Manchester City – yangi davr, eski talablar
Enzo Maresca boshchiligidagi Manchester City uchun bu faqat uchinchi tur emas. Bu – post-Pep davrining ilk sinovlaridan biri, Etihaddagi yangi falsafa va eski odat: g‘alaba qilish majburiyati. Shahar klubi yakshanba emas, shanba tushdan keyin Frank Lampard olib kelayotgan Coventry Cityni kutib oladi. Qog‘ozda bu teng kurash emas. Ammo Premyer-ligada har bir xato ko‘rinadi, har bir sustlik jazolanadi.
Bu ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi rasmiy uchrashuvga chorak asrdan ko‘proq vaqt bo‘ldi. 2002-yil martida, hali Maine Roadda, Kevin Keegan davridagi City Championship jamoasi Coventryni 4:2 hisobida mag‘lub etgan, xolos. O‘sha paytda City ikkinchi pog‘onada edi. Bugun esa – mamlakatning hukmron kuchi, yangi murabbiy bilan ham o‘sha darajani saqlab qolishga urinayotgan gigant.
Maresca mashinasi tezda ishga tushdi
Manchester City yangi mavsumni odatdagidek shiddat bilan boshladi. Bournemouth va Crystal Palace ustidan qozonilgan g‘alabalar Maresca davrining ilk signalini berdi: uslub o‘zgargan, lekin natija talabi o‘sha-o‘sha.
Etihaddagi Bournemouthga qarshi o‘yinda City so‘nggi daqiqalargacha qiynaldi, lekin baribir 2:1 hisobida irodali g‘alabani tortib oldi. Keyingi turda esa, post-Pep davrining birinchi katta bayonoti keldi: Selhurst Parkda Crystal Palace 4:1 hisobida taslim etildi. Rayan Cherki va Erling Haaland — har biri dubl, himoyachilarni birin-ketin sindirgan juftlik.
Maresca o‘z falsafasini allaqachon maydonga tushirib bo‘ldi. Statistikalar buni yaqqol ko‘rsatib turibdi: City hozirgi mavsumda Premyer-ligada eng ko‘p muvaffaqiyatli pas amalga oshirgan jamoa — 1 315 ta. Ularning 94,6 foizi qisqa pas, bu butun ligadagi eng yuqori ko‘rsatkich. Uzatmalar aniqligi 90,9 foiz, yuqori bosim ostida ham 85,8 foiz darajada to‘pni yo‘qotmaslik — bu nafaqat nazorat, bu bo‘g‘ish.
Etihad hamon qal’a. O‘tgan mavsum boshidan beri City o‘z maydonida o‘tkazgan so‘nggi 20ta liga uchrashuvida atigi ikki marta yutqazgan (15 g‘alaba, 3 durang). Ustiga-ustak, so‘nggi besh mavsumning to‘rttasida klub uyidagi dastlabki ikki liga o‘yinini ham yutib kelgan.
Yangi ko‘tarilgan jamoalarga qarshi statistika esa yanada hayratlanarli: 2021-yil aprelida Marcelo Bielsa boshchiligidagi Leedsga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandan beri City yangi ko‘tarilgan raqiblarga qarshi 30 o‘yinda 27 g‘alaba va 3 durang, birorta mag‘lubiyat yo‘q. Faqat bitta kichik, qiziq detal: Marescaning o‘zi uchun so‘nggi “promoushen” jamoasiga qarshi o‘yini unchalik yoqimli xotira emas — 2025-yil dekabrida Chelsea bosh murabbiyi sifatida Leedsga 3:1 hisobida yutqazgan.
Coventry – chempionlikdan hushyorlik darslariga
Championship chempionligi, ko‘tarilish, shov-shuvli yoz, yangi umidlar. Coventry uchun yo‘l shunday boshlangan edi. Premyer-ligadagi qaytish esa hozircha sovuq haqiqatni eslatyapti.
Arsenalga qarshi birinchi turda uchta javobsiz gol. Keyin esa Hullga qarshi o‘z uyida 0:1. Ikki o‘yin, nol ochko, nol gol. Frank Lampard uchrashuvdan keyin “jiddiy saboqlar bor” deb tan oldi. Gap faqat natijada emas, o‘yinning o‘zida — ritm, ishonch, qarorlar sifati.
Lampard uchun bu statistik jihatdan ham og‘ir davr. U murabbiy sifatida so‘nggi 32ta Premyer-liga o‘yinidan atigi to‘rttasida g‘alaba qozongan (8 durang, 20 mag‘lubiyat). So‘nggi 19ta liga uchrashuvida esa bitta g‘alaba, 4 durang va 14 mag‘lubiyat. Jamoalari 18ta ketma-ket o‘yinda “quruq” o‘yin o‘tkaza olmagan — 37ta gol o‘tkazib yuborilgan. Uning bu darajadagi so‘nggi g‘alabasi hali Chelsea vaqtlariga borib taqaladi: 2023-yil mayida Bournemouth ustidan 3:1 hisobidagi zafar.
Tarix ham Coventry uchun xavotirli. Klub o‘z tarixida faqat to‘rt marta mavsumni uchta ketma-ket mag‘lubiyat bilan boshlagan: 1968-69-yil yuqori divizionda, 1919-20, 1949-50 va 2011-12-yillarda ikkinchi pog‘onada. Lekin hech qachon dastlabki uch turda gol ura olmagan holda yutqazishmagan. Etihaddagi o‘yin bu yoqimsiz “rekord”ga aylanishi mumkin bo‘lgan uchrashuv.
Shunga qaramay, Coventry kichik bir tasallini qo‘lida ushlab turibdi: ular Cityga qarshi so‘nggi sakkizta oliy divizion uchrashuvida mag‘lub bo‘lmagan (4 g‘alaba, 4 durang). O‘sha seriya 1992-93-yilgi ilk Premyer-liga mavsumidan keyin boshlangan, City o‘shanda uyda ham, safarda ham yutgan edi. Bugun esa tarix emas, hozirgi kuchlar muvozanati gapiradi.
Maresca uchun variantlar ko‘p
Manchester City tarkibida ayrim yo‘qotishlar bor, lekin chuqurlik bu klubda ko‘p narsani yopib ketadi. Jeremy Doku boldiridagi jarohati sabab safdan tashqarida qolmoqda. Matheus Nunes ham mushakdagi muammo tufayli shubha ostida, bu esa o‘ng qanot himoyasida Abdukodir Xusanov uchun yana bir imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Markaziy chiziqda e’tibor markazida bitta ism bor: Enzo Fernandez. 125 millionlik transfer nihoyat asosiy tarkibdagi ilk startini olishi ehtimoli katta. U bilan birga Elliot Anderson va Ayyoub Bouaddi ham o‘sha o‘rta chiziqdagi pozitsiyalar uchun kurashmoqda.
Deadline Dayda kelgan Iliman Ndiaye ham zaxirada emas, real variant. U chap yoki o‘ng qanotda o‘yinni boshlashi mumkin, lekin Maresca ayni damda Phil Foden va Antoine Semenyo juftligini buzmaslikni tanlashi ehtimoli yuqori.
Old chiziqda esa hammasi tushunarli. Rayan Cherki City safida boshlagan 20ta Premyer-liga uchrashuvida 15ta g‘alga bevosita hissa qo‘shgan — 5 gol va 10 golli uzatma. U Erling Haaland ortida erkinroq, ijodkor rolda harakat qilishi kutilmoqda. Haaland esa yangi ko‘tarilgan jamoalarga qarshi alohida “muntazam” ishlaydi: 20ta o‘yinda 19ta gol.
Coventry – tizim izlayotgan jamoa
Mehmonlar safida ham yo‘qotishlar kam emas. Haji Wright son jarohati sabab uzoq muddat safdan tashqarida. Frank Onyeka (son bo‘g‘imi) va Sidiki Cherif (jismoniy holat) Hullga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan, ularning ishtiroki bu safar ham so‘roq ostida.
Hullga qarshi o‘yinda kramp tufayli maydonni tark etgan Bobby Thomas o‘zini yaxshi his qilsa, markaziy himoyada yana boshlashi kerak bo‘ladi. Lampard Etihadda besh himoyachi bilan o‘ynashga qaror qilsa, Thomasga Aurele Amenda va Ethan Pinnock hamrohlik qilishi mumkin.
Markaziy yarim himoyada, Onyeka tayyor bo‘lmasa, Matt Grimes va Caleb Yirenkyiga Jack Rudoni yoki Victor Torpdan biri qo‘shilishi kutilmoqda. Old chiziqda esa Ephron Mason-Clark va Taiwo Awoniyi ikki hujumchi sifatida juftlik hosil qilishi ehtimoli yuqori — ayniqsa, Cityga qarshi tezkor qarshi hujumlar yagona real qurol bo‘lib ko‘rinayotgan bir paytda.
Kutilayotgan asosiy tarkiblar
Manchester City ehtimoliy tarkibi:
Donnarumma; Khusanov, Dias, Guehi, Gvardiol; Anderson, Bouaddi; Foden, Cherki, Semenyo; Haaland
Coventry City ehtimoliy tarkibi:
Rushworth; Van Ewijk, Thomas, Pinnock, Amenda, Dasilva; Yirenkyi, Grimes, Rudoni; Mason-Clark, Awoniyi
Natija: bosimga chidaydigan jamoa bormi?
Bu uchrashuvga ikkala klub ham mutlaqo turlicha kayfiyatda kirib keladi. City — ishonch, tizim va statistik ustunlik bilan. Coventry — savollar, bosim va tarixiy xavotir bilan.
Maresca jamoasi to‘pni nazorat qiladi, raqibni past blokka tiqib qo‘yadi va bo‘shliqlarni izlaydi. Coventry esa charchamasdan mudofaa qiladi, Haaland va Cherkini imkon qadar uzoqroq ushlab turishga urinadi. Lekin Cityning uyidagi ritm, Etihadning bosimi va hujum chizig‘ining sifati bu tengsizlikni yashira olmaydi.
Taxminiy hisob: Manchester City 4:1 Coventry City.
Savol bitta: bu kecha Etihadda Maresca falsafasining navbatdagi bayramiga aylanadimi yoki Lampard nihoyat Premyer-ligadagi qora seriyasini shu yerda to‘xtata oladimi?







