UZB sport

Messi: Bizga hech narsa sovg‘a qilinmadi

Argentina yana bir bor oxirgi daqiqalarda o‘yinni tortib oldi, ammo bu safar maydondagi dramatik burilishlardan ham ko‘ra ko‘proq shov-shuv keltirgan narsa – Lionel Messi ning so‘zlari bo‘ldi. Tanqidchilar, hakamlar va “tizim” haqida gaplar bilan to‘lgan bir turnir fonida jamoa sardori chiziqni keskin chizib berdi: bu chempionlik odatiy omad emas, yillar davomida qurilgan chempionlik mentaliteti.

Angliyaga qarshi yarim final bunga yana bir dalil bo‘ldi. 85-daqiqaga kelib Argentina 0:1 hisobida ortda borayotgan edi. Keyin esa sahna to‘liq o‘zgardi. So‘nggi daqiqalardagi bosim, xarakter, ishonch – bularning barchasi 2:1 hisobidagi g‘alabaga aylanishi bilan yakun topdi va jamoani ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga olib chiqdi.

Buenos-Ayres ko‘chalari esa darhol portlab ketdi. O‘n minglab muxlislar shaharni to‘ldirdi, bu g‘alabani nafaqat dramatik qaytish sifatida, balki tanqidchilarga berilgan qat’iy javob sifatida ham nishonladi. Endi yakshanba kuni finalda raqib – Ispaniya.

Tanqidlar, shubhalar va “tizim” haqida gaplar

Argentina yo‘li silliq bo‘lmadi. Cape Verde va Shveytsariya ustidan qo‘shimcha daqiqalarda qozonilgan g‘alabalar, Misrga qarshi esa deyarli imkonsiz tuyulgan qaytish: 79-daqiqaga kelib 0:2, yakunda esa 3:2. Bu ssenariylar ko‘pchilikni hayratga soldi, lekin hammani ham emas.

Shveytsariya va Misr murabbiylari hakamlikdan norozi bo‘lib chiqishdi. Misr bosh murabbiyi Hossam Hassan esa yanada keskinroq gapirdi – uningcha, jamoasi Messi va Argentina ni afzal ko‘radigan futbol “tuzilmasi” qurboni bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu fikrlar yanada keskinlashdi. Turnir taqvimi Argentina uchun “qulay” tuzilgan, degan iddaolar, futbol boshqaruv organlari jamoani yana chempion ko‘rishni “xohlaydi”, degan asossiz ayblovlar tarqaldi.

Messi bunga javobni maydonda emas, mikrofon qarshisida berdi.

“So‘nggi to‘rt yil ichida eng yaxshisi bo‘lib keldik, yoqadimi bu kimlargadir yoki yo‘qmi, baribir. Kim nima desa ham,” – dedi u Angliyaga qarshi g‘alabadan so‘ng. – “Yana bir bor dunyoning eng kuchli ikki jamoasi qatoriga kirdik. Bu qilgan ishlarimiz tasodif emasligini, bizga hech narsa sovg‘a qilinmaganini isbotlaydi.”

Shveytsariya bilan bahs va bahsli epizod

Tanqidchilar uchun eng ko‘p tilga olinayotgan o‘yinlardan biri – Shveytsariyaga qarshi bahs. O‘yin 67-daqiqada Dan Ndoye hisobni 1:1 ga tenglashtirgach, keskin burildi.

Oradan ko‘p o‘tmay Leandro Paredes Breel Embolo ga qarshi to‘xtatib qolish harakatida sariq kartochka oldi. Videoyozuvlarda esa Embolo to‘qnashuvdan avvalroq yiqilgandek ko‘rindi. Eng og‘iri – u allaqachon bitta sariq kartochka bilan o‘ynayotgan edi. Natijada maydondan chetlatildi va Shveytsariya qolgan daqiqalarni 10 kishi bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

“Qoidaga ko‘ra jazolandik, lekin bu qoidaning o‘zi, meningcha, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan narsa,” – dedi Shveytsariya murabbiyi Murat Yakin uchrashuvdan keyin. – “Shunday tarzda musobaqadan chiqib ketish juda og‘riqli. Bugun bunga loyiq emas edik, menimcha, haqiqiy qahramonlar – mening yigitlarim.”

Misr Futbol Assotsiatsiyasi ham o‘z navbatida Argentina bilan o‘yindan so‘ng “adolatdan yiroq va bir tomonlama hakamlik” haqida bayonot berdi va “jim o‘tirib bo‘maydi”, deb ta’kidladi.

Argentina nihoyat sukutni buzdi

Shu paytgacha Argentina lageri bu shov-shuvlarga deyarli javob bermay kelayotgan edi. Murabbiy Lionel Scaloni matbuot anjumanlarida bu mavzuni ko‘targan jurnalistlarga “ijtimoiy tarmoqlarga bunchalik berilmaslikni” maslahat qilib, munozarani sovutishga harakat qildi.

Angliyaga qarshi yarim finaldan so‘ng esa ohang o‘zgardi. Endi chempionlar ham so‘zga chiqdi.

“Ketma-ket ikki Jahon chempionati finaliga chiqish – buni juda kam jamoa uddalagan, bu guruh esa uddaladi,” – dedi Messi. – “Agar Angliyaga yutqazganimizda, yana kimlar-dir chiqib, har xil gaplarni to‘kib-sochardi. Biz ularga bu imkoniyatni bermadik.”

Enzo Fernández: bayram ham, norozilik ham bitta ishorada

Hisobni 1:1 ga tenglashtirgan gol muallifi Enzo Fernández ham o‘z hissiyotlarini yashirmadi. Uning bayrami ham darhol talqin qilindi. Chelsea yarim himoyachisi avval quloqlariga qo‘lini tutdi – bu odatda tanqidchilarga qarshi ishora sifatida qabul qilinadi. So‘ngra barmoqlarini ochib-yopib, go‘yoki “gapira beringlar” degandek imo qildi.

“Gap juda ko‘p bo‘ldi; ichimda ham quvonch, ham alam bor edi,” – dedi u.

Bu gol nafaqat o‘yinni qaytargan zarba, balki turnir davomida jamlangan shubha va tanqidlarga qarshi ochiqcha javob bo‘lib ko‘rindi.

Scaloni: “Yordam” haqida gaplar to‘xtamaydi

Lionel Scaloni esa masalaga sovuqqon qarashda davom etmoqda. Yarim finaldan keyingi chiqishida u bahsli mavzuga qisqa, lekin aniq munosabat bildirdi.

“Bu ‘yordam’ haqidagi gaplar har doim bo‘ladi, meni bezovta qilmaydi,” – dedi u. – “Bugungi VAR bilan kimnidir ataylab qo‘llash juda qiyin; bunga juda ochiq-oydin holat kerak bo‘lardi. Biz bilardikki, hech qanday yordam yo‘q.”

Argentina esa hozircha gap bilan emas, natija bilan javob berayapti. Qayta-qayta ortdan kelib g‘alaba qozonayotgan, bosim ostida sinmayotgan, ketma-ket ikkinchi finalga chiqayotgan jamoa haqida yana “tasodif” deyish oson bo‘lmaydi.

Endi savol bitta: Ispaniya bilan bo‘ladigan hal qiluvchi bahsda ham bu jamoa tanqidchilarga yana bir bor jim turishni o‘rgata oladimi?