Lucas Bergvall “Tottenham” bilan yangi shartnoma imzoladi
“Tottenham” o‘zining eng istiqbolli yosh futbolchilaridan birini qo‘ldan chiqarmadi. Lucas Bergvall klub bilan yangi shartnoma imzolab, kelajagini yana “Spurs” bilan bog‘ladi.
Atigi 20 yosh. Ammo allaqachon 80 ta rasmiy o‘yin, barcha musobaqalar bo‘yicha. Shunga qo‘shimcha, Shvetsiya terma jamoasi safida 14 ta o‘yin va yozgi Jahon chempionati tajribasi. Bunday raqamlar odatda tajribali futbolchilarga tegishli bo‘ladi, lekin Bergvall allaqachon bu bosqichga yetib kelgan.
Yozgi transfer oynasi davomida uning atrofida shov-shuv yetarli edi. Lucas Bergvall nomi bilan Nottingham Forest va Newcastle jiddiy bog‘landi, uning kelajagi borasida savollar ko‘paydi. Ammo yakunda hammasi bir imzo bilan tugadi: u qolishni tanladi.
Bergvallning o‘zi bu qarorni sodda, lekin aniq so‘zlar bilan tushuntirdi: u bu jamoada jarayonni ko‘ryapti, faqat bugungi kunni emas, ertani ham his qilyapti.
“Bu yerda biz katta narsa qurayapmiz. Klub uchun juda hayajonli davr, shuning uchun shartnomamni uzaytirganimdan xursandman”, – dedi u.
U shaxsiy maqsadini ham yashirmadi – u endi raqamlar bilan gapirmoqchi.
“Shaxsan mening maqsadim – jamoa uchun ko‘proq ish qilish: o‘yin, gollar, golli uzatmalar. Imkon qadar ko‘proq yordam bermoqchiman. Mashg‘ulotlarda har kuni yaxshilanayapman va oldimizda juda yaxshi mavsum kutib turganiga ishonaman.”
De Zerbi ishonchi: “Unning eng yaxshi futboli hali oldinda”
Spurs bosh murabbiyi Roberto De Zerbi ham bu imzoni oddiy yangilik sifatida qabul qilmadi. Uning nazarida, Bergvall hali o‘z chegarasiga yaqinlashgani yo‘q.
“Har kuni mashg‘ulotlarda Lucasning o‘rganishga, yaxshilanishga va o‘zini eng yuqori darajaga olib chiqishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rasiz”, – dedi De Zerbi.
Murabbiy uni faqat texnik yoki taktika bo‘yicha emas, xarakteri bilan ham ajratib ko‘rsatdi.
“Lucas jasur. U mas’uliyatni xohlaydi va katta lahzalarda o‘ynash uchun zarur bo‘lgan xarakterga ega. Menimcha, uning eng yaxshi futboli hali oldinda, biz esa unga o‘z salohiyatini to‘liq ochish uchun zarur maydonchani berishni xohlaymiz.”
Shu bilan “Tottenham” yozgi mish-mishlarga aniq nuqta qo‘ydi. Endi Bergvall atrofidagi gap-so‘zlar emas, maydondagi o‘yini bilan kun tartibiga chiqishi kerak bo‘ladi. Klub esa undan aynan shuni kutyapti.







