligasi finalida yonib ketdi.
“Pure profit” va sovuqqon balans
Zamonaviy futbol maydondagi o‘yindan ko‘ra balans va balansdan ko‘ra “balans varaqasi” haqida ko‘proq gapiradigan davrga aylandi. Akademiya tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Lewis-Skelly klub uchun buxgalteriya tilida “sof foyda” degan ma’noni anglatadi: sotilsa, deyarli butun summa to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda sifatida yoziladi.
Bunday iborani muxlislar yomon ko‘radi. Ayniqsa, o‘z uyingizda ulg‘aygan, klub ruhini his qiladigan o‘yinchi haqida gap ketayotgan bo‘lsa.
Lewis-Skelly bu bahsni o‘zi ham eshitmayotgani yo‘q. O‘tgan mavsumning so‘nggi turida Selhurst Parkda Premyer-liga kubogi bilan tushgan suratiga “pure profit” deb yozib qo‘ydi. Bu kinoyami, haqiqatmi yoki shunchaki hazil – uni faqat u biladi. Lekin u bu mavzudan xabardor ekanini ko‘rsatdi.
Arsenal esa o‘zini barqaror klub sifatida ko‘rmoqchi. Transfer bozori esa savdo qilishni talab qiladi. O‘tgan yozda 250 million funt atrofida xarajat qilinganini hisobga olsak, bu talab endi zaruratga aylangan.
Klub Lewis-Skelly uchun takliflarni eshitish g‘oyasini jiddiy ko‘rib chiqqan. Ammo mavsum oxiridagi o‘sha markaziy yarim himoyadagi yorqin seriya bu rejalarga chizik tortgandek ko‘rindi. Uning maqomi bo‘yicha ichkarida yana bir bor o‘ylashga majbur bo‘ldi.
Bruno Guimaraes soyasi va ochilgan eshik
Shu bilan birga, yana bir katta ism ufqda ko‘rinmoqda. Arsenal Newcastle sardori Bruno Guimaraes transferini yakunlashga juda yaqin. Narx – 80 million funtgacha. Bunday darajadagi futbolchi kelishi Lewis-Skelly uchun yana bir devor bo‘lishi mumkin.
Ammo masala faqat raqobatda emas. Bu bola bu klub tarixi, akademiyasi va hozirgi ruhining bir qismi. Shuning uchun u har qanday holatda ham o‘yin vaqti uchun da’vogar bo‘lib qoladi. Ayniqsa bu mavsumda.
Jahon chempionati kech tugadi, Arsenal futbolchilarining katta qismi turnirda qatnashdi. Natijada asosiy raqobatchilarining jismoniy tayyorgarligi ortda qolmoqda. Kapitan Martin Odegaard, Angliya yarim himoyachilari Declan Rice va Eberechi Eze, shuningdek Zubimendi va Ispaniya bilan chempion bo‘lgan Mikel Merino hali to‘liq ravishda jamoaga qo‘shilgani yo‘q.
Lewis-Skelly esa allaqachon maydonda. Girona va Real Betisga qarshi mavsumoldi o‘yinlarida u startda maydonga tushdi va o‘zini yana bir bor ko‘rsatdi.
Betisga qarshi bahsda u Arsenal yarim himoyasining eng chuqur nuqtasida o‘ynadi. Eng orqadagi tayanch sifatida. To‘pni pastdan olib chiqish, bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qilish, zarur paytda to‘pni oldinga “sudrab chiqish” – bularning barchasini ishonch bilan bajardi.
Calafiori bilan hamkorligi ham ko‘zga tashlandi. Italiyalik odatdagidek oldinga xavfli yurishlar qilganida, Lewis-Skelly chap qanotga surilib, bo‘sh zonani yopdi, himoya balansini ushlab turdi. Calafiori bu hamkorlik haqida “gaplashishga ham hojat yo‘qdek” deya ta’rif berar ekan, bu juftlikning maydondagi tushunish darajasini ko‘rsatib qo‘ydi.
To‘qqiz kun, bitta imkoniyat
Manchester Cityga qarshi Community Shield bahsiga atigi to‘qqiz kun qoldi. Shu qisqa muddat ichida Arteta qaror qilishi kerak: markazda kim boshlaydi?
Lewis-Skelly hozircha barcha signallarni o‘z tomoniga burib qo‘ydi. U fit, u ritmda, u o‘zining tabiiy pozitsiyasida o‘ynayapti. Eng muhimi – u o‘sha eski savolni yana o‘rtaga tashlashga tayyor: nega bu yigitga markazda ishonch avvalroq berilmagan?
Endi javobni berish navbati Artetada. Va ehtimol, butun mavsumning ohangi ham aynan shu qarorga bog‘liq bo‘lib qoladi.





