Monakodagi poyga natijalari va bahslar
Monako shohko‘chasida bayroq allaqachon tushirilgan, lekin natijalar atrofidagi shovqin hanuz tinmadi. Poygani uchinchi bo‘lib yakunlagandek ko‘ringan Pierre Gasly birdaniga yettinchiga tushib qoldi. Sabab — ikki marta jarima qayta tiklandi.
Alpine haydovchisi marrani P3 holatda kesib o‘tgandi. Lekin pit-leyndagi tezlikni oshirgani uchun unga ikkita besh soniyalik jarima qo‘llandi. Poyga tugagach, vaqtga qo‘shilgan bu 10 soniya Gasly pozitsiyasini pastga tushirgan edi.
Keyin sahnaga Alpine chiqdi. Jamoa “Right of Review” — qarorni qayta ko‘rib chiqish huquqidan foydalandi va hakamlar hay’ati jarimalarni bekor qildi. Natijada Gaslyga yana podium, yana uchinchi o‘rin qaytarilgandi.
Ammo bu hikoya shu yerda tugamadi.
McLaren va Red Bull zarbasi
Monakodagi yakuniy protokolga rozi bo‘lmagan McLaren va Red Bull jim o‘tirmadi. Ular Alpine foydasiga chiqqan “Right of Review” qaroriga qarshi shikoyat kiritib, ishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri FIA International Court of Appeal darajasiga olib chiqdi.
25-avgust kuni Parijda sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Aynan shu yerda poyga taqdirini o‘zgartiradigan nuqta qo‘yildi. ICA McLaren va Red Bull shikoyatini ma’qulladi. Demak, Gaslyga qo‘yilgan ikkita besh soniyalik jarima yana kuchga kirdi.
Podiumdagi shampan tomchilari allaqachon qurigan, lekin protokol qayta chizildi.
FIA: tizim va tartiblar qayta ko‘rib chiqiladi
FIA bu voqeaga befarq qarab turgani yo‘q. Tashkilot rasmiy bayonotida Formula 1 vaqt o‘lchash tizimi va u bilan bog‘liq reglamentlarni qayta tahlil qilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, sud jarayonlari, “right of review” va apellyatsiya tartib-qoidalari ham ko‘rib chiqiladi.
Bayonotda hakamlar hay’ati jarayoniga bo‘lgan ishonch alohida ta’kidlandi. FIA stevardlarining mustaqilligi va xolisligi global avtosport tizimining asosiy bo‘lagi sifatida ko‘rsatildi.
Sud va stevardlar o‘rtasidagi farq ham ochiq aytildi: poyga paytidagi qarorlar bir sharoitda, ICA esa kengroq yuridik maslahatlar, dalillar va hujjatlar bilan ishlaydigan mutlaqo boshqa muhitda qabul qilinadi.
FIA stevardlari doimiy ravishda o‘z ish uslubini tahlil qilayotgani, malaka oshirish dasturlarida qatnashayotgani va ICA har bir qarorini sinchiklab o‘rganishi ta’kidlandi. Maqsad bitta — tizimni bosqichma-bosqich yaxshilab borish.
Podium yangilandi: Hadjar tarixga kiradi
Gasly jarimalari qayta tiklangach, natijalar jadvali yana o‘zgardi. Endi Monakodagi rasmiy uchinchi o‘rin Isack Hadjar qo‘lida. Uning podiumga ko‘tarilishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki bu murakkab huquqiy jangning ham ramziy yakuni bo‘lib qoldi.
McLaren haydovchisi Oscar Piastri to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Racing Bulls dueti — Liam Lawson va Arvid Lindblad — mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinlarga ko‘tarildi.
Monako ko‘chalari bo‘shab qoldi, lekin bitta savol hanuz ochiq: bu kabi kechiktirilgan va murakkab qarorlar Formula 1 mavsumining ruhiga qanchalik ta’sir qilmoqda?







