Maresca Rodri atrofidagi mish-mishlarga nuqta qo‘ydi
Yozgi transfer oynasining eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzularidan biri – Rodri kelajagi. Ispan yulduzi Real Madrid bilan bog‘lanayotgani, Manchester City bilan shartnoma uzaytirish bo‘yicha muzokaralar esa sekinlashgani haqida xabarlar tinmayapti.
Ammo Enzo Maresca bu shovqinni bir zarbda pasaytirdi.
“Har bir murabbiy Rodri kabi futbolchini xohlaydi”
Interga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi arafasidagi matbuot anjumanida italiyalik murabbiy gapni cho‘zmay, pozitsiyasini aniq bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rodri klub uchun hamon markaziy figura bo‘lib qolmoqda, Real Madridga o‘tishi haqidagi gaplar esa hozircha faqat havodagi so‘z.
“Bu nihoyatda muhim, – dedi Maresca. – Birinchi matbuot anjumanimdayoq aytganman: dunyodagi istalgan murabbiy Rodri kabi futbolchini jamoasida ko‘rishni xohlaydi. U men uchun, klub uchun, hamma uchun muhim. Faqat hozir u dam olishi kerak. Ayniqsa, har uch kunda o‘yin bo‘ladigan mavsumda uning maydondagi borligi biz uchun beqiyos ahamiyatga ega”.
Shu so‘zlar bilan Maresca nafaqat Rodriga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatdi, balki Madriddan kelayotgan har qanday shov-shuvlarga ham javob berdi.
Orqa operatsiyasi va tiklanish rejasi
Rodri atrofidagi savollar faqat transfer bilan cheklanmaydi. Uning sog‘lig‘i ham diqqat markazida.
Maresca ma’lum qilishicha, ispaniyalik yarim himoyachi haftaning boshida belidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan va operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan. Endi u dam olish bosqichiga o‘tadi va keyingi oy Manchesterga qaytishi kutilmoqda.
Murabbiy shunday deya qo‘shimcha qildi: mavsum tugagach, Rodri butun e’tiborini Jahon chempionatiga qaratgan, hozir esa ta’tilidan bahramand bo‘layapti. Muhimi – klub rahbariyati hali bu borada hech qanday maxsus uchrashuvlar o‘tkazmagan.
“Hozir aytilayotgan hamma narsa – oddiy taxminlar, – deydi Maresca. – Rodri dushanba kuni operatsiya qildirdi, hammasi yaxshi o‘tdi. Endi bir necha kun dam oladi va ta’tili tugagach, yana bizga qaytadi”.
Real Madrid kutish rejimida
Fakt shuki: Rodrining Manchester City bilan amaldagi shartnomasi 2026–2027-yilgi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Shunga qaramay, yangi bitim bo‘yicha kelishuv hali ko‘rinmayapti.
Jahon chempionati oldidan Rodri turnir tugagach, kelajagi borasida fikrini ochiq aytishini bildirgan edi. Hozirgacha bu mavzuda biror yangi bayonot bermadi.
Shu orada Real Madrid kuzatishni to‘xtatmadi. Jose Mourinho ispaniyalikni Madridga olib kelib, uni yana Bernardo Silva bilan birlashtirishni xohlayotgani aytilmoqda. Ispaniya klubi esa Aurelien Tchouameni kelajagi aniqlashguncha rasmiy taklifni kechiktirishi mumkin degan xabarlar bor.
Biroq Manchester City istalgan taklifni rad etish huquqini o‘z qo‘lida saqlab turibdi. Kuch hozircha ularning tomonida.
City tarkibi kengaymoqda: Marmoush, Dias va Nunes safga qo‘shiladi
Osiyo safarida esa boshqa manzara. Maresca uchun Rodridan tashqari ham yetarlicha bosh og‘riqlar bor.
U Ruben Dias, Matheus Nunes va Omar Marmoush jamoaga qo‘shilishini tasdiqladi. Ular safarga kelishadi, ammo Interga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi.
“Hozir bu yerda juda ko‘p yosh futbolchilar bilan ishlayapmiz, – dedi Maresca. – Ertaga asosiy tarkibdan yana uch nafar futbolchi keladi, qolganlar esa navbatma-navbat qo‘shiladi. Hozirgi guruh bilan ishlayotganimdan xursandman”.
Murabbiy uchun birinchi o‘rinda – tiklanish. Jahon chempionatidan so‘ng futbolchilarga yetarlicha dam berilmasa, oldinda turgan uzun va tiqilinch mavsum jiddiy muammolarga aylanishi mumkin.
“Ularni hozir yonimizda ko‘rishni xohlagan bo‘lardik, lekin Jahon chempionatidan keyin dam olishlari zarur, – deydi u. – Ruben Dias, Matheus Nunes va Omar Marmoush ertalab kechroq yetib kelishadi, shu bois Interga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. Qolgan futbolchilar esa ta’tili tugagach, asta‑sekin qaytib keladi”.
“60–70 ta o‘yin – tanaga zarba”
Manchester City tarkibidan 15 nafar futbolchi Jahon chempionatida ishtirok etdi. Turnir davomida Elliot Anderson ham jamoaga qo‘shildi. Bu – butun mavsum davomida yuklamaning qanchalik og‘ir bo‘lishini ko‘rsatib turibdi.
Maresca buni ochiq aytmoqda: dam ololmagan futbolchi uzoq mavsumni ko‘tara olmaydi. Jadval siqilgani sayin, jarohatlar xavfi oshadi.
“Qancha ko‘p o‘yin o‘ynasangiz, jarohat olish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Bu normal holat, – deydi u. – Bir mavsumda 60 yoki 70 ta uchrashuvni jarohatlarsiz o‘tkazish deyarli imkonsiz”.
Italiyalik mutaxassisning fikricha, yagona yo‘l – moslashish. Klub tibbiy shtab va murabbiylar bilan birga yuklamani boshqarishga harakat qiladi, jarohatlar sonini imkon qadar kamaytirishga urinadi. Biroq futbolning o‘zi jarohatni inkor etmaydi, u o‘yin tarkibidagi ajralmas risk bo‘lib qolaveradi.
Shu fon’da Rodri atrofidagi har bir yangilik yanada kattaroq ahamiyat kasb etadi. City uchun u nafaqat taktik markaz, balki ritmni ushlab turadigan yurak. Savol esa shunday: bu yurak kelasi yillarda ham Manchesterda uradimi yoki bir kuni Santiago Bernabeu gazoniga chiqadimi?






