UZB sport

Manchester City Carlotta Wamser bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi

"Manchester City" yozgi transfer oynasidagi navbatdagi zarbasini berdi. Klub "Bayer Leverkusen" himoyachisi Carlotta Wamser bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi va chempionlikni himoya qilish arafasida qanot chizig‘ini sezilarli darajada kuchaytirdi.

22 yoshli Germaniya terma jamoasi futbolchisi chap va o‘ng qanot himoyasida birdek o‘ynay oladi. Uning universalligi ayni damda "City" uchun oltin qiymatida. Ayniqsa, jarohatlar ro‘yxati tobora cho‘zilib borayotgan bir paytda.

Wamser 2025-yil yozida "Eintracht Frankfurt"dan "Bayer Leverkusen"ga erkin agent sifatida qo‘shilgandi. Endi esa uning karerasi keskin burilish oldida: WSL chempioni safida, eng yuqori bosim ostida, eng yorqin sahnada.

Bu yozda "City" uchinchi transferini rasmiylashtirdi. Avvalroq himoyachi Niamh Charles "Chelsea"dan, hujumchi Beth Mead esa "Arsenal"dan kelgandi. Endi esa bu uchlikka Germaniya terma jamoasining istiqbolli qanot himoyachisi qo‘shildi.

Jamoa ichidagi vaziyat esa transferning naqadar zarur bo‘lganini ochiq ko‘rsatadi. Charles jarohatlanganlar ro‘yxatida. Uning yonida Grace Clinton, Vivianne Miedema, Jade Rose va Laura Wienroither ham bor. Shunday fon ostida Wamserning kelishi nafaqat raqobatni kuchaytiradi, balki murabbiy shtabiga taktik moslashuvchanlik ham beradi.

Oldinda turgan o'yin

Yakshanba kuni "City" chempionlikni himoya qilishni boshlaydi. Raqib – "Birmingham City", o‘yin esa Manchesterda. Mavsum oldidan bosim katta, talab yanada kattaroq. Shunday pallada yangi transferning kiyinish xonasiga kirib kelishi ruhiy fonni ham o‘zgartiradi.

Wamser Germaniya terma jamoasi safida 14 o‘yin o‘tkazgan. U nemis yoshlar tizimidan bosqichma-bosqich o‘tib, 2019-yilda 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan tarkibning bir qismi bo‘lgan. Yirik turnirlar bosimini erta his qilgan futbolchi endi Angliya chempionatining baland tempiga moslashishi kerak bo‘ladi.

U Manchesterga kelgan ilk kunlaridanoq o‘zini uyidagidek his qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu transfer karerasidagi navbatdagi bosqich, va aynan shu chaqiriq unga kerak edi. Angliya chempionati – u uchun eng yuqori sinov maydoni.

Klub sport direktori Therese Sjogran ham bu kelishuvdan mamnunligini yashirmadi. U Wamserni allaqachon uzoq vaqt kuzatib kelishganini, uning energiyasi, maydondagi ehtirosi va o‘sishga bo‘lgan chanqoqligi "City" falsafasiga juda mos tushishini ta’kidladi. Eng muhimi, yosh, ammo allaqachon xalqaro tajribaga ega futbolchining aynan Manchesterda keyingi qadamni tashlashni tanlagani klubda qurilayotgan loyihaning darajasini ko‘rsatib turibdi.

Endi savol bitta: Wamser yangi chempionatda qancha tez moslasha oladi va "City"ning mudofaa chizig‘ida qanchalik tezda yetakchi bo‘lib ulgura oladi? Javobni esa yaqin haftalarda, WSLning yuqori sur’atli, kechirim bilmaydigan ritmi ichida ko‘ramiz.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil