Manchester United rejasi o‘zgarishi mumkinmi?
Yozgi oynaning boshida hamma narsa aniqdek ko‘ringandi. Manchester United yangi davrni Michael Carrick qo‘l ostida boshlarkan, klub ichida ustuvor vazifa sifatida aynan yarim himoya tanlangan edi. Endi esa manzara o‘zgarib bormoqda: uchinchi markaziy yarim himoyachi o‘rniga, e’tibor keskin chap qanot himoyasiga og‘ishi mumkin.
Ederson bilan yiqilgan bitim, Santos va Tielemans bilan javob
INEOS boshqaruvi ostidagi ilk katta yozda United markazni to‘ldirishga qat’iy kirishdi. Elliot Anderson va Mateus Fernandes bo‘yicha urinishlar samara bermadi, ammo tez orada Atalanta bilan Ederson uchun 38 million funtlik kelishuvga erishildi. Hammasi yakuniy bosqichga kelganda, tibbiy ko‘rik barchasini buzib tashladi. Ederson testlardan o‘ta olmadi, bitim bekor qilindi.
Klub javobni cho‘zib o‘tirmadi. Old Traffordga avval Chelsea safidan braziliyalik Andrey Santos 50 million funt evaziga keltirildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Aston Villa bilan bog‘langan Youri Tielemans transferi ham hal bo‘ldi – 35 million funtlik shartnoma bandi ishga tushirildi.
Shunday qilib, Carrick ixtiyorida allaqachon uchta markaziy o‘yinchi paydo bo‘ldi: Santos, Tielemans va Kobbie Mainoo. Reja esa – yana bittasini qo‘shish edi.
Bozor qidiruvi: Kone, Baleba, Tchouameni – lekin bitim yo‘q
United bozorni keng ko‘lamda kuzatdi. Roma bilan Manu Kone bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi, Brighton yarim himoyachisi Carlos Baleba nomzodi ko‘rib chiqildi. Klub ichida esa Real Madrid yulduzi Aurelien Tchouameni haqidagi orzu hali ham yashab turibdi.
Ammo hozircha bularning hech biri bo‘yicha kelishuv yo‘q. Klubning cheksiz byudjeti yo‘q, har bir funt hisobda. Shuning uchun ham strategiya qayta ko‘rib chiqilmoqda.
The Athletic’ning Manchester United bo‘yicha muxbiri Laurie Whitwell ma’lumotiga ko‘ra, Carrick uchinchi yangi yarim himoyachidan voz kechib, to‘rtinchi variant sifatida Mason Mount’ga tayanishi mumkin. Mount mavsumoldi o‘yinlarida chuqurroq rolda sinab ko‘rildi va o‘zini ko‘rsatdi.
United rahbariyati uning so‘nggi yillarda Chelsea va Manchester Uniteddagi jarohat tarixini yaxshi biladi. Shunga qaramay, agar u sog‘lom qolsa, Carrick tizimida katta ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bor.
E’tibor chap qanotga: Lewis Hall sahnaga chiqmoqda
Mana shu nuqtada rejalar keskin burilishi mumkin. Whitwellning DealSheet sharhida yozilishicha, klub ichida xodimlar “keyingi mablag‘ qayerga yo‘naltirilishi”ni jiddiy muhokama qilmoqda. Yarim himoyaga yana bir o‘yinchi olib kelish endi kafolat emas.
Chap qanot himoyasi esa asosiy muammo sifatida ko‘tarilmoqda. Shu pozitsiyada bitta nom alohida ajralib turibdi – Newcastle futbolchisi Lewis Hall. Uni klub ichida “juda yoqtirishadi”.
Biroq bu oson o‘lja emas. Hall uchun taxminan 60 million funtlik narx tilga olinmoqda va bitim “juda murakkab” ko‘rinadi. Newcastle rahbariyati ichki muloqotlarda futbolchini sotmaslikka qat’iy ishora qilgan. Yoz davomida allaqachon Anthony Gordon va Sandro Tonali bilan xayrlashgan klubda, Bruno Guimaraes ham Arsenal bilan muzokaralarda turgan bir paytda, yana bir asosiy aktivni qo‘yib yuborish – katta xavf.
Shu bilan birga, bu pozitsiya bo‘yicha “sotilmaydi” degan gaplar avval ham eshitilgan. Alexander Isak va Tonali atrofida ham xuddi shunday ritorika bo‘lgan, ammo yakunda ikkalasi ham klubni tark etdi. Futbolda qat’iy “yo‘q” degan so‘z ko‘pincha vaqtinchalik bo‘lib chiqadi.
Hallning o‘zi ham ikkilanmoqda
Lewis Hallning o‘zi ham vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani aytilmoqda. U Newcastle loyihasidan xavotirda. Ayniqsa Eddie Howe bosh murabbiylikdan ketganidan keyin. Trening maydonidagi aniqlik o‘rnini savollar egallagan: jamoa qayerga qarab ketmoqda, yangi davr qanday bo‘ladi, ambitsiya qay darajada?
Shu fon’da Hall uchun yangi sahifa ochish g‘oyasi tobora jozibali ko‘rinmoqda. O‘tgan hafta ma’lum bo‘lishicha, Manchester United Newcastle bilan muzokaralarni boshlash uchun katta boshlang‘ich taklif tayyorlamoqda. Jarayonni klubning futbol bo‘yicha direktori Jason Wilcox shaxsan boshqaryapti.
Hall atrofidagi raqobat esa jiddiy. Uning tarbiyalangan klubi Chelsea ham yosh ingliz futbolchisini qaytarib olishni istamoqda. Lekin hozircha kuch tarozisi boshqa tomonga og‘moqda: aynan Manchester United bu poygada oldinda turibdi.
Savol endi bitta: Carrick va INEOS oxirgi katta yozgi zarbani qaerga yo‘naltiradi – markazni yana bir bor mustahkamlashga, yoki nihoyat chap qanot himoyasiga uzoq muddatli yechim topishgami?






