Madridda mudofaani kim boshqaradi?
Yangi mavsum oldidan Madridda bir savol: mudofaani kim boshqaradi?
Yozgi oynada olti nafar yangi futbolchini qo‘shib olgan Real Madrid yana bir bor diqqat markazida. Jose Mourinho qo‘l ostidagi jamoa allaqachon shakllanib bormoqda, lekin markaziy himoyada hal qilinishi kerak bo‘lgan katta masala turibdi.
Ibrahima Konate kelishi bilan raqobat keskinlashdi. Endi Dean Huijsen, Antonio Rudiger, Eder Militao va Konate bir pozitsiya uchun kurashadi. Hozircha esa bitta ism boshqalardan ajralib turibdi.
Huijsen – chap tomonda bir qadam oldinda
Marca xabariga ko‘ra, ayni paytda Mourinho rejasida chap markaziy himoyachi sifatida asosiy nomzod – Huijsen.
Buning mantiqiy tomoni bor. Real Madrid tarkibidagi markaziy himoyachilar orasida ikki oyoqda baravar o‘ynay oladigan, faqat o‘ng oyog‘iga tayanib qolmaydigan yagona futbolchi – aynan u. Bu murabbiyga orqa chiziqni to‘p bilan boshlashda, pressing ostidan chiqishda va chiziqlar orasida pozitsion ustunlik yaratishda katta qulaylik beradi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Teresa Herrera kubogi doirasidagi Deportivo La Coruna bilan o‘rtoqlik uchrashuvi ham bu ishonchni mustahkamladi. Mourinho qo‘l ostida ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushgan Huijsen himoyani sovuqqonlik bilan boshqardi, yettita muvaffaqiyatli himoyaviy harakat qayd etdi va birorta ham yakkama-yakka kurashda yutqazmadi.
Bunday o‘yin tasodif emas, balki signal. U hali ham Real Madridning uzoq yillik tayanch himoyachisiga aylanish salohiyatiga egaligini eslatib qo‘ydi.
To‘rtinchi raqamning og‘irligi
Huijsenning jamoa ichidagi o‘rni nafaqat maydonda, balki kiyim almashtirish xonasida ham o‘sib bormoqda. David Alaba ketganidan so‘ng u Real Madrid tarixidagi eng og‘ir raqamlardan birini tanladi – 4-raqamni.
Bu klubda bu raqam shunchaki forma orqasidagi son emas. Sergio Ramos, Fernando Hierro kabi afsonalar bu raqamni yillar davomida himoya qilgan. Ularning merosi Bernabeuda hanuz sezilib turadi.
Huijsen bu mas’uliyatdan qochmadi, aksincha uni quchoq ochib qabul qildi. Bolaligida Sergio Ramosni o‘ziga butun deb bilganini ochiq aytgan futbolchi endi o‘sha yo‘lni o‘zi bosib o‘tishga urinmoqda. Raqamni tanlash – shunchaki romantika emas, bu o‘ziga bo‘lgan talab darajasini oshirish, “men bu rolga tayyorman” degan ichki bayonot.
Endi savol bitta: u Real Madrid mudofaasining haqiqiy yetakchisiga aylanish bosimini ko‘tara oladimi?
Eng katta raqib – o‘z tanasi
Huijsen uchun hozirgi paytda asosiy raqobatchi Rudiger yoki Militao emas. Uning eng katta muammosi – sog‘lig‘i.
O‘tgan mavsumdagi jarohatlar ritmni sindirdi, barqarorlikni buzdi va eng achinarlisi, uni Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionati tarkibidan ham chetda qoldirdi. Bu darajadagi futbolchi uchun bunday zarba nafaqat jismoniy, balki ruhiy sinov ham bo‘ladi.
O‘tgan haftaning katta qismini u yana yakka tartibda mashg‘ulot o‘tkazib, noqulaylik sababli umumiy guruhdan chetda qoldi. Bu holat bir narsani yaqqol ko‘rsatadi: jismoniy holat – uning loyihasidagi eng nozik nuqta.
Mourinho uchun esa vazifa aniq. U yangi mavsumni boshlash arafasida Huijsenning iste’dodi va to‘liq shaklga kelmagan tanasi o‘rtasida muvozanat topishi kerak. Agar murabbiy bu riskni to‘g‘ri boshqara olsa, Real Madrid chap markazda yillar davomida o‘ylamasdan yozib qo‘yiladigan ismga ega bo‘ladi.
Agar bo‘lmasa, 4-raqam yana navbatdagi merosxo‘rini kutib qoladimi? Bernabeu javobni tez orada ko‘radi.







