UZB sport

Mateu Busquets Ferrer: Real Madrid – Real Sociedad oldidan bosim ostida

Real Madrid ertaga La Liga doirasida Real Sociedadni qabul qiladi. Maydonda yulduzlar ko‘p bo‘ladi, lekin eng ko‘p ko‘z tushadigan ism – hakam. Ispaniya futbol federatsiyasi hakamlik qo‘mitasi ushbu uchrashuvga Mateu Busquets Ferrer’ni tayinladi. Oddiy tayinlov emas. Madrid derbisidan keyin u atrofida ko‘tarilgan shov-shuvni hisobga olsak, bu qaror o‘z-o‘zidan yangilikka aylangan.

Superkubokdagi dog‘

Busquets Ferrer nomi 2026-yilgi Ispaniya Superkubogi yarim finalidan keyin hakamlik bahslarining doimiy qahramoniga aylandi. O‘sha mashhur Real Madrid – Atletico Madrid uchrashuvi. Turnirdagi eng bahsli epizodlardan biri aynan uning qo‘lidan chiqqan edi.

Dastlabki daqiqalar. Jude Bellingham Conor Gallagher bilan to‘qnashuvdan so‘ng yerga yiqiladi. Busquets Ferrer zudlik bilan hushtak chaladi – Real Madrid foydasiga jarima. Himoyachilar norozilik bildiradi, Atletico o‘yinchilari hakam sari yuguradi, lekin qaror o‘zgarmaydi.

Natija esa og‘ir bo‘ldi: to‘p yon chiziq yoniga qo‘yildi, Federico Valverde devorni aylanib o‘tgan, darvozabonni umidsiz qoldirgan ajoyib zarba bilan hisobni ochdi. Madridliklar oldinga chiqdi, Atletico esa o‘zini aldagandek his qildi.

Atletico Madrid lageridan e’tirozlar darhol keldi. Ularning fikricha, Gallagher Bellinghamga tegsa ham, bu darajada jarima zarbasiga arzimaydigan oddiy kurash edi. Bahslar maydondan tashqariga ham chiqdi.

Sobiq ispan hakami Iturralde Gonzalez “Cadena SER” efirida vaziyatni ochiq-oydin baholadi: epizodda “hech qanday foul yo‘qligini” aytdi. Bu fikr Atletico tarafdorlarining g‘azabini yanada oqlab qo‘ygandek bo‘ldi.

Penalti so‘ralgan, lekin hushtak chalinmagan lahza

Shu bilan hammasi tugamadi. O‘yin davomida Atletico yana bir bor hakam qaroridan norozi bo‘ldi. Giuliano Simeone jarima maydonchasiga yorib kiradi, Eduardo Camavinga bilan to‘qnashuvdan keyin yiqiladi. Madridliklar yuragi hapriydi, Atletikoda esa bitta so‘rov: penalti.

Busquets Ferrer qo‘lini keng yozib, o‘yinni davom ettiradi. Hushtak yo‘q. VAR aralashuvi ham kuzatilmadi, penalti belgilanmadi. Shu lahza Atletico uchun ikkinchi zarba bo‘ldi: birinchi epizodda jarima, ikkinchisida – hech narsa.

Shu tariqa hakamlik bahsi o‘yinning o‘zidan ko‘ra ko‘proq gapiriladigan mavzuga aylandi.

Reytinglar, tanqidlar va bo‘lingan fikrlar

Busquets Ferrerning o‘sha uchrashuvdagi boshqaruvi hakamlik va media doiralarida keskin tanqid qilindi. “Archivo VAR” sayti unga atigi 10 balldan 3 baho qo‘ydi. Sayt uning o‘yin ritmini boshqarishdagi xatolarini, ayrim foullar va kartochkalar bo‘yicha qarorlarini keskin tan oldi.

Biroq hamma ham bu fikrga qo‘shilmadi. “AS” tahlilida Real Madrid uchun shikoyatga jiddiy asos yo‘qligini yozdi. Aksincha, bir qator qarorlar madridliklar foydasiga ishlagani qayd etildi, jumladan Valverde goliga olib kelgan o‘sha jarima zarbasi ham.

Eng keskin ohang esa “El Nacional” nashrida yangradi. Ular bu uchrashuvni “hakamlik mojarosi” deb atab, Busquets Ferrer’ni Real Madrid tomoniga og‘ib qaror qabul qilganlikda aybladi. Nashr Valverde golidan oldingi foullarni “mavjud bo‘lmagan” deb ta’riflab, o‘yin davomida hakamning boshqa qarorlarini ham keskin tanqid ostiga oldi.

Bir tomonda past baholar va og‘ir tanqidlar, boshqa tomonda esa “qarorlar reglament doirasida” degan himoya. Natijada bitta haqiqat bor: o‘sha derbidan keyin Busquets Ferrer ismi Ispaniyada hakamlik bahslarining markaziga aylandi.

Endi – Bernabeu sinovi

Endi esa u yana Real Madrid o‘yiniga qaytadi. Bu safar raqib – Real Sociedad. Uchrashuvdan oldin hakam nomi e’lon qilingach, diqqat markazi birdaniga Bernabeudagi futbol emas, Busquets Ferrer atrofida jamlana boshladi.

Real Madrid tarafdorlari uchun u tanish ism. Atletico muxlislari uchun esa hali ham og‘riqli xotira. Real Sociedad esa ertaga qaysi Busquets Ferrer maydonga chiqishini ko‘rmoqchi bo‘ladi: tanqidlar ostida qolgan, bosimni his qiladigan hakammi yoki sovuqqonlik bilan o‘yinni boshqaradigan tajribali mutaxassismi?

Bir narsa aniq: har bir hushtak, har bir kartochka, har bir VARga quloq tutish qarori lupa ostida bo‘ladi. Derbidagi mojaro uni hakamlik bahslarining markaziga olib chiqqan bo‘lsa, ertangi kecha bu obro‘ni yoki mustahkamlashi, yoki yanada ko‘proq savollar tug‘dirishi mumkin.

La Liga marafoni davom etar ekan, Bernabeudagi bu o‘yin nafaqat ochkolar, balki ishonch haqida ham bo‘ladi. Real Madrid va Real Sociedad o‘z yo‘lini chizadi. Busquets Ferrer esa ertaga shu yo‘llarning qay darajada adolatli bo‘lishini belgilab beradigan odamga aylanadi. Savol esa ochiq: u bu bosimni qanday ko‘taradi?

Mateu Busquets Ferrer: Real Madrid – Real Sociedad oldidan bosim ostida
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil