Mourinho va Güler: Bernabeuda yangi o‘yin boshqaruvchi
Santiago Bernabeu yana bir marta o‘zini tanigan futbolga qaytishga hozirlanayotgandek. Kuchli pressingdan keyingi chaqmoq tezlikdagi o‘tishlar, bo‘shliqlarga yugurishlar, old chiziqda yirtqich hujumchilar. Jose Mourinho aynan shunday tasvirni ko‘z oldiga keltiryapti va bu rejada markaziy figura sifatida Arda Gülerni ko‘ryapti.
Portugaliyalik murabbiyning chizmasi, ispan nashrlarining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan mavsum boshidayoq Kylian Mbappe bilan Güler o‘rtasida shakllanayotgan o‘zaro tushunishni maksimal darajada ishga solishga qaratilgan. O‘sha hamkorlik hali to‘liq pishib ulgurmagan bo‘lsa-da, Mourinho uni Realning yangi hujum falsafasining asosiy tayanchlaridan biriga aylantirmoqchi.
Ronaldo izi, Özil soyasi
Real Madridda rol taqsimoti tushunarli: Mbappe — bu yangi Cristiano Ronaldo. Chapdan ichkariga kirib, yakunlovchi zarbalar, orqaga tushib bo‘shliq yaratish, hujumning so‘nggi nuqtasi bo‘lish. Klub ichkarisida esa 21 yoshli Gülerga boshqa vazifa yuklanmoqda: u uch yil davomida oq libosda maydonni sehrlagan Mesut Özilning ishini davom ettirishi kerak bo‘lgan futbolchi sifatida ko‘rilmoqda.
Ispan matbuoti bu qiyosni anchadan beri tilga oladi. 2023-yil yozida Fenerbahce’dan 30 million yevroga Madridga ko‘chib kelganidan beri Güler har bir to‘p tegishida o‘sha nomni eslatib keladi. Ikkisini bog‘lab turadigan narsa faqat turk ildizlari emas. Ularni bir qatorda turishga majbur qiladigan jihatlar aniq: chiziqlar orasiga o‘tkir paslar, tor zonalarda favqulodda ko‘rish qobiliyati va chuqur himoyalarni bitta hal qiluvchi uzatma bilan ochib yuborish mahorati.
Mourinho qaytdi – va eski rejalar ham
Endi esa Real Madridga yana bir tanish obraz qaytdi. Mourinho — aynan o‘sha murabbiyki, klubdagi ilk davrida Özildan maksimal foyda chiqargan, uni jahon darajasidagi “o‘yin boshqaruvchi”ga aylantirgan edi. Shuning uchun ham Güler atrofidagi shov-shuv yanada kuchaydi: kimdir bu yerda tarixning takrorlanishini ko‘rayotgandek.
Madridga kelganidan beri Güler joyida turib qolmadi. U o‘ng qanotda ham, o‘ng ichki yarim fazoda ham, ba’zan esa chuqurroq qurilish bosqichida ham sinab ko‘rildi. Bu tajribalar bir narsani ko‘rsatdi: u taktik jihatdan juda moslashuvchan. Lekin Realning yulduzlarga to‘la tarkibida muntazam asosiy tarkib o‘rni hanuz to‘liq uning qo‘lida emas.
Mourinho endi bu turdagi futbolchini — kombinatsion o‘yin va ijodkorlikka tayanadigan yarim himoyachini — markazga olib chiqmoqchi. Mundo Deportivo murabbiyning bu rejasini ichki yig‘ilishlarda allaqachon to‘liq taqdim etgan-etmaganini aniq yozmaydi, biroq u shtab bilan tarkib tuzilmasi ustida juda faol ishlayotgani ma’lum.
“Mesut Özil 2.0” loyihasi
Bu loyihaga tayming ham yordam beryapti. Turkiya terma jamoasining jahon chempionatidan erta chiqib ketgani sababli Güler yozni ortiqcha yuklamalarsiz boshlaydi. Bu esa Mourinho uchun kamdan-kam uchraydigan imkoniyat: mavsum boshlanishidan oldin maydon markazidagi asosiy figuralardan biri bilan uzluksiz ishlash, rolni mayda detallarigacha sayqallash.
Mundo Deportivo bu konsepsiyani bejiz “Mesut Özil 2.0” deb atamayapti. Gap shunchaki nostalgiya haqida emas. Gap Güler uchun aniq belgilangan, toza rol haqida: chiziqlar orasida topni qabul qiladigan, Mbappe va boshqa hujumchilarni to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri fazoga chiqarib beradigan, qarshi hujumlarda esa bir-ikki teginishda butun maydonni kesib o‘tadigan futbolchi.
Güler allaqachon bu rolga tabiiy mosligini ayrim lahzalarda ko‘rsatib bo‘lgan. Endi esa uning oldida boshqa bosqich turibdi: pre-sezonda o‘z nomini taktika doskasining o‘rtasiga yozdirish, murabbiyni shubhasiz qarorga majbur qilish.
Real Madridda o‘yin markazini boshqarish sharafi ham, bosimi ham bir xil darajada og‘ir. Savol endi bitta: Mourinho davridagi yangi Bernabeuda bu og‘ir yukni ko‘taradigan navbatdagi ismi-sharifi Arda Güler bo‘ladimi?






